Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“QARIYALARNI QADRLASh YILI” DAVLAT DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Keksa fuqarolarga davlat va jamiyat tomonidan diqqat-eʼtibor, gʻamxoʻrlik koʻrsatishni oshirish hamda ularni ijtimoiy muhofaza qilishni, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida va 2002-yil Oʻzbekiston Respublikasida “Qariyalarni qadrlash yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qariyalarni qadrlash yili” davlat dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. Dastur:
* Ilova berilmaydi.
keksalarni qadrlashdan iborat xalqimizga xos asriy anʼanalarni, oilalarda tinchlik va totuvlik, jamiyatda barqarorlik muhitini shakllantirishga ularning qoʻshayotgan munosib hissasini yoritish va targʻib qilishda, ulardan tarbiyaviy maqsadlarda foydalanishda oila, mahalla, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar hamda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirishga;
keksalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning pensiya taʼminotini takomillashtirish, tibbiy, sanatoriy-kurort, kommunal-maishiy va transport xizmatlari koʻrsatishni yaxshilash borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga;
yolgʻiz keksalar, pensionyerlar va nogironlar, urush qatnashchilari va nogironlari toʻgʻrisida gʻamxoʻrlikni kuchaytirishga, ularning dori-darmonlar va ijtimoiy xizmat koʻrsatish bilan taʼminlanishi darajasini oshirishga;
jamiyatni tubdan oʻzgartirishda, sogʻlom avlodni tarbiyalashda, boy kasbiy va hayotiy tajribaning, ezgu anʼanalar hamda madaniy qadriyatlarning uzviyligida va ularni yoshlarga yetkazishda keksalarning faol ishtirok etishlarini taʼminlashga;
bolalar va yoshlarni ota-onalar hamda keksalarni izzat-hurmat qilish, qadrlash va ular toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish ruhida tarbiyalash va taʼlim berish tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan.
2. “Qariyalarni qadrlash yili” davlat dasturining ilovada nazarda tutilgan tadbirlari respublika budjeti va mahalliy budjetlarda tasdiqlangan aniq manbalar, bajaruvchilarning mablagʻlari bilan taʼminlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik tuzilmalari, Hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar va jamoat tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari Davlat dasturining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini, keksa avlodga gʻamxoʻrlik va eʼtiborni kuchaytirishni taʼminlaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar va kompaniyalar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
“Qariyalarni qadrlash yili” davlat dasturi amalga oshirilishini oʻz majlislarida manfaatdor organlar va tuzilmalarni jalb etgan holda har chorakda koʻrib chiqsinlar;
har chorak yakunlari boʻyicha Davlat dasturi topshiriqlarining hisobot davrida amalga oshirilishi natijalari toʻgʻrisidagi tahliliy axborotni yil choragidan keyingi oyning 5-kunigacha Respublika komissiyasiga taqdim etsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Qariyalarni qadrlash yili” davlat dasturi bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 18-dekabrdagi F—1494-son farmoyishi bilan tuzilgan Respublika komissiyasiga yuklansin.
Respublika komissiyasi, zaruriyat boʻlganda, Davlat dasturining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarning roʻyobga chiqarilishini nazorat qilishni va joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini oʻrganishni taʼminlash uchun olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzsin. Davlat dasturining bajarilishi 2002-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi majlisida koʻrib chiqish uchun kiritilsin.
6. Respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar va jamoat tashkilotlari rahbarlari, Davlat dasturi bajarilishi uchun masʼul boʻlgan barcha shaxslar Dasturning asosiy vazifasi — uning yoʻnalishlari va qoidalarida nazarda tutilgan barcha tadbirlar pirovard natijada har bir pensionerning, keksa avlod kishilarining turmush sharoitlari, sogʻligi va kayfiyatida ijobiy aks etishi zarurligini chuqur tushunib olsinlar va bu tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Davlat matbuot qoʻmitasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalari “Qariyalarni qadrlash yili” davlat dasturida nazarda tutilayotgan chora-tadbirlarning roli va ahamiyati keng tushuntirilishini, ularning turli darajalarda amalga oshirilishi va natijalari yoritilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 24-yanvar,
30-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 2-son, 20-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda)