Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Savdodan tashqari toʻlovlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladi, Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasida savdodan tashqari toʻlovlarni amalga oshirishda pul mablagʻlarining erkin oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar Tomonlardan birining hududiga doimiy yoki vaqtincha kelgan jismoniy shaxslarga, shuningdek, Tomonlardan birining hududida rasmiy ravishda roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxslarga savdodan tashqari toʻlovlarning quyidagi turlari boʻyicha pul mablagʻlarining erkin oʻtkazilishini taʼminlaydilar:
transport va aloqa xizmatlari toʻlovi;
uyushtirilgan va uyushtirilmagan turizm;
Tomonlarning kelishuviga binoan diplomatik, konsullik, savdo, transport va boshqa vakolatxonalarni saqlash, shuningdek, delegatsiyalarni xizmat safariga yuborish boʻyicha;
xalqaro kongresslar, simpoziumlar, konferensiyalar, sport va madaniy tadbirlar, shuningdek, boshqa xalqaro uchrashuvlar oʻtkazish;
koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish bilan bogʻlik hisob-kitoblar, erkin muomaladagi valyutadagi toʻlovlar bundan mustasno, kapital mablagʻlar xarajatlari va hisob-kitoblari tartibi Tomonlarning kelishuviga binoan belgilanadigan boshqa moddiy xarajatlar;
sud, hakamlik, notarial va boshqa yuridik hamda maʼmuriy organlarning xarajatlarini qoplash boʻyicha toʻlovlar, savdo operatsiyalariga doir kelishmovchiliklarni hal etish boʻyicha qarorlardan kelib chiqadigan yigʻimlar bundan mustasno;
cheklar, pul akkreditivlari va joʻnatmalari toʻlovidan hosil boʻlgan pul mablagʻlari qoldiqlari, shuningdek, turilgan mamlakatning keltirilgan naqd valyutasi qoldiqlari;
jamoa tashkilotlariga badallar;
artistlarning gastrollari va kinofilmlar prokati;
ijtimoiy sugʻurta boʻyicha badallar;
davlat muassasalari ehtiyojlari uchun binolar sotib olish va qurish;
sud va boshqa vakolatli organlarning hukmlari, qarorlari hamda ajrimlari asosida toʻlanadigan summalar;
fuqarolarga tegishli mablagʻlarni, pensiyalar, alimentlar, davlat nafaqalari, ustama va kompensatsiyalarni meros qilib qoldirilgan summalarni oʻtkazish;
meros qilib qoldirilgan hamda meros mulkni sotishdan olingan summalarni oʻtkazish;
mualliflik qalam haqlarini toʻlash va mualliflik huquqlari boʻyicha toʻlovlar;
Tomonlarning davlatlararo bitimlar boʻyicha korxonalarga, muassasalarga, oʻquv yurtlariga ishlashga yoki oʻqishga kelgan fuqarolariga toʻlanadigan ish haqi, stipendiyalar, sutkalik va boshqa pul toʻlovlari;
bir Tomonning fuqarolarini boshqa Tomonning oʻquv yurtlarida oʻqitish haqi;
bir Tomonning fuqarolarini boshqa Tomonning davolash muassasalarida davolash, zarur tibbiy yordam koʻrsatganlik toʻlovlari:
Tomonlar ushbu moddada koʻrsatilgan savdodan tashqari toʻlovlar roʻyxatiga oʻzgartirish va aniqliklar kiritish uchun Tomonlarning Moliya vazirliklarini vakil qiladilar.
2-modda
Savdodan tashqari operatsiyalar boʻyicha toʻlovlar toʻlovchi mamlakatning valyutasida amalga oshiriladi.
Savdodan tashqari toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlari joʻnatmalarini toʻlash oluvchi mamlakatning valyutasida amalga oshiriladi.
Bir Tomonning milliy valyutasining ikkinchi Tomonning milliy valyutasiga nisbatan kursi alohida bitim asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Belarus Respublikasi Milliy banki tomonidan aniqlanadi.
3-modda
Tomonlarning vazirliklari va idoralari savdodan tashqari toʻlovlar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni oʻtkazish toʻgʻrisida ikki tomonlama bitimlar tuzishadi.
Bitimlar Tomonlarning Moliya vazirliklari va Markaziy banklari bilan kelishib olinadi.
4-modda
Tomonlarning har biri, zaruriyat boʻlganda, davlatlararo bitimlar va ikkala davlatlarning milliy qonunchiligi doirasida oldinroq kechi bilan 3 oy oldin boshqa Tomonni, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarni pul joʻnatmalari toʻlovlari toʻxtatilishi eki yuqorida qayd etilgan toʻlovlarni amalga oshirish amaliyotida boʻladigan oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qilgan holda pul joʻnatmalarini yuborishga cheklashlar kiritishi mumkin.
5-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular mazkur Bitimning uzviy qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
6-modda
Ushbu Bitimni bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq bahsli masalalar maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
7-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni diplomatik yoʻllar orqali yozma ravishda xabardor qilmagungacha amal qiladi. Bu holda Bitim Tomonlardan biri ana shunday bildirishnomani olgan sanadan boshlab uch oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
1994-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda har qanday kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)