Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va tarqatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoni)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-iyul,
183-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-iyuldagi 183-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 10-son, 33-modda):
a) 1-bandga quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinmagan tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi normativ hujjatlar buzilganligi uchun javobgarlik choralarini qoʻllash taqiqlanadi”;
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) ilovaning 15-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilini murakkablashtirishni va tadbirkorlik subyektlariga yangi majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi, shuningdek tadbirkorlik subyektlari javobgarligining yangi choralarini belgilovchi normativ hujjatda uning (yoki uning bir qismining) kuchga kirishi muddati koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Bunda normativ hujjatning kuchga kirishi muddati u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab uch oydan kam boʻlmasligi kerak”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2017-y., 09/17/1013/0459-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2021-y., 09/21/373/0559-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 28-son, 341-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2017-y., 09/17/1013/0459-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2021-y., 09/21/373/0559-son)