Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash toʻgʻrisida
Davlat mulkidan maqsadli va samarali foydalanish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining:
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutiga biriktirilgan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli koʻchasi, 25-uy manzilidagi binoni (keyingi oʻrinlarda — bino deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi Oʻzbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
binoning bir qismiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimiga kiruvchi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasini bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bir hafta muddatda binoni belgilangan tartibda topshirsin, Oʻzbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi qabul qilib olsin hamda undan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti parametrlarida “Madaniyat” sohasiga nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida binoni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun mablagʻlarni Oʻzbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasiga ajratsin, 2015-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ularni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markaziga binolar ajratish toʻgʻrisida” 2007-yil 1-oktabrdagi 207-son qarorining 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 10-iyul,
187-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 28-son, 345-modda; 16.01.2024-y., 09/24/25/0036-son)