Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hududlarning davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-sentabrdagi 559-sonli “Yer uchastkalarini onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish va kadastr sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Davlat kadastrlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hududlarning davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi S. Arabov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 14-avgust,
231-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 14-avgustdagi 231-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Hududlarning davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Hududlarning davlat kadastri “Davlat kadastrlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat kadastrlari yagona tizimini yaratish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, ushbu Nizomga muvofiq tashkil etiladi va yuritiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
geografik axborot tizimi (geoaxborot tizimi) — geografik obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash, tahlil qilish, modellashtirish va aks ettirish, shuningdek raqamli kartografik, oʻxshash va matnli axborotdan foydalangan holda umumdavlat (tarmoqlararo) yoki tarmoq ahamiyatiga molik axborot va hisob-kitob vazifalarini hal etish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan tizim;
geofazoviy obyekt — Yerda muayyan joylashgan joyi bilan tavsiflanadigan va fazoviy-vaqt koordinatalarning belgilangan tizimida aniqlangan real dunyo obyekti;
hududlarning davlat kadastri geoportali — hududlar davlat kadastrining axborot resurslari toʻgʻrisidagi metamaʼlumotlar saqlanadigan va ulardan hamda Internet tarmogʻidagi hududlar davlat kadastrining axborot resurslaridan foydalanishni taʼminlaydigan geofazoviy maʼlumotlarning internet-vositalari va servislari majmui;
geofazoviy maʼlumotlar — joydagi obyektlarning joylashgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, elektron grafik va/yoki matnli shaklda hamda koordinatalar tizimlarida taqdim etilgan axborot;
hududlarning davlat kadastri — muayyan hududning tabiiy-resurs va xoʻjalik salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ekologik holati toʻgʻrisidagi hududiy- tashkiliy geofazoviy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan geoaxborot tizimi. Hududlarning davlat kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining (DKYAT) tarkibiy qismi hisoblanadi;
geodezik koordinatalar, balandliklar, gravimetrik oʻlchovlar davlat tizimlari — natijalari umumdavlat (tarmoqlararo) ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiya ishlarini bajarishda qoʻllash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan geodezik koordinatalar, balandliklar, gravimetrik oʻlchovlar tizimlari;
Davlat kadastrlari yagona tizimi (DKYAT) — davlat kadastrlarining barcha turlarini birlashtiruvchi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va uning ayrim hududlarining tabiiy-iqtisodiy salohiyati yagona umumdavlat hisob-kitobi yuritilishini, baholanishini taʼminlash uchun moʻljallangan koʻp maqsadli axborot tizimi;
hududlar davlat kadastri tizimining axborot resurslari — hudud yagona raqamli kartografik asosining geofazoviy maʼlumotlar bazasi, manzillar, koʻchalar, mahallalar va boshqa nomlangan obyektlar reyestrlari, yer kadastri va boshqa davlat kadastrlariga oid geofazoviy maʼlumotlarning profil toʻplami, shaharsozlik va yer tuzish normalari va reglamentlari, qonun hujjatlariga muvofiq hududlar davlat kadastri tizimida roʻyxatga va hisobga olinishi lozim boʻlgan boshqa hujjatlar;
Keyingi tahrirga qarang.
mahalliy koordinatalar tizimi — davlat hududining cheklangan qismiga nisbatan belgilanadigan koordinatalarning shartli tizimi, uning koordinatalar sanoq boshi va koordinatalar oʻqlari yoʻnalishi davlat geodezik koordinatalar tizimining koordinatalar sanoq boshi va koordinatalar oʻqlari yoʻnalishiga nisbatan surilgan boʻladi;
metamaʼlumotlar — maʼlumotlarning bir qismi oxirgi marta yangilanganda foydalanuvchilarga xabar qilinadigan maʼlumotlar bazasining axborot bilan toʻlganligini taʼriflovchi axborot; metamaʼlumotlar tarkibiga: materiallar va maʼlumotlarning sifati va kelib chiqishi; fazoviy-vaqt tavsiflari; maʼlumotlarni olish usullari va ularni yangilashning davriyligi; sertifikatsiya, intellektual mulk va tarqatishga boʻlgan cheklovlar toʻgʻrisidagi axborot kiritiladi;
axborot tizimlari servislari — dasturiy-texnik vositalar, ular yordamida hududlar davlat kadastri maʼlumotlari foydalanish uchun taqdim etiladi va ularni qayta ishlash operatsiyalari amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari: Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) ularga nisbatan hududlarning davlat kadastri yuritiladigan hududlar hisoblanadi.
Ayrim hollarda ularga nisbatan hududlarning davlat kadastri yuritiladigan hududlar iqtisodiy mintaqa yoki erkin iqtisodiy zona va boshqalar boʻlishi mumkin.
