Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
oʻzaro tushunish Memorandumi
Telekommunikatsiya va radioeshittirish sohasida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
Telekommunikatsiya va radioeshittirishning rivojlanishini savdo va texnikaviy almashuvga, shuningdek har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga yordam beruvchi muhim omil deb hisoblab,
Ikkala mamlakat oʻrtasida telekommunikatsiya va radioeshittirish sohalarida turli hamkorlikning zarurligini eʼtirof etib,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida 1992-yil 17-iyunda imzolangan Bitimga muvofiq,
Xalqaro huquq normalari, ichki qonun-qoidalari asosida va oʻzaro foydali shartlarda telekommunikatsiya va radioeshittirish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni istagan holda,
Quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar amaldagi Butun dunyo elektr aloqa Konvensiyasi, Xalqaro elektr aloqa ittifoqining (XEAI) radio va telekommunikatsiya nizomlariga muvofiq, shuningdek ushbu Memorandum qoidalariga mos ravishda oʻzlari oʻrtasidagi telekommunikatsion aloqani tartibga soladilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlari oʻrtasida telekommunikatsiya va radioeshittirish, shu jumladan aloqa xizmati va jihozlash sohasida hamkorlik qiladilar va bu sohadagi oʻzaro munosabatlarini kengaytirish va yaxshilash boʻyicha barcha zarur choralarni koʻradilar. Shu maqsadda Ahdlashuvchi Tomonlar hukumat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, korporatsiyalar hamda boshqa tegishli tashkilotlar oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni va ular oʻrtasidagi hamkorlikning ushbu Memorandum doirasidagi birgalikdagi faoliyatning tafsilotlariga oid aniq dasturlarni tuzishni ragʻbatlantiradilar. Bunday dasturlar ikki mamlakat qonun va qoidalariga muvofiq tuziladi.
3-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi va Koreya Respublikasi Axborot va aloqa vazirligi ushbu Memorandumning ijrosi uchun masʼul asosiy tashkilotlar boʻladilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining tegishli hukumat tashkilotlari va idoralariga mazkur Memorandumning amalga oshirilish jarayonini muntazam muhokama qilib turishni topshiradilar va oʻzaro kelishuvga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar manfaatlari yoʻlida telekommunikatsiya vositalaridan foydalanishni yaxshilash boʻyicha zarur choralar koʻradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar XEAI (Xalqaro elektr aloqa ittifoqining) Nizomi, XEAI Konvensiyasi, XEAIning Maʼmuriy Qoidalari va Tavsiyanomalarida koʻzda tutilgan telekommunikatsiya xizmatining barcha turlari va toifalarini quyidagilarni hisobga olgan holda tashkil etishda yaqindan hamkorlik qiladilar:
– Ahdlashuvchi Tomonlarning iqtisodiy manfaatlari;
– tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida bevosita kelishilgan tadbirlar;
– Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tomonidan eʼlon qilinadigan biron-bir cheklash boʻlmasa, uning amaldagi qoidalari.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining telekommunikatsiya va radioeshittirish yoʻllarini tranzit qilib uchinchi mamlakatlarga oʻtkazishda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning telekommunikatsiya va radioeshittirish jihozlaridan hamda texnikaviy vositalaridan foydalanadilar. Ular bir-birlarini mavjud tranzit yoʻllar, shuningdek oʻz davlatlari ichidagi amaldagi tariflar boʻyicha maʼlumotlar bilan muntazam taʼminlab turadilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar XEAIning radioaloqa boʻyicha Nizomiga muvofiq oʻz radioaloqa xizmatlarini koʻrsatayotganda ikki tomonlama toʻsiqlarni chetlab oʻtish uchun chastotalarni tegishlicha taqsimlash va qoʻllash boʻyicha bir-birlari bilan maslahatlashib turadilar. Bunday maslahatlashuvlar xatlar bilan almashish yoki alohida hujjatlarni imzolash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
8-modda
Telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif va baholar XEAI Konvensiyasi, XEAIning Maʼmuriy Qoidalari va Tavsiyanomalarining mavjud qoidalari asosida oʻrnatiladi. Bu masalalar boʻyicha ikki mamlakatning tegishli xalqaro operatorlari alohida kelishib olishlari lozim boʻladi. Ahdlashuvchi Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi tariflarning barcha oʻzgarishlari toʻgʻrisida maʼlumot berib turadilar.
