Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI INVESTITSIYa DASTURIGA KIRITILGAN LOYIHALARNING AMALGA OShIRILIShI USTIDAN DAVLAT MONITORINGI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-martdagi 197-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-dekabrdagi PQ-3437-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika investitsiya dasturini samarali bajarish, yirik va strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalari oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash, vazirliklar va idoralarning investitsiya loyihalarini, eng avvalo xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-noyabrdagi 251-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 46-son, 350-modda)
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi ustidan davlat monitoringi:
Oldingi tahrirga qarang.
vazirliklar va idoralarning tashabbusi boʻlgan investitsiya loyihalari va takliflar yuzasidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Vazirlar Mahkamasining tegishli axborot-tahlil departamentlari bilan birgalikda, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning tashabbusi boʻlgan investitsiya loyihalari va takliflar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti tomonidan;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-noyabrdagi 251-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 46-son, 350-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik va strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan — doimiy ishlovchi Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan taʼminlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
bazaviy tuzilmani belgilovchi korxonalarning va iqtisodiyotning boshqa aloqador tarmoqlari va sohalaridagi korxonalarning rivojlanishiga koʻmaklashuvchi ishlab chiqarishlar qurilishi;
respublika Hukumati kafolati ostida xorijiy sarmoya jalb qilingan obyektlar qurilishi;
eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan yuqori texnologiyali va ilm-fanni koʻplab talab qiladigan ishlab chiqarishlarning joriy etilishi;
mineral-xomashyo resurslari va qishloq xoʻjaligi xomashyosini chuqur qayta ishlashni, raqobatga bardoshli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlaydigan texnologiya jihatidan oʻzaro bogʻliq ishlab chiqarishlarning barpo etilishi (shu jumladan, mahalliylashtirish dasturlari doirasida);
ishlab chiqarish infratuzilmasiga va ijtimoiy infratuzilmaga investitsiyalar qoʻyilishi amalga oshirilishi ustidan monitoring Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik va strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarini tanlashning asosiy mezonlari hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki 2000-yilgi respublika investitsiya dasturini roʻyobga chiqarishda 3-ilovaga* muvofiq xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik va strategik jihatdan muhim loyihalar amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borsinlar.
* 3-ilova berilmaydi.
5. Muvofiqlashtiruvchi kengashga:
vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, konsernlar, kompaniyalar, agentliklar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, investitsiya jarayoni boshqa qatnashchilarining strategik jihatdan muhim va yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
yirik va strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalari roʻyxatiga, ularning amalga oshirilishi ustidan keyinchalik monitoring olib borish uchun, Vazirlar Mahkamasi komplekslari taqdimnomalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
6. Belgilansinki:
Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari zaruriyatga koʻra, biroq ikki oyda kamida bir marta, manfaatdor vazirliklar va idoralarning rahbarlarini taklif etgan holda oʻtkaziladi;
Muvofiqlashtiruvchi kengashning kengash roʻyxatidagi tarkibining uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadigan va uning rahbari tomonidan tasdiqlanadigan qarorlari yirik va strategik jihatdan muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Investitsiya loyihalarining buyurtmachilari boʻlgan vazirliklar va idoralarning, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning rahbarlariga davlat monitoringini tashkil etish uchun zarur boʻlgan axborot toʻliq va oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 4-yanvar,
1-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-noyabrdagi 251-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2005-y., 46-son, 350-modda)