Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KAPITAL QURILISHDA NARXLARNI SHAKLLANTIRISHNING SMETA-NORMATIV BAZASINI TAKOMILLASHTIRISH VA YANGILASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2003-yil 6-maydagi PF-3240-son Farmonida hamda uni bajarish yuzasidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarorlarida qayd etilganidek, eskirgan va zamonaviy talablarga muvofiq boʻlmagan amaldagi smeta normalari va qoidalari tizimi va uning asosida qurilish smeta qiymatining oshib ketishiga olib keluvchi rassenkalarni ishlab chiqish qurilish-texnologiya jarayonini va umuman qurilish kompleksining samarali ishlashini maqbullashtirish yoʻlidagi, pirovard natijada qurilishda loyihalashtirish, smeta va texnologiya intizomini mustahkamlashdagi bosh toʻsiqlardan biri hisoblanadi.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tomonidan zarur darajadagi nazorat oʻrnatilmaganligi hozirgi vaqtda juda koʻplab yakka tartibdagi va idoraviy smeta normalarining amalda boʻlishiga olib keldi, ular koʻp hollarda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tasdiqlagan smeta normativlariga ziddir hamda ularning oʻrnini bosmoqda.
Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish, bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq kapital qurilishda narxlarni shakllantirishning smeta-normativ bazasini tartibga solish va yangilash, obyektlar qurilishi qiymatini joriy shartnomaviy narxlarda belgilash mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kapital qurilishda narxlarni shakllantirishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish va yangilash dasturi ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan Dasturni ishlab chiqish uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etsin va toʻplangan xorijiy tajribadan keng foydalansin. Yangidan ishlab chiqilayotgan smeta-normativ hujjatlarida eng muhimi – ortiqcha mufassallashtirish va zarur boʻlmagan reglamentlashtirishdan voz kechilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi amaldagi yakka tartibdagi va idoraviy smeta normalarini, ularning maqsadga muvofiqligini, asoslanganligini hamda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining normativ hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash maqsadida toʻliq xatlovdan oʻtkazsin.
Xatlovdan oʻtkazish uchun “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi ekspert komissiyalar tashkil etsin hamda 2004-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda xatlovdan oʻtkazish natijalarini umumlashtirsin, idoraviy smeta normalarini keskin qisqartirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, joriy shartnomaviy narxlarni belgilash uchun idoraviy smeta normalari faqat ular Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan belgilangan tartibda majburiy ravishda kelishib olingan taqdirda kuchga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi kapital qurilishda narxlarni shakllantirishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish va yangilash uchun hududlar, tarmoq vazirliklari va idoralari boʻyicha qurilish materiallari, konstruksiyalar va buyumlar narxi, qurilish mashinalari va mexanizmlaridan foydalanish qiymati, transport xarajatlari, quruvchi ishchilarning ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot bankini belgilangan tartibda tashkil etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari qurilish sohasida narxlarni shakllantirishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish va yangilash uchun zarur boʻlgan dastlabki maʼlumotlarni toʻplashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga koʻmaklashsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2004-yil va keyingi yillar Davlat budjeti loyihalarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, budjet mablagʻlari bilan bir qatorda, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari mablagʻlarini jalb etgan holda, Dasturni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasining “Qurilish qiymatini 1991-yil narxlari darajasidagi yangi smeta normativlari negizida “resurs usuli” asosida aniqlashga oʻtish toʻgʻrisida” 1997-yil 17-iyundagi 306-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N.Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 24-oktabr,
463-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 20-son, 195-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)