Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi, bundan keyin “Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga va xalqaro huquqning barcha tan olgan boshqa normalariga amal qilgan holda,
ular oʻrtasidagi oʻzaro foydali munosabatlar ravnaqi ikkala davlat xalqlari tub manfaatlariga javob berishi, tinchlik va xavfsizlik, xususan, Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikka xizmat qilishidan kelib chiqib,
davlatlararo munosabatlarni tenglik, adolat va oʻzaro bir-birini tushunish qatʼiyatlariga amal qilgan holda oʻrnatishga qaror qilib,
siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologik, axboriy, insonparvarona, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorliklar oʻrnatish, shuningdek uning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mustaqillik, suverenitet, hududiy butunlik, tenglik, kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish bilan qoʻrqitish, nizolarni tinch yoʻl bilan bartaraf etish, bir-birlarining ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplariga muntazam ravishda amal qilib, oʻz munosabatlarini doʻst davlatlar sifatida rivojlantiradilar.
2-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, BMT Nizomi va boshqa xalqaro hujjatlarda qayd etilgan majburiyatlarga muvofiq oʻrtalarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahslarni faqat tinch yoʻl bilan hal etadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro xavfsizlik hamma davlatlarning umumiy ishi ekanini tasdiqlab, bu sohada muntazam hamkorlikni amalga oshiradilar, ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama tinchlik, xavfsizlik va ishonchni mustahkamlashda faol qatnashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi hech bir ittifoqda qatnashmaslik va oʻz hududlaridan hech bir uchinchi Tomonning ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonga qarshi dushmanchilik faoliyati olib borish maqsadida foydalanishiga yoʻl qoʻymaydilar.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida qiziqish tugʻdiruvchi masalalar boʻyicha maslahatlashishlar oʻtkazadilar va hamkorlikni rivojlantiradilar.
4-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, ikkala davlat xalqlarining yaqinlashuvi uchun zarur sharoitlarni yaratishga intilib, davlat muassasalari, jamoat tashkilotlari va fuqarolar oʻrtasida aloqalarni har taraflama kengaytirishga yordam beradilar.
5-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ichki qonunchiliklari va xalqaro majburiyatlariga muvofiq savdo-iqtisodiy sohada va sarmoya qoʻyish sohasida ikki taraflama oʻzaro foydali iqtisodiy hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadilar. Tomonlar ushbu masalalar boʻyicha tegishli hukumatlararo bitimlar tuzish zarur deb hisoblaydilar.
6-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtalaridagi aloqa vositalari, tizimlari va bogʻlanishlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻradilar, oʻz hududlari orqali oʻtadigan ikkinchi Tomon yuklari, naqliyot vositalari va fuqarolari tranzitiga koʻmaklashadilar va ushbu sohada alohida bitimlar tuzadilar.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ilgʻor texnika va texnologiyani rivojlantirish va hayotga tatbiq etish, shuningdek, olimlar, ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining toʻgʻridan toʻgʻri aloqalari hamda birgalikdagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun fundamental va amaliy fanlar sohasida samarali hamkorlikka yordamlashadilar. Tomonlar ushbu masala boʻyicha maxsus bitimlar tuzadilar.
8-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim sohasida munosabatlar va hamkorlikni rivojlantiradilar va bu sohada alohida bitimlar tuzadilar.
9-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki taraflama madaniy aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirishni oʻz xalqlarining tabiiy ehtiyojigina deb emas, balki umumjahon madaniy merosini koʻpaytirishning muhim sharti deb biladilar. Shundan kelib chiqib, Tomonlar ijodiy jamoalar, madaniyat arboblari oʻrtasida almashuvni kengaytirishga yordam beradilar, shuningdek ikkinchi Tomon fuqarolarining madaniy boyliklardan keng foydalanishi uchun imkoniyat yaratadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri ikkinchi Tomonning madaniy va ijodiy merosini saqlashga hamda oʻrganishga koʻmaklashadi.
10-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz manfaatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, atrof-muhitni muhofaza qilish va yaxshilash, sanoat avariyalari va tabiiy ofatlar natijalarini bartaraf etish, tabiatdan oqilona foydalanish, ekologik toza ishlab chiqarish doirasini kengaytirish, Osiyoda tabiatni muhofaza qilish va tabiatni tiklashning yuqori samarali tadbirlarini amalga oshirish sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aholi sogʻligʻini muhofaza qilishni taʼminlash, tibbiyot fani va amaliyotini rivojlantirish boʻyicha birgalikda harakat qilish zarurligini tan oladilar.
12-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashda, ayniqsa, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand moddalar gʻayriqonuniy muomalasi, havo qaroqchiligi, odamlar va madaniy, tarixiy boyliklarni gʻayriqonuniy olib ketish, va jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar va tajriba almashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqiy yordam sohasida hamkorlik qiladilar va ushbu masala boʻyicha alohida bitim tuzadilar.
13-modda
Bir Tomonning ikkinchi Tomon hududida joylashgan davlat, shu jumladan, huquqiy shaxs va fuqarolari mulki xalqaro huquq normalari va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududidagi ikkinchi Tomonga tegishli mulkka egalik qilish huquqini himoya qilishni kafolatlaydi.
14-modda
Ushbu Shartnoma biror-bir davlatga qarshi qaratilgan emas va Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchinchi davlatlar bilan tuzgan amaldagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
15-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomani talqin qilish va tatbiq etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni BMT Nizomining 33-moddasida koʻzda tutilgan tartiblarni qoʻllagan holda hal etadilar.
16-modda
Ushbu Shartnoma oʻn yil muddatga tuziladi.
Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat tugashidan kamida 12 oy oldin nota yuborish yoʻli bilan Shartnomani bekor qilish niyati borligini bildirmagan boʻlsa, uning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayadi.
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashish kunidan boshlab kuchga kiradi.
Xanoy shahrida 1996-yil 28-martda imzolandi, har biri oʻzbek, vyetnam va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin etishda tafovutlar kelib chiqsa, rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)