Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasida tarixan shakllangan munosabatlarni eʼtiborga olib,
iqtisodiy va savdo munosabatlaridagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, mahsulotlarning oʻzaro mosligini, oʻzaro bir-birini almashtirishini taʼminlash, ularning odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfsizligini, atrof muhit muhofazasini taʼminlash maqsadida,
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilib, bunda xalqaro tashkilotlar tomonidan ushbu sohada qabul qilingan prinsiplar va normalardan kelib chiqib,
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hukumatlari boshliqlari tomonidan 1992-yil 13-martda imzolangan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kelishilgan siyosatni oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar, jumladan standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish milliy tizimlarini ushbu sohada xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan tizimlar bilan uygʻunlashtiradilar.
2-modda
Tomonlar, zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi davlat standartlari Moldova Respublikasi hududida va tegishli ravishda, Moldova Respublikasi davlat standartlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida, ushbu standartlarning talablari Tomonlar davlatlarining amaldagi qonunchiligiga zid boʻlmasligi sharti asosida, qoʻllanilishiga koʻmaklashadilar.
Tomonlar, zarurat boʻlganda, standartlar va boshqa normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash masalalari boʻyicha bir-birlariga tashkiliy, metodik va amaliy yordam koʻrsatadilar.
3-modda
Tomonlar sertifikatlashtirish organlarini, sinov laboratoriyalari (markazlari)ni, sinov va sertifikatlashtirish natijalarini, oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlarga sertifikatlarni va muvofiqlik belgilarini oʻzaro tan oladilar.
Tomonlar milliy tizimlarda akkreditatsiya etish moʻljallanayotgan sertifikatlashtirish boʻyicha organlar, sinov laboratoriyalari, akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar roʻyxati toʻgʻrisidagi axborotni muntazam ayirboshlaydilar hamda ularni akkreditatsiya qilishda qatnashishlari mumkin.
4-modda
Tomonlar:
modda va materiallarning tarkibi va xossalarining standart namunalarini, buyumlar va moddalarning fizik konstantlari va xossalari toʻgʻrisidagi standart maʼlumotlarni, sinovlar va turlarni tasdiqlash, metrologik attestatsiyalar, oʻlchov vositalarini tekshirish va kalibrlashning davlatlarda tasdiqlangan kattalik birliklari davlat etalonlarini oʻzaro tan oladilar;
davlatlarda akkreditatsiya qilingan sinov, tekshirish, kalibrlash va oʻlchash laboratoriyalari (markazlari)ni, sertifikatsiyalash organlarini, sertifikatlarni va oʻzaro yetkazib beriladigan oʻlchov vositalariga muvofiqlik belgilari natijalarini tan oladilar.
5-modda
Quyidagilar ushbu Bitimni amalga oshirish uchun vakolatli organlar hisoblanadilar: Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi (“Oʻzdavstandart”), Moldova Respublikasida - Moldova Respublikasi standartlar, metrologiya va texnik nazorat departamenti (“Moldovastandart”).
6-modda
Tomonlar kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishda, mutaxassislar ayirboshlashda, shuningdek, normativ-texnik hujjatlar tayyorlash boʻyicha, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida korxonalar, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatilishiga koʻmaklashadilar hamda ushbu oʻzaro hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
7-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha turli xalqaro tashkilotlarda hamkorlik qiladilar, Tomonlardan biri aʼzosi hisoblanadigan xalqaro tashkilotlarda qatnashish yoki ularga aʼzo boʻlishda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar oʻzlari aʼzosi boʻlgan xalqaro standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tashkilotlaridagi ishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qilib turadilar, belgilangan tartibda soʻrovlar boʻyicha xalqaro standartlar matnlari bilan oʻzaro taʼminlaydilar.
Tomonlar xalqaro sertifikatlashtirish tizimlarida mustaqil ravishda qatnashadilar. Ushbu Bitim Tomonlarning xalqaro sertifikatlashtirish tizimlari qoidalaridan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Tomonlar, agar ularning maxfiy tusdaligidan Tomonlardan biri xabardor qilingan boʻlsa, olingan hujjatning va ushbu Bitim doirasida amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisidagi axborotning hamda erishilgan ilmiy-texnik natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar.
Hamkorlik davomida Tomonlardan biri tomonidan olinadigan ilmiy-texnik axborot ushbu axborotni bergan Tomonning roziligi bilangina uchinchi tomonga berilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim qoidalari, zarurat boʻlganda, Oʻzdavstandart va Moldovastandart oʻrtasida tuziladigan qoʻshimcha bitimlar va (yoki) protokollar bilan aniqlashtiriladi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida ilgari tuzishgan shartnomalardan kelib chiquvchi majburiyatlarga daxl qilmaydi.
Ushbu Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha nizolar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
11-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Agar Tomonlardan biri uni bekor qilish toʻgʻrisidagi oʻz niyatidan boshqa Tomonni ushbu Bitimning navbatdagi amalda boʻlish muddati tugashidan kechi bilan olti oy oldin yozma ravishda xabardor qilmasa Bitimning amalda boʻlishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 1997-yil 24-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan holda Tomonlar rus tilidagi matnni asos qilib oladilar.
(imzolar)