4. DKYATga kiruvchi barcha davlat kadastrlarining obyektlari, muayyan hududda joylashgan sanoat, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, ijtimoiy soha, maʼmuriy va boshqa ahamiyatga ega boʻlgan obyektlar, shuningdek ushbu obyektlar toʻgʻrisidagi geofazoviy, statistik va boshqa zarur maʼlumotlar hamda ular joylashgan hududlar hududlarning davlat kadastri obyektlari hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi) hududlar davlat kadastrini tashkil etish va yuritish boʻyicha maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
6. Hududlarning davlat kadastrini tuzish va yuritish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Hududlar davlat kadastrining maqsadlari va vazifalari
7. Hududlarning davlat kadastri hududlarning tabiiy-resurs va xoʻjalik salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ekologik holatini hisobga olish hamda baholash maqsadlarida tuziladi va yuritiladi.
8. Hududlarning davlat kadastri davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarni hududiy rejalashtirish va hududlarni boshqarish sohasida qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan, hududlarning tabiiy-resurs va xoʻjalik salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ekologik holati toʻgʻrisidagi kompleks, aniq axborot bilan taʼminlash uchun moʻljallangan.
9. Hududlarning davlat kadastrini yuritish quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:
barcha darajalarda hududlarning davlat kadastrini yuritish metodologiyasining yagonaligi;
hududlar davlat kadastri yuritiladigan hududlarga nisbatan hududlarning tabiiy-resurs va xoʻjalik salohiyati, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ekologik holatini toʻliq qamrab olish;
fazoviy koordinatalarning yagona tizimini va yagona kartografik asoslarini qoʻllash;
barcha obyektlar boʻyicha geofazoviy maʼlumotlarni shakllantirish metodologiyasining yagonaligi;
hududlar davlat kadastri axborot resurslarining dolzarbligi, toʻgʻriligi, toʻliqligi, butligi, aniqligi, ravshanligi va hujjatlarga asoslanganligi;
hududlar davlat kadastri axborotining ochiqligi va undan hamma foydalanishi mumkinligi, uni olish, tarqatish va saqlashning qonuniyligi;
yer kadastri va boshqa davlat kadastrlarining axborot tizimlari hamda davlat axborot resurslarini tashkil qiluvchi reyestrlar bilan oʻzaro bogʻlanganligi;
hududlar davlat kadastrining axborot resurslarini tuzish, yangilash, qayta ishlash, saqlash, taqdim qilish va ulardan foydalanishni taʼminlaydigan hududlar davlat kadastrining bazaviy subyektlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
hududlarning davlat kadastrini tuzish va yuritish ishlarini davlat yer kadastri, DKYAT va Milliy geoaxborot tizimini tashkil etish va yuritish ishlari bilan muvofiqlashtirish.
10. Hududlar davlat kadastri maʼlumotlarining kompleksligi, toʻliqligi va toʻgʻriligi:
hududiy rivojlanishni rejalashtirish va hududlarni boshqarish;
aholi hayot faoliyatining xavfsiz muhitini shakllantirish;
hududlarni tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish;
hududlarda aholini, ishlab chiqarish obyektlarini va ishlab chiqarish kuchlarini bir xilda taqsimlash;
atrof tabiiy muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish;
sanoat obyektlari va boshqa obyektlarning muhandislik-transport infratuzilmasi samarali va ishonchli faoliyat koʻrsatishi;
hududlarni barqaror rivojlantirish maqsadida tabiiy resurslarni va alohida maqomga ega hududlarni, shu jumladan muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni, tarixiy obyektlarni, madaniy meros obyektlarini, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni, suv resurslarini va oʻrmonlarni muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish;
hududlarni rivojlantirish va boshqarishning boshqa masalalari boʻyicha boshqaruv qarorlari qabul qilinishini taʼminlashi kerak.
III. Hududlarning davlat kadastri tuzilmasi hamda uni tuzishni tashkil etish va yuritish
11. Hududlarning davlat kadastri tizimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) tashkiliy tuzilma;
2) texnik va dasturiy vositalar;
3) axborot resurslari;
4) metamaʼlumotlar bazalari;
5) geofazoviy maʼlumotlar servislari;
6) normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar va standartlar.
12. Hududlar davlat kadastrining tashkiliy tuzilmasini (ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan) quyidagilar tashkil qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari (hududlarning davlat kadastri axborotidan foydalanish);
hududlarning davlat kadastrini tuzish va yuritish boʻyicha vakolatli organ sifatida “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi;
Geodeziya va kartografiya milliy markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari;
hududlar davlat kadastri tizimida roʻyxatdan oʻtkazilishi va hisobga olinishi lozim boʻlgan axborot resurslarini tuzish, yangilash, qayta ishlash, saqlash, taqdim etish va ulardan foydalanishni amalga oshiradigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mulkchilikning barcha shakllaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar.
13. Hududlar davlat kadastri umumdavlat (DKYAT va Milliy geoaxborot tizimi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) darajasida yuritiladi.
