Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Hukumat aloqasi sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga boʻlgan intilishga amal qilib,
Tomonlarning davlatlararo hukumat aloqasini saqlash va rivojlantirishdagi manfaatdorliklarini hisobga olib,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina oʻrtasida tuzilgan shartnoma va bitimlarni hisobga olib,
bir-birlariga nisbatan oʻzaro ishonch va hurmat asos boʻlib hisoblanadigan munosabatlarni aniq belgilash muhimligi zaruratidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyida koʻrsatilgan atamalar:
“Vakolatli tashkilotlar” — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aloqasi xizmati va Ukraina xavfsizlik xizmatini;
“hukumat aloqasi” — shifrlangan telefon va hujjat aloqasini;
“davlatlararo hukumat aloqasi” — Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina hukumat aloqasi abonentlari oʻrtasida maxfiy axborotlar bilan almashish uchun moʻljallangan hukumat aloqasi tizimini;
“shifrlash vositalari” — qoʻl shifrlari, shifrlash va maxfiylashtiradigan apparatura, maxfiy ehtiyot mol-mulk va ularga tegishli jihozlar, meʼyoriy hamda texnik hujjatlar, shifr kalitlar va ularni tayyorlash uchun apparaturalarni anglatadi.
2-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina hukumat aloqasi abonentlari oʻrtasida maxfiy axborotlar almashish uchun moʻljallangan doimiy ishlovchi davlatlararo hukumat aloqasini tashkil etadilar.
Tomonlar davlatlararo hukumat aloqasini tashkil etish, texnik jihatdan foydalanish va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha teng huquqlarga ega boʻladilar.
Davlatlararo hukumat aloqasini tashkil etish, texnik jihatdan foydalanish, uning xavfsiz va uzluksiz ishlashini taʼminlash masalalari Vakolatli tashkilotlar tomonidan hal etiladi.
3-modda
Bir Tomon davlatining yuqori mansabdor shaxslari boshqa Tomon davlati hududida vaqtincha boʻlganlarida ular uchun hukumat aloqasi Vakolatli tashkilotlar bilan kelishib olingan hajmda va tartibda beriladi.
Aloqa kanallari va abonentlik liniyalarini tashkil etish, shuningdek buning uchun zarur boʻlgan hukumat aloqasi vositalarini montaj qilish manfaatdor Tomonning hisobidan amalga oshiriladi.
4-modda
Tomonlardan har biri, oʻzaro kelishuvga koʻra, oʻz davlati hududida boshqa Tomon davlatining mansabdor shaxslari uchun hukumat aloqasini, agar ular tegishli hukumatlararo bitimlar bilan kelishib olingan boʻlsa Elektr aloqalari xalqaro ittifoqi Ustavining 41-moddasiga muvofiq uning davlatida amalda boʻlgan tartib va shartlarda taqdim etadi.
Hukumat aloqasi taqdim etilishi uchun haq manfaatdor Tomonning Vakolatli tashkiloti tomonidan toʻlanadi.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina oʻrtasidagi davlatlararo hukumat aloqasini tashkil etish, ishga tushirish, texnik jihatdan foydalanish va uni yanada takomillashtirishga oid sarf-xarajatlar har bir davlat hududi doirasida Tomonlarning har biri tarafidan mustaqil ravishda toʻlanadi.
6-modda
Tomonlar Vakolatli tashkilotlar zimmasiga oʻzaro foydali shartlarda:
davlatlararo hukumat aloqasi uchun aloqaning yangi tizimlari va vositalari, shuningdek alohida hujjatlar bilan belgilangan Vakolatli tashkilotlar bilan kelishib olingan tartibga muvofiq hukumat aloqasining milliy tarmoqlari ishlanmalari hamda ularni ishlab chiqarish sohasida ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik ishlari olib borishni;
hukumat aloqasi vositalari ishlab chiqarish sohasida oʻzaro hamkorlik qilishni;
axborotlarni kriptografik himoyalash va ularni texnik kanallar boʻyicha oʻtib ketishdan himoyalash sohasidagi masalalarni hal qilish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishni;
Vakolatli tashkilotlar kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuklaydilar.
7-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina oʻrtasida davlatlararo hukumat aloqasini, shuningdek ikkala Tomon davlatlarining qonunchiligi va eksport nazorati tartibotiga muvofiq hamda xalqaro majburiyatlarga rioya qilgan holda hukumat aloqasining milliy tarmoqlarini tashkil etish va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan shifrlash vositalarini, texnika va aloqa vositalarini, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni kelishib olingan hajmlarda yetkazib berish majburiyatini oladilar.
8-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina oʻrtasida shifrlash vositalarini, texnika va aloqa vositalari, butlovchi buyumlar hamda ehtiyot qismlarni oʻzaro yetkazib berish, shuningdek tuzatishlarni tashkil etish va maxsus maqsaddagi xizmatlarni koʻrsatish tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Tomonlar Vakolatli tashkilotlar zimmasiga oʻzaro kelishilgan shartlarda, oʻzlarining harbiy vakolatxonalari orqali, tegishli korxonalarda shifrlovchi vositalar, texnika va aloqa vositalari, butlovchi buyumlar hamda ehtiyot qismlarning ishlanmalarini, ularni tayyorlash, yetkazib berish va ulardan foydalanishni harbiy jihatdan nazorat qilish vazifasini yuklaydilar.
10-modda
Tomonlar ushbu Bitimdan kelib chiqadigan masalalarni amalga oshirish yuzasidan Vakolatli tashkilotlarning birgalikda harakat qilishlarida rus tili ishchi tili deb hisoblanishini belgilab qoʻyadilar.
11-modda
Tomonlar Vakolatli tashkilotlar zimmasiga ushbu Bitimdan kelib chiqadigan masalalarni hal etish maqsadida muzokaralar olib borish vazifasini yuklaydilar.
12-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlikni hisobga olib, Toshkent va Kiyev oʻrtasida yuqori darajada maxfiy telefon muzokaralarini olib borish uchun moʻljallangan doimiy ishlovchi aloqani yoʻlga qoʻyadilar.
13-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
Ushbu Bitim oʻn yil muddatga tuziladi va uni kuchga kiritish uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi marta yozma bildirishnoma olingan sanadan boshlab u kuchga kiradi.
Agar Tomonlardan hech biri ushbu Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatini ikkinchi Tomonga yozma bildirishnoma yuborish yoʻli bilan aytmasa, Bitim oʻz-oʻzidan keyingi oʻn yilliklar davriga uzaytirilaveradi. Bunday hollarda Bitimning amalda boʻlishi yozma holda bildirishnoma olingan kundan boshlab olti oy oʻtgandan soʻng toʻxtatiladi.
Toshkent shahrida 1998-yil 16-yanvarda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)