Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XORIJIY INVESTITSIYaLAR JALB ETILIShINI AXBOROTLAR BILAN TAʼMINLAShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy davlatlarning ishbilarmon doiralarini, xalqaro moliya-iqtisodiyot institutlarini hamda chet mamlakatlar banklarini Oʻzbekistondagi investitsiya muhiti va xorijiy investorlar uchun imtiyozlar toʻgʻrisida keng xabardor qilish, ularni zarur maʼlumotnoma materiallari bilan taʼminlash, shuningdek ushbu sohada toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tuzilmasida xorijiy investitsiyalar jalb etilishini axborotlar bilan taʼminlash boʻyicha, Markaziy apparat xodimlarining tasdiqlangan cheklangan soni doirasida, xodimlari soni 3 kishidan iborat boʻlgan maxsus guruhlar tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini axborotlar bilan taʼminlash boʻyicha guruhlarning asosiy vazifalari va funksiyalari etib belgilansin:
xorijiy investorlar uchun qulay investitsiya muhiti yaratuvchi huquqiy shart-sharoitlar, kafolatlar va imtiyozlar belgilovchi qonunchilik-normativ baza toʻgʻrisidagi, amalga oshirilayotgan va amalga oshirish moʻljallanayotgan investitsiya loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini shakllantirish;
xorijiy investorlarni zarur maʼlumotnoma-axborot materiallari va tahliliy materiallar bilan taʼminlash;
xorijiy investorlar uchun Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb etish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi koʻrsatib oʻtilgan axborotlarning asosiy chet tillarga tarjima qilinishini tashkil etish;
Oʻzbekistondagi investitsiya muhiti toʻgʻrisidagi va amalga oshirilishida xorijiy investorlar ishtirok etishlari mumkin boʻlgan loyihalar haqidagi axborotlarni chet mamlakatlarda ommalashtirish yuzasidan xalqaro axborot agentliklari bilan yaqin aloqalar oʻrnatish;
respublikaning investitsiya imkoniyatlari toʻgʻrisidagi axborotlarni “Internet” xalqaro kompyuter tarmogʻi orqali ommalashtirish;
imkoniyati boʻlgan xorijiy sheriklarni jalb etgan holda investitsiya faoliyatining aniq sohalari va yoʻnalishlari boʻyicha biznes-seminarlar tashkil qilish;
xorijiy investorlarni axborotlar bilan taʼminlash tartibi va amaliyotini takomillashtirish, ularni respublika iqtisodiyotiga yanada kengroq jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan takliflar tayyorlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi axborotlar bilan taʼminlash guruhlarini chet tillarni hamda kompyuter texnikasini va telekommunikatsiya aloqa vositalarini biladigan yuqori malakali mutaxassislar bilan bir oy muddatda butlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 6-yanvar,
3-son