14. Hududlarning davlat kadastrini tuzish va yuritish “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tarkibiga kiruvchi korxonalar:
respublika darajasida — Geodeziya va kartografiya milliy markazi;
mintaqa, tuman va shahar darajalarida — tegishli hududiy yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Hududlar davlat kadastrining tashkiliy tuzilmasiga oʻz vakolatlari doirasida hududlar davlat kadastri tizimi uchun axborot resurslarini taqdim etish uchun masʼul boʻlgan quyidagi bazaviy subyektlar kiradi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish;
irrigatsiya tizimlari va inshootlari joylashishi va holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
gidrotexnika inshootlari davlat kadastri maʼlumotlari (kapitalligi III klassdan past gidrotexnika inshootlari boʻyicha — inshootlarning mansubligi boʻyicha);
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi — davlat oʻrmon kadastri maʼlumotlari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
texnogen xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri (portlash xavfi va yongʻin xavfi yuqori boʻlgan zonalar (obyektlar) — boʻlim) maʼlumotlari;
ichki ishlar organlarining hududiy bosh boshqarmalari, boshqarmalari va boʻlimlari, tayanch punktlari, yoʻl-patrul xizmati, yongʻin xavfsizligi xizmati postlarining va ichki ishlar organlari blok-postlarining joylashishi va ulanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
joydagi obyektlarning oʻzgarishiga sabab boʻlgan tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi axborot uchun;
texnogen xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri (boʻlim — xavfi yuqori boʻlgan, odamlarni evakuatsiya qilish yoki koʻchirishni talab qiladigan zonalar) maʼlumotlari uchun;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi — moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastri maʼlumotlari va ushbu obyektlarga xizmat koʻrsatuvchi muassasalarning ulanish maʼlumotlari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
5) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
texnogen xavf yuqori boʻlgan zonalar kadastri (boʻlim — kuchli taʼsir etuvchi zaharli kimyoviy moddalar, pestitsidlar, radioizotop mahsulotlar, radioaktiv moddalar va boshqa moddalarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va ulardan foydalanish obyektlari) maʼlumotlari uchun;
sogʻliqni saqlash muassasalari: kasalxonalar, klinikalar, poliklinikalar, feldsherlik hamda jarohatlanish punktlari, dispanserlar, dorixonalar va boshqalarning joylashishi hamda ulanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi — maktabgacha hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining joylashishi va ulanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar — idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalarining joylashishi va ulanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining joylashishi va ulanish maʼlumotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi — aloqa obyektlari davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
9) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
konlar, foydali qazilmalar va texnogen hosilalarning yuzaga chiqish hollari davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
tabiiy xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri (boʻlim — xavfli geologik jarayonlarning yuzaga chiqish zonalari) maʼlumotlari uchun;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
Keyingi tahrirga qarang.
davlat shaharsozlik kadastri maʼlumotlari;
qurilayotgan binolar va inshootlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchun;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
Keyingi tahrirga qarang.
hayvonot dunyosi davlat kadastri maʼlumotlari;
oʻsimlik dunyosi obyektlari davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
chiqindilarni koʻmish va utilizatsiya qilish joylari davlat kadastri maʼlumotlari;
muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi — aholi soni toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturi doirasida shakllanadigan tumanlar (shaharlar) boʻyicha alohida yillik statistik koʻrsatkichlar uchun;
13) “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
davlat yer kadastri maʼlumotlari;
binolar va inshootlar davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
kartografiya-geodeziya davlat kadastri maʼlumotlari;
14) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
Keyingi tahrirga qarang.
davlat suv kadastri (yer usti suvlari, yer osti suvlari, suv resurslaridan foydalanish) maʼlumotlari;
tabiiy xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri kadastri (boʻlim — gidrometeorologik hodisalar xavfi yuqori boʻlgan zonalar) maʼlumotlari uchun;
15) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
tabiiy xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri (boʻlim — seysmik xavf yuqori boʻlgan zonalar) maʼlumotlari;
texnogen xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri (boʻlim — yadro fizikasi korxonalaridagi radiatsiya xavfi yuqori boʻlgan zonalar) maʼlumotlari uchun;
16) Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi — texnogen xavf yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastri (boʻlim — ishlab chiqarish obyektlarida, portlash-yongʻin xavfi va radiatsiya xavfi boʻlgan obyektlarda boʻlishi mumkin boʻlgan avariya holatlari xavfi yuqori boʻlgan zonalar) maʼlumotlari va texnogen xavf yuqori boʻlgan obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlarning ulanish maʼlumotlari uchun;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Davsuvxoʻjaliknazorat” davlat inspeksiyasi — gidrotexnika inshoootlari davlat kadastri (davlat mulkida boʻlgan, shuningdek respublika va mintaqaviy suv xoʻjaligi va energetika tizimlariga kiradigan kapitalligi I, II, III klassli gidrotexnika inshootlari boʻyicha) maʼlumotlari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
18) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi — temir yoʻllar davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
19) “Oʻzavtoyoʻl” davlat aksiyadorlik kompaniyasi — avtomobil yoʻllari davlat kadastri maʼlumotlari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
20) “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi — quyidagi maʼlumotlar uchun:
Keyingi tahrirga qarang.
energetika obyektlari davlat kadastri maʼlumotlari;
gidrotexnika inshootlari davlat kadastri (kapitalligi III klassdan past gidrotexnika inshootlari boʻyicha — inshootlarning mansubligi boʻyicha) maʼlumotlari uchun;
Keyingi tahrirga qarang.
21) “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi — yetkazib berish quvurlari davlat kadastri maʼlumotlari uchun.
16. Geofazoviy maʼlumotlar koordinatalarning davlat va mahalliy tizimlarida, obyektlarning hisobga olinishi lozim boʻlgan kodlarini, shuningdek hududlar davlat kadastri geoaxborot tizimi maʼlumotlar bazasida geofazoviy obyektlarni raqamli taʼriflash qoidalarini belgilagan holda obyektlarning klasslari va xususiyatlari roʻyxatini (tasnifini) belgilovchi hududlarning davlat kadastrini tasniflash va kodlashning yagona tizimiga muvofiq raqamli shaklda tuziladi.
17. Hududlar davlat kadastri axborot tizimining texnik va dasturiy vositalariga hududlarning davlat kadastri axborot resurslari roʻyxatdan oʻtkazilishi, hisobga olinishi, saqlanishi, dolzarblashtirilishi va foydalanuvchilarga taqdim etilishini taʼminlaydigan umumdavlat, mintaqaviy, tumanlar va shaharlar geoportallari hamda geoaxborot tizimlari tarmogʻi kiradi.
18. Hududlar davlat kadastri tizimining axborot resurslari ushbu Nizomning 29 — 32-bandlarida keltirilgan maʼlumotlarning umumlashtirilgan tarkibi va ularga kiritish uchun asoslar hududlar davlat kadastrining umumdavlat, mintaqaviy, tuman va shahar darajalaridagi axborot resurslaridan iborat boʻladi.
19. Hududlar davlat kadastri axborot resurslarining tuzilmasi va batafsil mazmuni “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida hududlarning davlat kadastri tizimi uchun axborot resurslari taqdim etilishi uchun masʼul boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda belgilanadi.
20. Hududlarning davlat kadastri metamaʼlumotlari axborot resurslari, shu jumladan hududning tarkibi, tuzilmasi, sifati, ayrim qismlari, geofazoviy maʼlumotlardan foydalanish shartlari va ularni tuzuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma axborotni oʻz ichiga oladi. Kadastr hujjatlari va geofazoviy maʼlumotlarning turiga qarab, metamaʼlumotlar boshqa maʼlumotnoma axborotni oʻz ichiga olishi mumkin.
21. Metamaʼlumotlarning tartibga solingan toʻplamlarini oʻz ichiga oluvchi metamaʼlumotlar bazalari tegishli hududiy yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari tomonidan tuziladi hamda geofazoviy maʼlumotlar va axborot tizimlari servislarini qidirish, sifatini baholash, ulardan foydalanish shartlarini taʼminlash uchun geoportallar tarmogʻida joylashtiriladi.
22. Hududlar davlat kadastri tizimida quyidagi axborot tizimlari servislariga ega boʻlgan geoportallar tarmogʻi yaratiladi va unga xizmat koʻrsatiladi:
1) axborot tarmoqlarida geofazoviy maʼlumotlar toʻplamlari va servislarini aniqlashni taʼminlaydigan qidirish servislari;
2) geofazoviy maʼlumotlar toʻplamlarini, geofazoviy obyektlarning tavsiflari toʻgʻrisidagi axborotni va metamaʼlumotlar tarkibini koʻrib chiqish servislari;
3) kadastr maʼlumotlariga bevosita kirishni yoki ulardan nusxalar olishni taʼminlaydigan kirish servislari;
4) geofazoviy maʼlumotlar koordinatalarini bir koordinatalar tizimidan yoki kartografik proyeksiyadan boshqasiga almashtirishni taʼminlaydigan almashtirish servislari.
