Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“MEVASABZAVOTBANK” IXTISOSLAShTIRILGAN AKSIONERLIK-TIJORAT BANKINI QOʻShIB YuBORISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari bilan savdo tashkilotlari oʻrtasida samarali moliya tizimini yaratish, boshqaruv xarajatlarini qisqartirish hamda tijorat banklari faoliyatini keng rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Mevasabzavotbank” va “Oʻzsavdogarbank” aksiyadorlarining “Mevasabzavotbank”ni “Oʻzsavdogarbank”ka qoʻshib yuborish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Mevasabzavotbank” qoʻshib yuborilishi munosabati bilan uning barcha aktivlarini va majburiyatlarini “Oʻzsavdogarbank” oʻz zimmasiga oladi.
2. “Mevasabzavotbank” “Oʻzsavdogarbank”ka qoʻshib yuborilgandan keyin:
“Oʻzsavdogarbank”ning eʼlon qilingan ustav fondi 1,5 mlrd soʻmni tashkil etishi;
“Oʻzsavdogarbank” aksiyadorlarining ustav fondidagi ulushi 811 mln soʻmni tashkil etishi;
689 mln soʻm miqdoridagi aksiyalar (eʼlon qilingan aksiyalar) erkin sotilishi;
“Oʻzsavdogarbank” ikki oy muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank ustaviga tegishli oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish hamda uni aksiyadorlar yigʻilishi tasdiqlagandan keyin roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etishi, shuningdek “Mevasabzavotbank” aksiyalarini qonun hujjatlariga muvofiq “Oʻzsavdogarbank” aksiyalariga ular oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida almashtirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzsavdogarbank”ka:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalariga va savdo tashkilotlariga keng bank xizmatlari koʻrsatish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, shuningdek xalq isteʼmoli tovarlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi kichik va oʻrta biznes korxonalariga, xususiy tadbirkorlarga kredit ajratish imkoniyatlarini kengaytirish;
aholini jalb qiluvchi omonatlar va depozitlarni joriy etish yoʻli bilan aholining, tadbirkorlarning boʻsh mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Mevasabzavotbank” ixtisoslashtirilgan aksionerlik-tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 18-avgustdagi 426-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning oʻrinbosarlari M.Z. Usmonov va B.S. Hamidov, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 13-yanvar,
12-son