Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Taʼlim, madaniyat va insonparvarlik sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb nomlanadilar,
madaniyat, taʼlim va insonparvarlik sohasida ikkala mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va Oʻzbekiston hamda Gruziya xalqlari oʻrtasidagi hamfikrlikni va doʻstlik munosabatlarini yanada kengaytirishga yordam berish xohishini bildirib,
kuyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar madaniyat yutuqlari bilan yaxshi tanishish maqsadida madaniyat va sanʼat sohasida ijodiy hamkorlikni quyidagi yoʻllar bilan ragʻbatlantiradilar:
a) sanʼat arboblari va madaniyat muassasalari ijodiy uyushmalari bilan hamkorlik qilish;
b) ijodiy jamoalar va ijrochilar gastrollarini tashkil etish, kompozitorlar, rassomlar boshqa madaniyat sohasi bilan band boʻlgan shaxslar oʻrtasida ishchanlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish;
v) festivallar oʻtkazish, koʻrgazmalar tashkil etish, konsertlar va teatr tomoshalari koʻrsatish;
g) maʼruzalar oʻqish, seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish;
d) madaniyat sohasidagi nashrlarni oʻzaro almashish;
e) tarixiy va madaniy merosni konservatsiyalash va taʼmirlash sohasida tajriba va ekspertlarni oʻzaro almashish.
2-modda
Tomonlardan har biri oʻz mamlakatida oʻrnatilgan tartibga muvofiq ikkinchi mamlakatning jismoniy va yuridik shaxslariga kutubxonalar, muzeylar, galereyalar, arxivlar va boshqa madaniy tusdagi muassasalardan ilmiy ishlar, oʻqish va mazkur Bitimga javob beruvchi boshqa maqsadlarda foydalanish uchun imkoniyat yaratib beradilar.
3-modda
Tomonlar ikkala mamlakat madaniyat, taʼlim va ilm-fan muassasalari, uyushmalari va tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik qilishga, bevosita almashuvlarni qaror toptirishga hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi mintaqalari va shaharlari oʻrtasida sheriklik va madaniy aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar ikkala mamlakatning mualliflik huquqi sohasidagi tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni va oʻz mamlakatida ikkinchi mamlakatning adabiy, musiqiy, badiiy va ilmiy mazmundagi asarlarining tarjima qilinishi, rasmlardan nusxa olib koʻpaytirishni va nashr qilishni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Tomonlar kitob nashr qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, shu jumladan, kitob koʻrgazmalari, badiiy adabiyot asarlari, davriy nashrlarni oʻzaro almashishga, ikkala mamlakat yozuvchilari va nashriyot tashkilotlari oʻrtasida qoʻshma loyihalar tashkil etishga yordam koʻrsatadilar.
6-modda
Tomonlar ikkala mamlakat oʻrtasida quyidagi yoʻllar bilan kino sohasida hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar:
a) oʻzaro festivallar, dekadalar, kino va kino premyeralari kunlarini oʻtkazish;
b) badiiy, hujjatli va xronikal kinofilmlarni tijorat va notijorat asoslarda almashish;
v) birgalikda filmlar ishlab chiqarish:
g) bir Tomonning ikkinchi Tomon davlati hududida filmlar yaratishida va kinomateriallar tayyorlanayotganda yordam koʻrsatish;
d) delegatsiyalar va kinematografiya sohasida ishlovchi alohida mutaxassislarni oʻzaro almashish, bunda yosh kinematografchilar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor berilishi lozim;
e) boshqa mamlakatda oʻtkazilayotgan xalqaro kinofestivallarda qatnashish;
j) bir Tomonning ikkinchi Tomon oʻtkazayotgan (xalqaro, mintaqaviy va hududiy) kino bozorlarida qatnashish.