23. Metodik, lingvistik, texnik va dasturiy vositalar hududlarning davlat kadastrini tuzish va yuritish jarayonida quyidagi asosiy operatsiyalarning avtomatlashtirilgan tarzda bajarilishini taʼminlashi lozim:
elektron hujjat aylanishi va kadastr maʼlumotlari almashuvining birxillashtirilgan tizimidan foydalangan holda boshqa kadastrlar va axborot tizimlari bilan hujjatlashtirilgan maʼlumotlar almashuvi;
hududlarning davlat kadastri axborot tizimida saqlanayotgan maʼlumotlardan rezerv nusxa koʻchirish va ularni himoya qilish;
yangi hujjatlar va maʼlumotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish, shuningdek belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilgan hujjatlar va maʼlumotlarning saqlanishini arxiv rejimiga oʻtkazish yoʻli bilan axborot resurslarini dolzarblashtirish;
geofazoviy maʼlumotlar bazasini kiritish, tahrir qilish va soz holda saqlash, hududlar davlat kadastri raqamli kartalarini shakllantirish, chiqarish va ulardan foydalanish;
axborotni obyektning manzili yoki roʻyxatdan oʻtkazish (identifikatsiya) raqami, yer uchastkasining koordinatalari yoki kadastr raqami, hujjatning nomi va rekvizitlari boʻyicha qidirish;
tahliliy hisobotlar tuzish, chiqish hujjatlarini bosma va/yoki elektron shaklda shakllantirish va chiqarish;
hududlarning davlat kadastri axborot resurslaridan foydalangan holda kiritilgan yoki shakllantirilgan va kiritilgan kirish/chiqish hujjatlari reyestrini bosma va/yoki elektron shaklda yuritish.
24. “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan vakolatli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kadastr hisobi va kadastr maʼlumotlari almashuvi, hududlar davlat kadastrini tuzish va rivojlantirish uchun birxillashtirilgan elektron hujjatlar aylanishi tizimining axborot resurslarini tashkil etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar va standartlar ishlab chiqiladi.
IV. Hududlarning davlat kadastrini tuzish tartibi
25. Hududlarning davlat kadastrini tuzish quyidagi asosiy masalalarning hal etilishini oʻz ichiga oladi:
hududlarning davlat kadastrini tuzish konsepsiyasini va maqsadli davlat dasturini ishlab chiqish;
normativ-huquqiy va metodik bazani ishlab chiqish;
hududlar davlat kadastri tizimining barcha bazaviy subyektlari faoliyat yuritishini va oʻzaro hamkorlikda ishlashini tashkil qilish;
dasturiy-texnik komplekslarni ishlab chiqish (tanlash);
hududlarning davlat kadastrini yuritishning barcha darajalarida ularning axborot resurslarini shakllantirish va maʼlumotlar bazalarini tashkil etish (toʻldirish) boʻyicha ishlarni tashkil qilish;
bazaviy subyektlar bilan hududlar davlat kadastri foydalanuvchilariga axborot taqdim etish tizimi oʻrtasida axborotlar almashuvining axborot-kommunikatsiya tizimini shakllantirish;
hududlar davlat kadastri axborot tizimidan foydalanuvchilarni va tizimga xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislarni oʻqitish yoʻli bilan hududlar davlat kadastri axborot tizimining faoliyat yuritishini kadrlar bilan taʼminlash.
26. Hududlarning davlat kadastrini tuzish ikkita asosiy bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqich:
hududlar davlat kadastrini tuzish konsepsiyasini va maqsadli davlat dasturini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash;
hududlar davlat kadastri axborot tizimining maʼlumotlar bazasiga bazaviy axborot tariqasida kiritilishi nazarda tutiladigan materiallar va maʼlumotlarni uni yuritishning tegishli darajalarida toʻplash, tizimlashtirish va tahlil qilish ishlari;
hududlarning davlat kadastri axborot tizimi va geoportallarining texnik komplekslarini uni yuritishning barcha darajalarida xarid qilish va oʻrnatish;
hududlar davlat kadastri maʼlumotlarining kadastr hisobga olinishi va almashuvi uchun moʻljallangan birxillashtirilgan elektron hujjatlar aylanishi tizimini ishlab chiqish hamda joriy etish;
hududlar davlat kadastri geoaxborot tizimlari va geoportallarining dasturiy taʼminotini ishlab chiqish, zarur hollarda xarid qilish hamda oʻrnatish;
hududlarning davlat kadastri geoaxborot tizimlari va geoportallaridan tajriba tariqasida foydalanish;
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi markaziy apparatining tegishli boʻlinmalari, Geodeziya va kartografiya milliy markazi, hududiy yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalarining, hududlar davlat kadastrini tuzish va yuritish boʻyicha boshqa bazaviy subyektlarning faoliyatini tashkil qilish.
Ikkinchi bosqich:
hududlar davlat kadastri bazaviy subyektlarining taqsimlangan maʼlumotlar bazalari oʻrtasida axborot almashuvining kommunikatsiya kanallarini oʻrnatish;
axborotni muhofaza qilishni va hududlarning davlat kadastri axborot resurslaridan foydalanish tizimini tashkil qilish;
hududlarning davlat kadastri geoaxborot tizimlari maʼlumotlar bazalariga maʼlumotlarni muntazam kiritib borish va dolzarblashtirish ishlarini uni yuritishning barcha darajalarida tashkil qilish;
foydalanuvchilarning soʻrovlari boʻyicha kadastr hujjatlarini, maʼlumotnomalar va boshqa axborotni, shu jumladan interaktiv davlat xizmatlari shaklida shakllantirish va berish ishlarini tashkil qilish;
hududlarning davlat kadastri geoaxborot tizimlari va geoportallaridan sanoat yoʻsinida foydalanish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarni hududlarning davlat kadastri axborotlari bilan muntazam (doimiy) taʼminlash.
