Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Pochta joʻnatmalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bir tomon boʻlib va Gruziya Respublikasi Hukumati ikkinchi tomon boʻlib, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataladi,
mazkur Bitimni quyidagilar toʻgʻrisida tuzdilar.
1-modda
Tomonlar ikki davlat hududida, aynan Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya hududida oʻz aloqa korxonalari va boʻlimlari tarmoqlari orqali 1994-yil 9-sentabrda Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi qatnashchilari boʻlgan davlatlar Hukumatlari Boshliqlari tomonidan imzolangan ijtimoiy ahamiyatli savdodan tashqari toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini fuqarolarga oʻtkazish toʻgʻrisidagi Vitimga ilovada qayd etilgan faqat ijtimoiy ahamiyatli savdodan tashqari toʻlovlar boʻyicha pochta orqali pul joʻnatmalarini cheklanmagan summada qabul qilish va toʻlashga qaror qildilar.
Boshqa joʻnatmalar summasi davlatlar valyutasi mavjudligi bilan tartibga solinadi.
2-modda
Pochta joʻnatmalari Tomonlarning milliy valyutalarida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Gruziya Milliy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha qabul qilinadi va toʻlanadi.
3-modda
Tomonlardan har biri pul joʻnatmalari yuborilishi, shuningdek joʻnatmalarni qabul qilishda yoki toʻlashda oʻz davlati mijozlariga koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar uchun oʻz tariflarini belgilaydilar.
4-modda
Joʻnatmalarga ishlov berish va ularni davlatlar oʻrtasida ayirboshlash uchun har bir Tomon pul joʻnatmalariga ishlov berish boʻyicha markazlashtirilgan “Punkt” tashkil etadi.
Tomonlar oʻrtasida pochta orqali pul joʻnatmalari tegishli summa oldindan oʻtkazilgan holda faqat koʻrsatib oʻtilgan “Punktlar” orqali joʻnatiladi.
5-modda
Pochta joʻnatmasini toʻlash muddati pochta orqali joʻnatilgan pul Tomonlar aloqa korxonasiga kelib tushgan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak.
Pochta joʻnatmasi Butun jahon pochta Ittifoqining pochta joʻnatmalari toʻgʻrisidagi Bitimining ijroiya reglamentining IR 608-moddasida koʻrsatilgan sabablarga koʻra nazarda tutilgan muddat davomida toʻlanmasa, u pulni joʻnatgan aloqa Maʼmuriyatiga qaytariladi.
6-modda
Zarurat boʻlganda Tomonlar qabul qilingan qaror toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda oldindan xabardor qilgan holda chiqib ketuvchi pochta orqali pul joʻnatmalarini ham miqdoriga koʻra, ham summasiga koʻra bir tomonlama cheklashga haqli boʻladilar.
7-modda
Mazkur Bitim shartlari Tomonlardan biri tomonidan bajarilmagan taqdirda ikkinchi Tomon bu haqda maʼlum qiladi hamda 30 kun davomida javob olmagan taqdirda pochta joʻnatmalari ayirboshlashni bir tomonlama tartibda toʻxtatish huquqiga ega boʻladi.
8-modda
Soxta joʻnatma toʻlangan taqdirda moddiy javobgarlik bunga yoʻl qoʻyishda aybdor boʻlgan Tomonga yuklatiladi.
Qabul qilish texnologiyasi yoki joʻnatmani toʻlash buzilishi munosabati bilan joʻnatma notoʻgʻri toʻlangan taqdirda aloqa korxonasi ushbu tartibni buzgan Tomon moddiy javobgar boʻladi.
9-modda
Tomonlarning pochta joʻnatmalariga ishlov berishga doir xarajatlari Tomonlar tomonidan har bir joʻnatma uchun 0,1 qarz olishning maxsus huquqi tarifi boʻyicha undiriladi.
Tomonlar yangi tariflarni nazarda tutishlari va umumiy rozilikka koʻra ularni qabul qilishlari mumkin.
10-modda
Bitim shartlarini oʻzgartirish va toʻldirish Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan bajariladi.
11-modda
Joʻnatma operatsiyalar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining Xalqaro hisob-kitoblar va shartnomalar markazi va Gruziya Aloqa va pochta vazirligining pul joʻnatmalarini nazorat qilish byurosi tomonidan amalga oshiriladi
12-modda
Pochta joʻnatmalari blanklarini toʻldirish (112-shakl) va xizmat yozishmalari rus tilida olib boriladi.
13-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni kamida uch oy oldin yozma ravishda xabardor qilguniga qadar amal qiladi.
Bitim toʻlangan pochta joʻnatmalari summalari boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar Tomonlar tomonidan toʻliq bajarilgandan keyin oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi.
1996-yil 28-mayda Tbilisi shahrida oʻzbek, gruzin va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilishda har qanday tafovut kelib chiqqan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)