Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AVSTRIYA RESPUBLIKASI FUQAROLARI UCHUN VIZA TARTIBOTLARINI SODDALASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Avstriya Respublikasi oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmonlik va turistik maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirish tartibotlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
ishbilarmonlik maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun bir yil muddatga koʻp martalik vizalarni, Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishiga doir talabni bekor qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida 2 ish kunida rasmiylashtirsin;
turist sifatida Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurayotgan Avstriya Respublikasi fuqarolari uchun 1 oygacha boʻlgan muddatga koʻp martalik vizalarni, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi yoki boshqa turistik tashkilotlarning turistik vaucherlarini taqdim etish zarurligiga doir talabni bekor qilgan holda 2 ish kunida rasmiylashtirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari va idoralari oʻz idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 19-fevral,
84-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 4-son, 30-modda; 2017-y., 15-son, 257-modda)