V. Hududlarning davlat kadastrini yuritish tartibi
27. Hududlar davlat kadastrini yuritish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
28. Hududlarning davlat kadastrini yuritish Geodeziya va kartografiya milliy markazi, tegishli hududiy yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari tomonidan ushbu Nizomning 15-bandida koʻrsatilgan hududiy davlat kadastrining bazaviy subyektlaridan olingan maʼlumotlar va hujjatlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha qarorlari olingan, tizimlashtirilgan, umumlashtirilgan va roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin tegishli darajadagi hududlarning davlat kadastri axborot resurslarini shakllantirish va dolzarblashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
29. Respublika darajasida hududlarning davlat kadastri tizimiga:
mamlakat hududining 1:200 000 masshtabdagi yagona raqamli kartografik asosi;
davlat chegarasi va maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralari;
mamlakat hududining kadastr boʻyicha boʻlinishi birliklari;
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini joylashtirishning bosh sxemasi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududini rejalashtirish sxemalari;
hududlardan foydalanish, mamlakat hududini ekologik, muhandislik-geologik, seysmik, gidrogeologik, tuproq, iqtisodiy, soliq va boshqalarga oid mintaqalarga boʻlish boʻyicha davlat kadastrlari va axborot tizimlarining axborot resurslari;
hududiy rejalashtirish, shaharsozlik, yer tuzish va boshqa sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
30. Mintaqaviy darajada hududlarning davlat kadastri tizimiga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarining 1:10 000 yoki 1:25 000 masshtabdagi yagona raqamli kartografik asosi;
davlat chegarasi va maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini kadastr boʻyicha boʻlish birliklarining chegaralari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hududlari va aholi punktlari chegaralaridan tashqaridagi mintaqaviy ahamiyatga molik boʻlgan obyektlar hududlarining ayrim qismlarini rejalashtirish sxemalari;
hududlarni istiqbolli rivojlantirishning loyiha qarorlari va muhandislik, transport hamda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalari;
hududlardan foydalanish, mintaqalar hududlarini ekologik, muhandislik-geologik, seysmik, gidrogeologik, tuproq, iqtisodiy, soliq va boshqalarga oid mintaqalarga boʻlish boʻyicha davlat kadastrlari va axborot tizimlarining axborot resurslari;
hududiy rejalashtirish, shaharsozlik, yer tuzish va boshqa sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
31. Tuman darajasida hududlarning davlat kadastri tizimiga:
tuman hududining 1:5 000 yoki 1:10 000 masshtabdagi yagona raqamli kartografik asosi;
qishloq va posyolka fuqarolar yigʻinlari hamda mahallalarning maʼmuriy-hududiy birliklari chegaralari;
tuman hududini kadastr boʻyicha boʻlish birliklarining chegaralari;
yer uchastkalarining chegaralari;
tuman hududini va aholi punktlari chegaralaridan tashqaridagi mintaqaviy ahamiyatga molik obyektlar bilan birgalikda hududlarning ayrim qismlarini rejalashtirish sxemalari;
hududlar davlat kadastri axborot tizimlari alohida tuzilmaydigan tuman boʻysunuvidagi shaharlar, posyolkalar, qishloq aholi punktlarining bosh rejalari, hududlarni zonalashtirish rejalari, koʻrsatib oʻtilgan aholi punktlarining tarixiy-arxitektura rejalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ushbu Nizomning 31-bandiga muvofiq mazkur aholi punktlari haqidagi boshqa maʼlumotlar;
hududlardan foydalanish, tuman hududini ekologik, muhandislik-geologik, seysmik, gidrogeologik, tuproq, iqtisodiy, soliq va boshqalarga oid mintaqalarga boʻlish davlat kadastrlari hamda axborot tizimlarining axborot resurslari;
hududiy rejalashtirish, shaharsozlik, yer tuzish va boshqa sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
32. Shahar darajasida hududlarning davlat kadastri tizimiga:
shaharning 1:2 000 masshtabdagi yagona raqamli kartografik asosi;
shahar, shahar tumanlari (mavjud boʻlsa) va mahallalarning chegaralari;
shahar hududini kadastr boʻyicha boʻlish birliklarining chegaralari;
shaharning bosh rejasi, hududlarni zonalashtirish rejalari, tarixiy-arxitektura rejasi va shahar hududining batafsil rejalari;
iqtisodiy va soliqqa oid zonalashtirish chegaralari;
