Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Madaniyat sohasida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati (quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb atalib),
ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstlik aloqalarini mustahkamlash istagida,
madaniyat, sanʼat, taʼlim, fan, axborot va sport sohalaridagi hamkorlik ikkala mamlakat xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni koʻtarishga yordam qilishiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim va fan sohasida oʻz mutaxassislari oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni chuqurlashtirishga va bu sohadagi hamkorlikka:
a) professorlar, universitet va boshqa oliy oʻquv yurtlarining ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanuvchi mutaxassislari tashriflari bilan almashish;
b) boshqa Tomon tashkil etadigan seminarlar, simpoziumlar ishida aspirantlar, universitet va boshqa taʼlim muassasalari mutaxassislari ishtirok etishi;
v) oʻzarolik asosida, tegishli mamlakat maʼmurlari va muassasalari tomonidan boshqa mamlakat fuqarolariga stipendiyalar berish va
g) Ahdlashuvchi Tomonlarni qiziqtirgan taʼlim va fan sohasida birgalikda tadqiqot ishlari olib borish va tajribalar oʻtkazishni ragʻbatlantirish yoʻli bilan yordam beradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar:
a) boshqa mamlakat tashkil etadigan festivallarda ishtirok etish;
b) oʻzaro koʻrgazmalar bilan almashish va
v) artistlar, yozuvchilar hamda madaniy va artistlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi boshqa shaxslarning tashriflari bilan almashishni ragʻbatlantirish yoʻli bilan madaniyat sohasidagi oʻzaro almashuvni kuchaytirishga harakat qiladilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston bilan Koreyaning doʻstlik va madaniy munosabatlarini mustahkamlash maqsadida jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikning rivojlanishini ragʻbatlantiradilar, oʻz mamlakatlarining amaldagi qonun-qoidalariga muvofiq madaniy muassasalar tuzishni yengillashtiradilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa mamlakat haqida toʻgʻri va haqqoniy axborotga ega boʻlish maqsadida boshqa mamlakatga taalluqli tarixiy va jugʻrofiy faktlarning barcha rasmiy nashrlarda, chunonchi oʻquv qoʻllanmalari, ensiklopediyalar, hujjatlar, gazeta va boshqa materiallarda bayon qilinishiga lozim eʼtibor beradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar rasmiy tan olingan sport va yoshlar tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikka koʻmaklashadilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakatning radio, kino, televideniye va axborot muassasalari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni ragʻbatlantiradilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar zarur hollarda, ushbu Bitimning bajarilishiga taalluqli masalalarni muhokama qilish va almashish boʻyicha aniq dasturlar tayyorlash yoki ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha kelishuvlarga erishish maqsadida oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga diplomatik kanallar orqali ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun zarur konstitutsiyaviy taomillarning tugaganligi toʻgʻrisida xabar beradilar. Bitim oxirgi xabarni olgan muddatdan boshlab kuchga kiradi.
9-modda
Ushbu Bitim besh yil ichida oʻz kuchini saqlaydi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amal qilish muddati tugashidan olti oy oldin boshqa Tomonga Bitim amalini toʻxtatish istagini yozma ravishda bildirmagunga qadar bitim keyingi besh yillik davrlarga avtomatik tarzda uzaytiriladi.
10-modda
Ushbu Bitimning kuchdan toʻxtashi mazkur Bitim bilan bogʻliq va uning amaldagi muddatida bajarilmay qolgan loyiha va dasturlarga taʼsir qilmaydi.
Buning tasdigʻi oʻlaroq, tegishli hukumatlardan vakolat olganlar quyida ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida, 1994-yil 6-iyunda, ikki nusxada, oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, hamma matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda tafovutlar paydo boʻlsa, ingliz tilidagi matn ustuvorlik qiladi.
(imzolar)