Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Aloqa sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataladilar,
har ikkala mamlakatda ham yagona aloqa tizimlari borligini tan olib,
aloqa sohasida oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirishga, ikkala davlatdagi elektr va pochta aloqalari tarmoqlari va vositalarining uzluksiz ishlab turishini taʼminlashga, shuningdek ushbu sohadagi huquqiy boshqarishni takomillashtirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar aloqa sohasidagi oʻz munosabatlarini umumiy qabul qilingan normalar va xalqaro huquq prinsiplariga, Jahon Pochta ittifoqi hujjatlari qoidalariga va Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining tavsiyanomalariga muvofiq oʻrnatadilar.
Mazkur Bitim, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi qatnashchisi hisoblangan xalqaro bitimlar bilan tartibga solinmagan masalalar davlatlardan har birining qonunchiligiga muvofiq ikki tomonning roziligiga koʻra hal etiladi.
2-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari va imkoniyatlari hajmida Oʻzbekiston Respublikasi va Gruziya Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq harakat qilib, pochta va elektr aloqasi sohasidagi hamkorlikni davom ettiradilar va kengaytiradilar.
Tomonlar oʻz davlatlari hududlarida egalariga yuboriladigan pochta joʻnatmalarini uzluksiz qabul qilishni, ular bilan ishlashni, tashish va yetkazib berishni taʼminlaydilar, shuningdek, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan davriy nashrlarni tarqatish yuzasidan oʻzaro xizmatlarni taqdim etadilar.
3-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududlari orqali oʻtadigan barcha turdagi elektr aloqalari, pochta joʻnatmalari va maxsus aloqalar televideniya va radioeshittirish dasturlarining tranzit masalalarini oʻzaro foydali shartlarda hal qiladilar.
4-modda
Mazkur Bitimni bajarishdan kelib chiqadigan hisob-kitoblar va toʻlovlar Tomonlarning Aloqa maʼmuriyatlari oʻrtasida amalda boʻlgan bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Davlatlararo xabarlar va axborotlarni uzatishning texnologiya jarayonlarida Tomonlar aloqa korxonalarida yagona hisobga olish-hisobot vaqtini — Moskva vaqtini qoʻllanadilar.
6-modda
Tomonlar amaldagi texnologiya jarayonlariga muvofiq operativ-texnik boshqarish tizimlarining oʻzaro harakat qilishi toʻgʻrisida ahdlashib oldilar.
7-modda
Tomonlar favqulodda holatlarda xabarlarni aloqa vositalari orqali ustun darajada uzatishni taʼminlaydilar.
Tomonlar davlatlararo aloqa yoʻllaridagi avariyalarni bartaraf etishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
Tiklash ishlarini olib borishda oʻzaro hamkorlik qilish tartibi Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
8-modda
Tomonlar uchinchi davlatlarda va tegishli xalqaro tashkilotlarda Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi yoki uni qiyinlashtiruvchi kamsitadigan choralarni bir-birlariga nisbatan qoʻllamaydilar.
9-modda
Tomonlar shu haqda ahdlashib oldilarki, xizmat koʻrsatishda qatnashuvchi barcha aloqa korxonalari oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatilishi uchun isteʼmolchilar oldida bab-baravar javob beradilar va xalqaro aloqalarning sifatsiz ishi yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi Jahon Pochta ittifoqi va Xalqaro elektr aloqasi normativ hujjatlariga muvofiq belgilanishi zarurligini tan oldilar.
10-modda
Tomonlar aloqa korxonalarining telefonchilari, telegrafchilari, texnika va pochta xodimlari oʻrtasida xizmat axborotlarini ayirboshlash, shuningdek xizmat hujjatlarini ayirboshlash uchun rus tilidan foydalanishni kelishib oldilar.
Tomonlarning davlatlari oʻrtasida yuboriladigan pochta joʻnatmalari va telegrammalarning manzillari rus tilida rasmiylashtiriladi.
Telegrammalar lotin harflarida qabul qilinishi va uzatilishi mumkin.
11-modda
Tomonlar shuni belgilab qoʻydilarki, agar Tomonlarning davlatlari oʻrtasidagi bitimlarda aloqa sohasidagi munosabatlarda paydo boʻladigan bahslarni hal qilish tartibi aytib oʻtilmagan boʻlsa, Tomonlarni aloqa maʼmuriyatlari ushbu tartibni oʻzlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda mustaqil ravishda belgilaydilar.
12-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning oʻzlari tomonidan tuzilgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
13-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amalda boʻlishini toʻxtatish haqida oʻz niyatini yozma holda ikkinchi Tomonga bildirgan kundan boshlab 90 kun oʻtganga qadar amalda boʻladi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Mazkur Bitim maqsadlarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)