davlat yer kadastri maʼlumotlari asosida — yer uchastkalari, ularning kadastr raqamlari, chegaralari va ekin maydoni (ularda joylashgan bino va inshootlarning konturlarini belgilagan holda), moʻljallangan maqsad va funksional foydalanish, yerlarni yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilar, ijaraga oluvchilar hamda yer uchastkalari mulkdorlari oʻrtasida taqsimlash, yer uchastkalaridan foydalanish boʻyicha majburiyatlar;
binolar va inshootlar davlat kadastri, shaharsozlik davlat kadastri maʼlumotlari, xizmat koʻrsatuvchi taʼmirlash tashkilotlari maʼlumotlari, infratuzilmaning qurilishi tugallangan obyektlarini muhandislik-geodezik ijroviy suratga olish natijalari va boshqa rasmiy manbalar asosida — muhandislik-transport infratuzilmasi;
binolar va inshootlar davlat kadastri, madaniy meros obyektlari davlat kadastri, shaharsozlik davlat kadastri maʼlumotlari va boshqa rasmiy manbalar asosida — binolar va inshootlar, ularning huquqiy rejimi, texnik holati, meʼmoriy va madaniy qimmati;
moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastri maʼlumotlari asosida — madaniy meros yodgorliklari;
Geografik obyektlarning nomlari davlat reyestri maʼlumotlari, topografik chizmalar, boshqa rasmiy manbalar asosida — mahallalar, koʻchalarning nomlari va joyning nom berilgan boshqa obyektlari;
topografik chizmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining shahar hududidagi obyektlarning manzillarini belgilash yoki oʻzgartirish haqidagi qarorlari asosida — shahar hududidagi manzillar reyestri;
belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharsozlik dasturlari, infratuzilmani rivojlantirish, madaniy meros yodgorliklari va tabiiy obyektlarni muhofaza qilish, hududni koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish hamda muhofaza qilish sxemalari va loyihalari, davlat investitsiya dasturlari va loyihalari;
shaharsozlik davlat kadastri maʼlumotlari asosida — boshqa shaharsozlik hujjatlari, loyiha hujjatlari materiallari, qurilish uchun ruxsatnomalar, shaharsozlik reglamentlari, qurilishi tugallangan hamda foydalanish uchun qabul qilingan obyektlar va boshqa shaharsozlik hujjatlari;
qizil chiziqlar va qurilishlarni tartibga solish chiziqlari;
shaharsozlik davlat kadastri maʼlumotlari, tegishli shaharsozlik hujjatlari, ekologik, gidrometeorologik, radiologik, sanitariya-gigiyenaga oid hamda boshqa tadqiqotlar va qidiruvlar maʼlumotlari asosida — ayrim hududlar va yer uchastkalarining ekologik va muhandislik-geologik tavsiflari, ularda shaharsozlik reglamentlari va cheklovlarni inobatga olgan holda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati;
boshqa davlat kadastrlarining va axborot tizimlarining hududlardan foydalanish, shahar hududini ekologik, muhandislik-geologik, seysmik, gidrogeologik va boshqalarga oid mintaqalarga boʻlish boʻyicha axborot resurslari;
hududiy rejalashtirish, shaharsozlik, yer tuzish va boshqa sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
33. Hududlarning davlat kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning tarkibi, mazmuni, formatlari, taqdim etish davriyligi va tartibi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan hududlar davlat kadastrining bazaviy subyektlari bilan kelishgan holda belgilanadi.
34. Geodeziya va kartografiya milliy markazi, hududiy yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari hududlar davlat kadastrini yuritishning tegishli darajalarida quyidagilarni amalga oshiradi:
hududlar davlat kadastrining bazaviy subyektlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish va ulardan hududlar davlat kadastri axborot tizimining maʼlumotlar bazasida roʻyxatdan oʻtkazilishi, hisobga olinishi hamda kiritilishi lozim boʻlgan axborotni doimiy qabul qilib olish;
olingan maʼlumotlar va hujjatlarni dastlabki qayta ishlash, ularni nazorat qilish va tizimlashtirish hamda ularni hududlar davlat kadastri axborot tizimining maʼlumotlar bazasiga kiritish;
hududlarning davlat kadastri axborot tizimi hamda geoportallarining texnik va dasturiy vositalariga xizmat koʻrsatish;
axborotni saqlash va arxivlashtirish tizimiga xizmat koʻrsatish;
boshqa davlat kadastrlari, reyestrlar va axborot tizimlari bilan axborot almashish;
qonun hujjatlariga muvofiq axborotni undan ruxsatsiz foydalanishdan muhofaza qilish tadbirlari;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlariga muvofiq intellektual mulkni muhofaza qilish tadbirlari;
Keyingi tahrirga qarang.
