Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishning asosiy prinsiplari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ishlab chiqarish, investitsiya, tijorat va moliya-kredit faoliyati sohasida oʻzaro aloqalarning zamonaviy shakllaridan foydalanishga muhim ahamiyat berib,
ikkala davlat manfaatlari yoʻlida iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish zarurligidan kelib chiqib,
sanoat ishlab chiqarishini barqarorlashtirish va yuksaltirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, investitsiya sohasidagi faollikni oshirish hamda ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlaridan samaraliroq foydalanish maqsadida,
ikkala davlat korxonalari va tashkilotlari oʻrtasidagi xoʻjalik, ilmiy-texnik hamda ishlab chiqarish-texnologik aloqalarni saqlash va ularni yangi asoslarda amalga oshirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Moldova Respublikasi xoʻjalik subyektlari bazasida moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishda koʻmaklashadilar.
Tomonlar moliya-sanoat guruhi deganda ishlab chiqarish faoliyatini birgalikda yuritish, ilmiy-texnologik va kooperatsiya aloqalarini qaror toptirish va rivojlantirish, foyda olish, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida ishtirokchilarning sarmoyalarini birlashtirish asosida tashkil etilgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, kredit-moliya muassasalari va investitsiya muassasalari guruhini tushunadilar.
2-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlari xoʻjalik subyektlari tomonidan muassislarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ixtiyoriylik tartibida, ikkala davlatdagi monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga muvofiq, shuningdek hukumatlararo bitimlar asosida tashkil etilishiga rozilik bildirdilar.
3-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini ixtiyoriy tartibda shakllantirish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirilishini belgilaydilar:
guruhlar qatnashchilari tomonidan aksionerlik jamiyati taʼsis etish;
guruhlar qatnashchilari tomonidan guruh tarkibiga kiruvchi korxonalar va moliya-kredit muassasalarining oʻzlariga tegishli boʻlgan aksiyalar paketlarini guruh qatnashchilaridan biriga (bosh korxonaga) ishonchli boshqarish uchun berish;
guruh qatnashchilaridan biri tomonidan boshqa korxonalar, shuningdek guruh qatnashchisi boʻlayotgan muassasa va tashkilotlar aksiyalar paketlarini sotib olish.
4-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini ixtiyoriy tartibda tashkil etishda hududida guruhlar roʻyxatga olinadigan davlatning amaldagi milliy qonunchiligida belgilangan cheklashlarga rioya qiladilar.
5-modda
Tomonlar hukumatlararo bitimlar asosida moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishda guruhlar roʻyxatga olinadigan davlat hududida davlatning vakolatli tashkilotlari shu guruhni tashkil etish loyihasini ekspertizadan oʻtkazishni ushbu davlatning milliy qonunchiligida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshirishidan kelib chiqadilar.
6-modda.
Tomonlar moliya-sanoat guruhini tashkil etish loyihasini tayyorlash va uni ekspertizadan oʻtkazish maqsadida guruh qatnashchilari — xoʻjalik subyektlari toʻgʻrisidagi zarur axborotni olishda koʻmaklashadilar.
7-modda.
Moliya-sanoat guruhini hukumatlararo bitim asosida tashkil etishda oʻzbekistonlik va moldovalik qatnashchilar tarkibi, qatnashish shakllari, sarmoyalarni birlashtirish mexanizmlarini Tomonlardan har biri oʻz davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq belgilaydi.
8-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini roʻyxatdan oʻtkazish taʼsis hujjatlariga muvofiq hududida guruhning bosh korxonasi joylashadigan davlat vakolatli organlari tomonidan shu davlat qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilishiga kelishib oldilar.
9-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishni va ularning faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida, zarurat boʻlganda, oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq davlat kafolatlari va imtiyozlar beradilar.
10-modda
Tomonlar paxtani qayta ishlash, gaz qazib chiqarish, kimyo, yengil sanoat, mebel, elektrtexnika, elektron va neftni qayta ishlash sanoati, energetika, agrar sektor uchun mashinasozlik, transport va aloqa, agrosanoat kompleksi, ilmiy va loyiha-qidiruv ishlarida, tabiatdan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilishni moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishning ustuvor yoʻnalishlari deb hisoblaydilar.
11-modda
Tomonlar tegishli organlarga Tomonlardan har birining davlati hududida moliya-sanoat guruhlarini tashkil etish masalalariga oid qabul qilinayotgan normativ hujjatlar toʻgʻrisida muntazam axborot almashishni amalga oshirishni topshiradilar.
12-modda
Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Agar Tomonlardan biri uni bekor qilish toʻgʻrisidagi oʻz niyatidan boshqa Tomonni ushbu Bitimning navbatdagi amalda boʻlish muddati tutashidan kechi bilan oʻn ikki oy oldin yozma ravishda xabardor qilmasa Bitimning amalda boʻlishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 1997-yil 24-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnni asos sifatida oladilar.
(imzolar)