Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AHOLINI VATANIMIZDA IShLAB ChIQARILGAN UN VA NON MAHSULOTLARI BILAN TAʼMINLAShNI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosati tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ulgurji va chakana savdoda sotilayotgan un va non mahsulotlariga boʻlgan isteʼmol talabini chuqur oʻrganishni tashkil etish, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot assortimentini aholi talabiga muvofiq oqilona oʻzgartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasining korporatsiya ijro etuvchi apparati tuzilmasida xodimlarning shtatda belgilangan soni doirasida Marketing boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi Marketing boshqarmasining asosiy funksiyalari etib belgilansin:
ulgurji va chakana savdo tizimida unning turli navlariga va non mahsulotlari turlariga boʻlgan ichki isteʼmol talabini oʻrganish;
isteʼmol talabiga muvofiq un va non mahsulotlari assortimentini shakllantirish uchun gʻallani qayta ishlashni maqbullashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
“Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi mahsulotlariga isteʼmol talabi prognozini ishlab chiqish va shu asosda ozuqabop bugʻdoy va un resurslaridan oqilona foydalanish yuzasidan takliflar tayyorlash;
ichki va tashqi bozorlarda, birinchi navbatda chegaradosh davlatlar bozorlarida gʻalla, un va non mahsulotlari bozori konyunkturasi monitoringini tashkil etish.
2. “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda aholi va respublika isteʼmolchilarining unning turli navlariga va non mahsulotlari turlariga amalda vujudga kelayotgan isteʼmol talabidan kelib chiqqan holda ozuqabop bugʻdoyni sanoat asosida qayta ishlash, un va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning belgilangan koʻrsatkichlariga har chorakda tuzatishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” korporatsiyasi “Oʻzstandart” agentligi va Davlat don inspeksiyasi bilan birgalikda unning turli navlariga boʻlgan isteʼmol talabini hamda ishlab chiqarilayotgan unning non pishirish xususiyatlarini hisobga olgan holda har yili kelgusi qishloq xoʻjaligi yilida bugʻdoyni navlar boʻyicha joylashtirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Yusupov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 25-mart,
155-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 5-6-son, 55-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)