Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gruziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataladilar,
ikkala mamlakatning qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdagi manfaatdorligini hisobga olib,
qoʻshma ilmiy va texnikaviy yutuqlar natijalarini amalda qoʻllashga xohish bildirib,
ikkala mamlakatning dehqonchilik sanoati komplekslarini rivojlantirishga har tomonlama yordam berib,
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi hamkorlik ikkala mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashishiga ishonch hosil qilib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar tenglik va oʻzarolik asosida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar dehqonchilik sanoati kompleksida boshqarishni, iqtisodiy tahlilni va xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini rivojlantirishga tayangan holda ikkala Tomonning Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyalarining tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻriilmiy-tadqiqot aloqalari oʻrnatish niyatidadirlar.
3-modda
Tomonlar urugʻlik materiallari va oʻsimlikshunoslik hamda chorvachilikda genofondni yaxshilash sohasida (bugʻdoy, qand lavlagi va osh lavlagi, pivo pishiriladigan arpa, makkajoʻxori, kartoshka, bir qator sabzavot ekinlari urugʻlari, tuxum qiladigan tovuqlar, broylerlar, kurkalarning inkubatsiya tuxumlarini keltirish boʻyicha, shuningdek ularni yetishtirish va sanoat asosida yanada qayta ishlashning ilgʻor texnologiyalari, turli veterinariya preparatlari va dori-darmonlarga oid vositalar boʻyicha) hamkorlik qilish niyatidadirlar.
4-modda
Tomonlar ikkala respublika aholisi ehtiyotlarini iloji boricha qondirish maqsadida chorvachilik sohasida, shuningdek asalarichilik sohasida (arilar uchun sunʼiy ozuqa, inveren shakari ishlab chiqarish texnologiyasi, asalarichilik mahsulotlarini qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalari) hamkorlik qilish niyatidadirlar.
5-modda
Tomonlar melioratsiya ishlari (qishloq xoʻjaligi tizimi uchun turli xil melioratsiya va irrigatsiya uskunalari, texnika vositalari, yordamchi materiallar sotib olish) sohasida hamkorlik qilish uchun tayyor ekanliklarini izhor qilmoqdalar.
6-modda
Tomonlar uzumchilik sohasida ham qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish sohasida, uzum genofondini kengaytirish sohasida ham hamkorlik qilish niyatidadirlar. Ikkala Tomonning vinochilik sanoati korxonalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini tiklash va rivojlantirishga, yuqori sifatli oshxona va vijillab turadigan vinolar va konyak mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga alohida eʼtibor beriladi.
7-modda
Tomonlar davlat va xususiylashtirilgan sektorlarda ham qishloq xoʻjaligi sohasida, ham oziq-ovqat mahsulotlarini sanoat yoʻli bilan qayta ishlash sohasida qoʻshma korxonalar tashkil etish ishida, qishloqda xususiylashtirishning shakllari va usullari masalalari boʻyicha, Gruziya va Oʻzbekiston fermer xoʻjaliklari uyushmalari oʻrtasida delegatsiyalar almashish ishida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini izhor qilmoqdalar.
8-modda
Tomonlar tabiiy efir moylarini, ularni atir-upa va kosmetika, tibbiyot va lok-boʻyoq sanoatida yanada koʻproq foydalanish uchun ishlab chiqarish va yetkazib berish ishida hamkorlik qilish niyatidadirlar.
9-modda
Tomonlar aholini vino mahsulotlari, qadoqlangan qora va koʻk choy, har xil turdagi meva konservalari, mevali mineral suvlar, pivo va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlar bilan oʻzaro foydali shartlarda taʼminlashni yaxshilash ishida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini izhor qilmoqdalar.
Oʻzaro yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxati Tomonlar tomonidan qoʻshimcha ravishda kelishib olinadi va zarur hollarda tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
10-modda
Tomonlar ikkala tomonning dehqonchilik sanoati komplekslari uchun turli darajadagi kadrlar tayyorlash ishida, mutaxassislar malakasini oshirishda, shuningdek turli tarmoqlar mutaxassislari va stajyorlarini oʻzaro almashishda hamkorlik qilish niyatidadirlar.
11-modda
Tomonlar mexanizatsiyalash darajasini har tomonlama oʻstirish va ikkala Tomonning dehqonchilik sanoati komplekslari talablarini iloji boricha qondirish maqsadida moddiy-texnik taʼminlash ishida yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini izhor qilmoqdalar.
12-modda
Tomonlar mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan bahsli masalalarni muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qiladilar.
13-modda
Tomonlar zarur boʻlganda ikkala tomonning roziligi bilan mazkur Bitimning oʻzgartirilishi va toʻldirilishini shartlashib oldilar.
14-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning uchinchi tomonlar bilan tuzilgan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Bitim 1995-yil 4-sentabrda, Toshkent shahrida, ikki nusxada, har biri gruzin, oʻzbek va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)