Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat xalqlari oʻrtasidagi anʼanaviy munosabatlarni hisobga olib,
sogʻliqni saqlash sohasida oʻzaro foydali va teng huquqli hamkorlikdagi Tomonlarning manfaatdorligini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar sogʻliqni saqlash va tibbiy sanoat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantiradilar:
boshlangʻich va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
ona va bola salomatligini muhofaza qilish;
tibbiy profilaktika va atrof-muhitni muhofaza qilish;
farmatsevtika va tibbiy texnika;
favqulodda vaziyatlarning tibbiy-sanitariya oqibatlari oldini olish va ularni tugatish;
tezkor axborot bilan almashish;
Tomonlar hududlarida oʻta xavfli infeksiyalar paydo boʻlishi ustidan epidemiologiya nazoratini olib borish.
3-modda
Tomonlar oʻtkir holatlarda tibbiy yordamni pulsiz, rejali kasallar uchun esa tijorat asosida koʻrsatishni amalga oshiradilar.
4-modda
Tomonlardan har biri sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot organlari va muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni tashkil etish, shuningdek, mutaxassislar almashish, anjumanlar, simpoziumlar va seminarlar oʻtkazishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
5-modda
Tomonlar dori-darmon vositalari, tibbiy asbob-uskuna va texnikalar ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalarni tashkil etishda koʻmaklashadilar.
6-modda
Favqulodda vaziyatlarda Tomonlar shoshilinch davolash-konsultativ yordamni tekinga koʻrsatadilar.
7-modda
Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikning aniq shakli va shartlari Tomonlarning tegishli davlat boshqaruvi organlari oʻrtasida alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
8-modda
Tomonlar, zarur boʻlganda, ushbu Bitimni amalga oshirish va birgalikda harakat qilishga oid tavsiyalarni tayyorlash uchun qoʻshma komissiya tuzishlari mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tadbirlarning bajarilgani toʻgʻrisida yozma xabarnomalar bilan oxirgi almashgan kundan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Uning amalda boʻlishi, agar Tomonlardan biri Bitimni bekor deb eʼlon qilish haqidagi oʻz niyatini ushbu Bitimning navbatdagi muddati tamom boʻlishiga qadar kamida olti oy oldin boshqa Tomonni yozma holda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatga uzaytirilaveradi.
Toshkent shahrida 1997-yil 24-mayda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan holda Tomonlar rus tilidagi matnni asos qilib oladilar.
(imzolar)