OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PARVOZLAR XAVFSIZLIGINI NAZORAT QILISh DAVLAT INSPEKSIYASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida radio, teleapparatura, audio va video texnika, kompyuter, planshet va mobil telefonlarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 24-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2617]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining 2021-yil 3-fevraldagi 3 va 27-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida radio, teleapparatura, audio va video texnika, kompyuter, planshet va mobil telefonlarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror va unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2617-3, 23.02.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xavfsizlik choralarini koʻrib, gʻayriqonuniy aralashuv harakatlaridan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining faoliyati muhofazasini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Milliy xavfsizlik xizmati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida radio, teleapparatura, audio va video texnika, kompyuter, planshet va mobil telefonlarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish qoidalari ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi T. ULJAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-avgust,
33-son
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-avgust,
87-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2014-yil 27-avgustdagi 33 va 87-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida radio, teleapparatura, audio va video texnika, kompyuter, planshet va mobil telefonlarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish
QOIDALARI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 183-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasida aviatsiya xavfsizligiga tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2000-yil 5-iyuldagi 256-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini gʻayriqonuniy aralashuv harakatlaridan aviatsiya xavfsizligi jihatidan himoyalashni taʼminlash Milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlari, shuningdek Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (IKAO) standartlari va tavsiyalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida radio, teleapparatura, audio va video texnika, kompyuter, planshet va mobil telefonlarni (bundan buyon matnda elektron vositalar deb yuritiladi) aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish qoidalarini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2016-yil 28-iyuldagi 37, 65-sonli (roʻyxat raqami 2617-1, 03.08.2016-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 31-son, 384-modda)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar talablari Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida ichki va xalqaro yoʻnalishlarda uchuvchi yoʻlovchilarning (havo kemasi ekipajining) yonida boʻlgan elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirishga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirishning asosiy maqsadi parvozning xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasida ichki va xalqaro yoʻnalishlarda uchuvchi yoʻlovchilarning (havo kemasi ekipajining) yonida boʻlgan elektron vositalar orqali havo kemalariga qonun hujjatlari bilan taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar olib qirilishining oldini olish, yoʻlovchilarning va havo kemalari ekipajining hayoti va salomatligini saqlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini gʻayriqonuniy aralashuv harakatlaridan himoyalashdan iborat.
3. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida mazkur Qoidalarda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-bob. Elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish
4. Elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalari (bundan buyon matnda aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalari deb yuritiladi) xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Yoʻlovchilarning (havo kemasi ekipajining) yonida boʻlgan elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish aeroportdagi maxsus ajratilgan va zarur maxsus texnik vositalar bilan jihozlangan tekshirish xonasida amalga oshiriladi.
6. Yoʻlovchi (havo kemasi ekipaji) aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalari xodimlarining soʻroviga asosan tekshirish xonasida oʻzining elektron vositalarini yoqish orqali ishlashini, ularning akkumulyatorlari, batareyalari joylashtirilgan joylarini koʻrsatishi shart.
7. Elektron vositalarning ishlashini ularni yoqish orqali aniqlash imkoni boʻlmasa, ular yoʻlovchi (havo kemasi ekipaji) tomonidan taqdim etilgan yoki tekshirish xonasidagi zaryadlash anjomlari orqali tekshirish uchun yetarli darajada quvvat olguniga qadar zaryadkaga qoʻyiladi.
8. Tekshirish uchun yetarli darajada quvvatlangan elektron vosita yoqilmasa, mazkur elektron vosita aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalarining xodimlari tomonidan qoʻshimcha maxsus texnik vositalarni qoʻllash orqali tekshiriladi.
9. Aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshiruvdan oʻtkazish natijasi ijobiy boʻlgan elektron vositalar havo kemasiga olib kirish uchun yoʻlovchiga (havo kemasi ekipajiga) beriladi.
10. Aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalari xodimlari tomonidan yoʻlovchiga (havo kemasi ekipajiga) tegishli boʻlgan va elektron vositalarda saqlanayotgan shaxsiy maʼlumotlarni tekshirish va ular bilan tanishish taqiqlanadi.
11. Aviatsiya xavfsizligi boʻlinmalari xodimlari tomonidan elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish jarayonida yoʻlovchining (havo kemasi ekipajining) yonida boʻlgan elektron vositalarda taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar mavjudligi aniqlansa, mazkur elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirish toʻxtatiladi va yoʻlovchi (havo kemasi ekipaji) havo kemasiga qoʻyilmaydi.
12. Yoʻlovchi yonida boʻlgan elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirishdan oʻtkazishdan boʻyin tovlagan taqdirda, aviatsiya xizmati koʻrsatuvchi havo transportida tashish toʻgʻrisidagi shartnomani bekor qilishga haqli.
Havo kemasi ekipaji yonida boʻlgan elektron vositalarni aviatsiya xavfsizligi boʻyicha tekshirishdan oʻtkazishdan boʻyin tovlagan taqdirda, havo kemasiga qoʻyilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
13. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
14. Mazkur Qoidalar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V. TYAN
2014-yil 27-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 39-son, 495-modda; 2016-y., 31-son, 384-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2018-y., 10/18/2617-2/1548-son)