Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Yuk tashishlar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladilar,
ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istagiga amal qilib,
Tomonlarning iqtisodiy, savdo va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishda bir-biriga koʻmaklashishga boʻlgan intilishini eʼtiborga olib, quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar, har ikkala davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq va oʻzaro manfaatlarga asoslanib, avtomobil transporti harakatini rivojlantirishda, Tomonlarning toʻgʻridan toʻgʻri va tranzit yuklarini daryo portlari, temir yoʻl chegara stansiyalarida joʻnatishga tayyorlashda hamda ularni har ikkala davlat hududida tashishni tashkil etishda imtiyozli sharoit yaratishda bir-birlariga koʻmaklashish boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
Temir yoʻl, havo va avtomobil transportida yuk tashish sohasida hamkorlik qilish ikkala Tomon qatnashchisi boʻlgan bitimlar, ikki va koʻp tomonlama shartnomalar bilan tartibga solinadi.
2-modda
Tomonlar Belarus Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻllari Tomonlar davlatlariga tegishli, hukumatlararo kredit, insonparvarlik yordami yoʻli bilan boshqa mamlakatlardan ikki davlatning chegara stansiyalariga hamda yuk tashish va ortish punktlariga kelgan yuklarni hamda boshqa tashqi savdo yuklarini tashish uchun toʻlovlar amalga oshirilgan taqdirda harakatdagi sostav berilishini taʼminlashi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
3-modda
Tomonlar bir-birlariga har ikkala davlat hududi boʻyicha yukni erkin olib oʻtishni taʼminlash va kafolatlash majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
Tomonlar oʻzlarining milliy qonunchiligiga muvofiq transport vositasining kimga mansubligi, yukning kelib chiqishiga (xalqaro qoidalar hamda Tomonlarning milliy qonunchiligi bilan tashilishi taqiqlanganlardan tashqari), kelish-ketish yoki borish punktida, agar ular boshqa Tomonga tegishli boʻlsa, istalgan boshqa vaziyatlarga asoslangan biror-bir farqlashga yoʻl qoʻymaydilar.
Daryo portlarida va temir yoʻl stansiyalarida yuklarni tashish bilan bogʻliq ishlar majmuini bajarganlik uchun hisob-kitoblar har bir muayyan holatda tuziladigan ikki tomonlama shartnomalar asosida, amaldagi tariflar qoʻllangan holda, amalga oshiriladi.
4-modda
Chegara, bojxona va sanitariya nazoratiga nisbatan tashuv turlari boʻyicha ikki tomonlama bitimlar qoidalari qoʻllaniladi.
5-modda
Ushbu Bitimning samarali amal qilishini taʼminlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish maqsadida Tomonlar transport infrastrukturasini rivojlantirishda, bu tarmoqda qoʻshma korxonalar va kooperatsiyalashgan ishlab chiqarishlar tashkil etishda, ilgʻor, ekologik jihatdan xavfsiz texnologiyalarni, tegishli ilmiy-texnikaviy ishlanmalar va tadqiqotlarni joriy etishda bir-birlariga zarur tashkiliy-texnikaviy, moliyaviy va boshqa xil yordam koʻrsatadilar.
6-modda
Tomonlar Bitimda nazarda tutilgan sohalarda hamkorlikning zarur ilmiy-texnikaviy asoslarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha fikr almashish, muntazam konsultatsiyalar oʻtkazib turishga kelishdilar.
7-modda
Tomonlarning vakolatli organlari boshqa Tomonning transport vositalari va ekipajlari aʼzolari avariyalarga uchraganda yoki ular bilan baxtsiz hodisalar sodir boʻlganda zarur yordam koʻrsatadilar, ogʻir avariyalar yoki baxtsiz hodisalar yuz bergan taqdirda esa bu haqda transport vositasi roʻyxatga olingan Tomonni xabardor qiladi va tekshiruv natijalarini unga maʼlum qiladi.
8-modda
Tomonlar yuk tashish boʻyicha Aralash komissiya tashkil etishga kelishdilar. Komissiya ushbu Bitim qoidalarining amalga oshirilishiga, shuningdek, Tomonlarning transport tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirishga koʻmaklashadi.
Bitimning amal qilishi masalalarini koʻrib chiqish uchun Komissiya Tomonlardan birining taklifiga koʻra navbat bilan Toshkent va Minskda toʻplanadi.
Mazkur Bitimni qoʻllash hamda talqin qilish boʻyicha yuzaga keladigan barcha bahslar Aralash komissiya doirasida hal etiladi.
9-modda
Tomonlar tegishli xalqaro transport tashkilotlarida hamkorlik qiladilar hamda hamkorlik boʻyicha oʻzaro konsultatsiyalar oʻtkazib turadilar.
10-modda
Ushbu Bitimni bajarish davomida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan barcha bahslar va kelishmovchiliklarni Tomonlar muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
Mazkur Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar Tomonlarning kelishuviga binoan kiritilishi mumkin.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uni toʻxtatish toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni kamida uch oy oldin ogohlantirgunga qadar amal qiladi.
1994-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida oʻzbek, belarus va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimning u yoki bu moddasini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos hisoblanadi.
(imzolar)