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan vakolatli vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda belgilangan tartibda kadastr hujjatlarini shakllantirish va uni manfaatdor foydalanuvchilarga berish;
hududdan, yerdan va boshqa tabiiy va xoʻjalik resurslaridan foydalanishning holati, ushbu hududda joylashgan turli obyektlarning holati va oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtirish va tahliliy hisobotlar tuzish;
hududlarning davlat kadastri axborot resurslari toʻgʻrisidagi metamaʼlumotlar bazasini tashkil etish va yuritish, hududlar davlat kadastrining ochiq axborot resurslarini shakllantirish hamda geoportallar tarmogʻida ulardan foydalanish;
foydalanuvchilarning soʻrovlariga javoban hududlarning davlat kadastri axborot tizimi maʼlumotlar bazasining axborot resurslaridan ruxsat berilgan foydalanish chegaralaridagi kadastr maʼlumotnomalarini shakllantirish;
tegishli darajadagi hududlarning davlat kadastri axborot resurslarini tasarruf qiluvchi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq foydalanuvchilarning alohida toifalariga hududlar davlat kadastri axborot resurslaridan ruxsat berilgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishni taʼminlash tadbirlari;
hududlarning davlat kadastrini yuritish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va metodik hujjatlarni ishlab chiqish hamda joriy etish;
hududlarning davlat kadastrini yuritish vositalarini rivojlantirish va joriy etish;
ushbu Nizomga muvofiq hududlarning davlat kadastrini tuzish va yuritish sohasidagi boshqa faoliyat.
VI. Hududlarning davlat kadastri axborotini foydalanuvchilarga berish tartibi
35. Hududlarning davlat kadastrida saqlanadigan axborot ochiq hisoblanadi va undan hamma foydalanishi mumkin, tarkibida foydalanish cheklangan axborot bor boʻlgan maʼlumotlar bundan mustasno.
Hududlarning davlat kadastrida saqlanadigan axborotni muhofaza qilish axborot munosabatlarining tegishli subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Hududlar davlat kadastrining davlat mulki yoki davlat yoxud tijorat siri hisoblangan axborotidan foydalanishga cheklovlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Hududlarning davlat kadastrida saqlanadigan va foydalanishga cheklovlar boʻlmagan axborot:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, hududlar davlat kadastrining boshqa bazaviy subyektlariga — hududlarning davlat kadastri axborot resurslaridan ruxsat berilgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish huquqini berish yoʻli bilan muntazam (doimiy) asosda;
manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga — soʻrov boʻyicha besh kun ichida, shuningdek tegishli darajadagi hududlarning davlat kadastri axborot resurslarini tasarruf qiluvchi tomonidan tasdiqlangan foydalanuvchilarning alohida toifalari roʻyxatiga muvofiq hududlar davlat kadastri axborot resurslaridan ruxsat berilgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish yoʻli bilan beriladi.
37. Hududlarning davlat kadastrida saqlanadigan va foydalanishga cheklovlar boʻlmagan axborot:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, hududlar davlat kadastrining boshqa bazaviy subyektlariga — toʻlovlar undirilmasdan;
manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarga — haq toʻlash evaziga beriladi. Toʻlov miqdori, muddatlari va tartibi belgilangan tartibda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
VII. Yakunlovchi qoidalar
38. Hududlarning davlat kadastrini yuritish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun ushbu maʼlumotlarni taqdim etish vakolatiga kiradigan vakolatli tashkilotlar va mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Yuridik va jismoniy shaxslar hududlarning davlat kadastri davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda:
axborotni hujjatlashtirish, shakllantirish, undan foydalanish hamda davlat axborot resurslaridan foydalanishni tashkil qilish tartibi va talablariga rioya qilishga;
davlat axborot resurslarining axborot xavfsizligini taʼminlashga;
davlat axborot resurslarini shakllantirishda va ularning faoliyat yuritishini taʼminlashda litsenziyali dasturiy hamda sertifikatsiyalangan texnik vositalardan foydalanishga majburdir.
Yuridik va jismoniy shaxslar hududlarning davlat kadastri davlat axborot resurslarini shakllantirishda va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Yuridik va jismoniy shaxslar hududlarning davlat kadastri davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda:
axborot bilan ishlash, davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish qoidalari buzganligi;
davlat axborot resurslaridagi axborot oʻgʻirlaganligi, yoʻqotilganligi, buzilganligi, blokirovka qilganligi va qalbakilashtirilganligi;
mualliflik huquqlari va intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar hududlarning davlat kadastri davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa jihatlar yuzasidan ham javob berishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Hududlarning davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Hududlarning davlat kadastrini yuritish
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Hududlarning davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Hududlarning davlat kadastrini yuritish (HDK)
SXEMASI
* Strelkalar bilan axborotning harakat yoʻnalishi belgilangan.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 33-son, 422-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda, 28-son, 649-modda, 34-son, 889-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 13.03.2019-y., 09/19/215/2774-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son; 12.04.2021-y., 09/21/200/0318-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.08.2021-y., 09/21/525/0803-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 28.09.2023-y., 09/23/500/0732-son)