Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Soliq qonunlariga rioya etish masalalari boʻyicha hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar, soliq qonunlariga rioya etish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlik va oʻzaro yordamning muhimligidan kelib chiqib, hamda shu maqsadda bir-biriga imkoni boricha keng koʻmaklashishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Atamalarni aniqlash
Atamalarni aniqlash
Ushbu Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
“soliq qonunlari” — soliqlarning turlarini va mazkur Tomonning davlati hududida ularni undirish tartibini belgilovchi hamda soliq majburiyatlarining paydo boʻlishi, oʻzgarishi va toʻxtatilishi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ aktlar majmuasi;
“soliq qonunlarini buzish” — soliq toʻlovchi tomonidan budjet oldidagi majburiyatlar bajarilmasligida yoxud zarur darajada bajarilmasligida ifodalangan buning uchun Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq yuridik javobgarlik belgilangan huquqqa zid harakat yoki harakatsizlik;
“vakolatli organlar”:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi;
Moldova Respublikasiga nisbatan — Moldova Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bosh soliq inspeksiyasi yoki uning vakolatli vakili;
“soʻrayotgan vakolatli organ” — Tomonning soliq masalalari boʻyicha koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov (bundan keyin “koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov” deb ataladi) beruvchi vakolatli organi;
“soʻralayotgan vakolatli organ” — Tomonning koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov oluvchi vakolatli organi.
Vakolatli organlarning nomi oʻzgargan holda Tomonlar bu haqda yozma ravishda diplomatik kanallar orqali bir-birlarini zudlik bilan xabardor qiladilar.
2-modda
Bitim qoʻllaniladigan soha
Bitim qoʻllaniladigan soha
Tomonlar vakolatli organlar orqali soliq qonunlarining zarur darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida
koʻmaklashish toʻgʻrisidagi Tomonlarning soʻrovi boʻyicha yoki tashabbus koʻrsatish tartibida soliq toʻlovchilar tomonidan soliq qonunlariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishda;
milliy soliq tizimlari va soliq qonunlarining joriy oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishda;
soliq organlari ishini taʼminlovchi kompyuter tizimlarini yaratish va ishlashida;
soliq toʻlovchilar va soliq organlari bilan ishlarni tashkil etish, shu jumladan soliq qonunlariga rioya etish ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda;
soliq qonunlarini buzishning oldini olish va bartaraf etishda;
kadrlarni tayyorlash sohasida tajriba almashishda;
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan va Tomonlar faoliyatining samaradorligini oshirishga koʻmaklasha oladigan boshqa masalalar boʻyicha bir-birlariga oʻzaro koʻmaklashadilar.
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar oʻrtasida tuzilgan boshqa bitimlarga muvofiq vakolatli organlarning hamkorligiga toʻsqinlik qilmaydi.
3-modda
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning shakli va mazmuni
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning shakli va mazmuni
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma koʻrinishda va uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan hujjatlar ilova qilingan holda yuboriladi. Favqulodda vaziyatda koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov keyinchalik imkoni boricha qisqa muddatlarda albatta yozma shaklda tasdiqlangan holda ogʻzaki shaklda berilishi mumkin.
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
soʻrayotgan vakolatli organning nomi;
soʻralayotgan vakolatli organning nomi;
unga nisbatan soʻrov berilayotgan soliq toʻlovchining rekvizitlari;
soʻrov mohiyatining va u bilan bogʻliq yuridik holatlarning qisqacha bayoni, koʻrib chiqilayotgan davr va soliqlarning aniq turlari koʻrsatilgan holda;
uni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Soʻrov rus tilida berilishi kerak.
Tomonlarning soʻralayotgan vakolatli organi tegishli asos boʻlganida olingan koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha qoʻshimcha axborotni talab qilishga haqlidir.
4-modda
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish tartibi
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish tartibi
Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimga va milliy qonunlarga muvofiq bir-birlariga koʻmaklashdilar.
Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga zid boʻlsa, uning bajarilishi rad etilishi mumkin.
Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov soʻralayotgan vakolatli organ tomonidan bajarilishi mumkin boʻlmasa, u soʻrov tushgan kundan boshlab bir oy davomida bu haqda koʻmaklashishni rad etishning sabablari koʻrsatilgan holda soʻrayotgan vakolatli organni yozma ravishda xabardor qiladi.
Soʻralayotgan Tomon oʻz davlati hududida koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi.
5-modda
Taqdim etiladigan axborotning mazmuni
Taqdim etiladigan axborotning mazmuni
Tomonlarning vakolatli organlari koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha quyidagilarga nisbatan bir-birlariga axborotni taqdim etadilar:
korxonalar, ularning filiallari va vakolatxonalarining roʻyxatdan oʻtkazilishi, jumladan ularning joylashgan yeri, boʻysunishi, mulkchilik shakli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, bank rekvizitlari va boshqalar;
Tomonlar davlatlarining milliy qonunlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda soliq toʻlovchilar tomonidan davlat va tijorat banklarida hisoblar ochilishi, shuningdek ularda pul mablagʻlarining mavjudligi va harakati;
Tomonlardan birining davlati hududida olingan soliq toʻlovchilarning daromadlari va soliq solish obyektlarining barcha turlari, soliqlarning toʻlangan summalari, yoxud soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa axborot.
6-modda
Hujjatlar va boshqa materiallarning taqdim etilishi
Hujjatlar va boshqa materiallarning taqdim etilishi
Soʻralayotgan vakolatli organ koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha normativ aktlarni, hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini va koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa materiallarni taqdim etadi.
Hujjatlarning va boshqa materiallarning asl nusxalari tasdiqlangan nusxalar tergab-tekshirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda talab qilinishi mumkin. Hujjatlarning va boshqa materiallarning berilayotgan asl nusxalari kelishilgan muddatlarda qaytarilishi kerak.
Materiallar kompyuterlashtirilgan axborot koʻrinishida bu materiallarni talqin qilish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha axborot qoʻshimcha ravishda berilgan holda taqdim etilishi mumkin.
7-modda
Axborotni berish tartibi
Axborotni berish tartibi
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovlar, materiallar va boshqa axborot Tomonlar vakolatli organlarining kelishuvi boʻyicha belgilanadigan tartibda beriladi.
Koʻmaklashish Tomonlar vakolatli organlarining rahbarlari tomonidan belgilanadigan rasmiy mansabdor shaxslarning toʻgʻridan toʻgʻri aloqalari doirasida amalga oshiriladi.
8-modda
Maxfiylikka rioya qilish
Maxfiylikka rioya qilish
Muayyan soliq toʻlovchilarga tegishli axborot maxfiy hisoblanadi va Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq himoya rejimi bilan taʼminlanadi.
Olingan axborotdan Tomonlar faqat ushbu Bitimda koʻzda tutilgan maqsadlarda, jumladan maʼmuriy yoki sud muhokamasi uchun foydalanishlari mumkin. Boshqa maqsadlar uchun axborotdan faqat soʻralayotgan Tomonning roziligi bilan foydalanish mumkin.
9-modda
Bitimning ijro etilishi
Bitimning ijro etilishi
Tomonlar ushbu Bitimni talqin qilish yoki koʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahsli masalalarni tartibga solishda oʻzaro kelishuvga erishishga intiladilar.
Tomonlar zaruriyat boʻlganda ushbu Bitimning qanday bajarilayotganligini va unga oʻzgartishlar kiritishning maqsadga muvofiqligini baholash uchun maslahatlashishlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashishlarning muddatlari Tomonlarning kelishuvi boʻyicha qoʻshimcha ravishda belgilanadi.
Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar alohida masalalar boʻyicha qoʻshimcha bitimlar tuzishlari mumkin.
10-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi boʻyicha ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yillik muddatga tuziladi. Agar Tomonlardan hech biri ushbu Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy ilgari uni denonsatsiya qilish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Kishinev shahrida 1998-yil 10-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)