7-modda
Televideniya va radioeshittirish sohasida ikkala mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni quyidagi yoʻllar bilan ragʻbatlantiradilar:
a) tele va radiodasturlarni oʻzaro almashish;
b) tele va radiomateriallarni birgalikda chiqarish;
v) bir Tomonning ikkinchi Tomon tomonidan teleradiomatiyerallar yaratishda koʻmaklashuvi:
g) televideniya va radio sohasida ishlovchi mutaxassislarni oʻzaro almashish.
8-modda
Tomonlar ikkala mamlakat jurnalistlari tashkilotlari va matbuot va axborot organlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni ragʻbatlantiradilar va ularning kasb majburiyatlarini, shu jumladan, ishchanlik aloqalari oʻrnatishlari uchun jurnalistlarga imkoniyatlar yaratib beradilar.
9-modda
Gumanitar va tabiiy fanlar sohasidagi hamkorlikka katta ahamiyat berib, Tomonlar ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, kelishilgan mavzu boʻyicha maʼruzalar oʻqish, ikkala mamlakatning tegishli ilmiy muassasalari faoliyati va yutuqlari bilan tanishish uchun olimlar, ilmiy jamiyatlar vakillarini va boshqa mutaxassislarni oʻzaro almashishga, shuningdek, yuqorida eslatib oʻtilgan sohalardagi ilmiy maqolalar va nashrlarni oʻzaro almashishga har tomonlama koʻmaklashadilar
10-modda
Tomonlar oliy, oʻrta, hunar-texnika taʼlimi va maorif sohasidagi aloqalarni quyidagi yoʻllar bilan rivojlantirishni ragʻbatlantiradilar:
a) taʼlim va oʻqitishning qoʻyilishi bilan tanishish uchun, shuningdek, mashgʻulotlar va maʼruzalar oʻqishni oʻtkazish uchun oʻqituvchilar va boshqa mutaxassislarni oʻzaro almashish;
b) oʻqitish, malaka oshirish va ilmiy tadqiqotlar uchun gumanitar va tabiiy fanlar sohasidagi talabalar, aspirantlar va boshqa ilmiy xodimlarni oʻzaro almashish;
v) maktab yoshidagi bolalarni, shuningdek, studentlarni oʻqitish va mutaxassislarning malakasini oshirish uchun stipendiyalar berish imkoniyatlarini qidirib topish;
g) ikkala mamlakat tilini va adabiyotini oʻrganishga koʻmaklashish;
d) oʻquv va uslubiy adabiyotlar, oʻquv va koʻrgazmali qurollarni oʻzaro almashish.
11-modda
Tomonlar taʼlim milliy tizimini rivojlantirish toʻgʻrisida muntazam ravishda bir-birlariga axborot berib turadilar. Tomonlar taʼlim muammolari boʻyicha qoʻshma axborot banki tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydilar, uning tashkiliy prinsiplari maxsus protokolda aytib oʻtiladi.
12-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi yoshlari va yoshlar tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik va aloqalarni, oʻzaro delegatsiyalar almashishni, talabalar kechalari va sport musobaqalari, bolalar rasmlari koʻrgazmasi, shuningdek, boshqa qoʻshma chora-tadbirlar oʻtkazishni ragʻbatlantiradilar.
13-modda
Tomonlar ikki yilda kamida bir marta navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Gruziya Respublikasida uchrashib turadigan ishchi Komissiyasini taʼsis etadilar.
Komissiya majburiyatiga mazkur Bitimning qanday bajarilayotganligini koʻrib chiqish, oʻzaro maqbullik asosida Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi oʻrtasida hamkorlik qilishning ikki tomonlama hukumatlararo dasturlarini ishlab chiqish kiradi.
14-modda
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi.
Agar Tomonlardan biri ushbu Bitim muddati tugagunga qadar olti oy oldin uning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisida oʻz xohishini yozma holda bildirmasa, Bitimning amalda boʻlishi keyingi besh yilliklar davriga yoki navbatdagi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, ikki nusxada, oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Bitim qoidalarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)