9-modda
Tarif va baholarni oʻrnatishda, shuningdek telekommunikatsiya xizmatlari boʻyicha hisob-kitobni amalga oshirishda oʻzlashtirishning maxsus huquqlari (SDR)dan foydalaniladi yoki XEAI Konvensiyasiga muvofiq oʻzaro kelishib olib, har qanday pul birligidan foydalanish mumkin.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz milliy qonunchiliklariga muvofiq telekommunikatsiya va radioeshittirishlarning rivojlanishi uchun fan va texnika sohasidagi hamkorlikka koʻmaklashish maqsadida bir-birlari bilan muntazam maslahatlashib turadilar va oʻzaro manfaatli telekommunikatsiya va radioeshittirish sohalarining boshqarish, texnikaviy, iqtisodiy va ilmiy jihatlari boʻyicha oʻzaro maʼlumotlar bilan almashib turadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar telekommunikatsiya va radioeshittirish sohalaridagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish uchun maxsus bitimlar tuzishlari mumkin.
11-modda
Mazkur Memorandumning qoidalariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qiladilar va mutaxassislarning malakalarini oshirish maqsadida ular bilan almashuvni amalga oshiradilar.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar zarur boʻlganda mazkur Memorandum qoidalarining ijrosini yengillashtirish va turli telekommunikatsiya xizmatlarini yaxshilash maqsadida operativ maʼlumotlar bilan almashib turadilar. Operativ maʼlumotlar bilan almashuv tekinga va ikkala Ahdlashuvchi Tomon kelishib olgan tilda amalga oshiriladi. Olingan operativ maʼlumot hech qanday shaklda Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma roziligisiz uchinchi tomonga berilishi mumkin emas.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro hamkorlikning natijasi boʻlgan patent berish va boshqa huquqlar boʻyicha har qanday maʼlumotni Ahdlashuvchi Tomonlardan birining yozma roziligisiz uchinchi tomonga, tashkilotga bermaslik majburiyatini oladilar. Bunday patentlar va boshqa huquqlar ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tomonidan bu mamlakatlarda amal qiluvchi milliy qonunchilikka muvofiq roʻyxatga olinadi.
14-modda
Mazkur Memorandum talqinidagi har qanday kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar yoki ularning vakolatli organlari oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar bir qarorga kelmasalar, masala diplomaatik yoʻllar bilan hal etiladi.
15-modda
Ikki mamlakat oʻrtasida telekommunikatsiya va radioeshittirish sohalarida kelgusida hamkorlik qilish zaruratidan kelib chiqib, Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Memorandumni oʻzaro kelishuvga muvofiq notalar almashish yoʻli bilan qayta koʻrib chiqishlari yoki uning qoidalariga oʻzgartishlar kiritishlari mumkin.
16-modda
1. Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amalda boʻladi, bundan keyin agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bu muddat tugashidan kamida olti oy ilgari mazkur Memorandumning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida yozma tarzda bildirmasa, u oʻz-oʻzidan navbatdagi besh yillik muddatlarga uzaytirilaveradi.
2. Ushbu Memorandumning mazkur Moddada qayd etilgan qoidasi asosida amalda boʻlishining toʻxtatilishi uning doirasida tuzilgan birgalikdagi dasturlar yoki amalga oshirilayotgan faoliyat bitkazilgunga qadar kuchda qoladi.
Seul shahrida 1995-yil 16-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Matnning talqinida tafovutlar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustunlikka ega boʻladi.
(imzolar)