Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy iqtisodiy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilayotgan qarz va kredit mablagʻlarini jamlash, qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun Hukumat tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb etilgan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʻlarini qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari majburiyatlarining oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligining bosh direktoriga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya boʻyicha amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida qarz va kredit mablagʻlarini qaytarish ishlarining samarasiz tashkil etilganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy iqtisodiy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilayotgan qarz va kredit mablagʻlarini jamlash, qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qarz va kredit mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi agentliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihalari amalga oshirilishi, xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari qarz mablagʻlarining oʻz vaqtida qaytarilishi va ularga xizmat koʻrsatilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilarga:
a) Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktoriga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga:
Keyingi tahrirga qarang.
suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlariga tariflar loyihalarini deklaratsiya qilish uchun, shuningdek xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va kredit mablagʻlarini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan ichimlik suv va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarining tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslanishida nazarda tutilgan parametrlarga erishishni hisobga olgan holda ularga asoslovchi va hisob-kitob materiallarining narxni tartibga solish organiga oʻz vaqtida taqdim etilishi;
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va kredit mablagʻlarini qaytarish uchun zarur moliyaviy resurslarning belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida jamlanishi;
suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalarini, shu jumladan abonentlarni hisobga olishni oqilona tashkil etish, sotilgan suv hajmlari va berilgan suv uchun belgilangan tartibda mablagʻlarni toʻplash hisobiga moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni har yili ishlab chiqish va bajarish yoʻli bilan ular faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi;
2014-yil oxirigacha isteʼmolchilarni va sotilgan suv hajmlarini avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olishni taʼminlaydigan billing tizimini joriy etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari oʻrtasida suv taʼminoti va kanalizatsiya loyihalarini moliyalashtirish Bitimlari shartlari va muddatlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining jalb qilingan qarz va kredit mablagʻlari suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan oʻz vaqtida qaytarilishi va toʻlanishi boʻyicha puxta tahlilning tizimli asosda oʻtkazilishini taʼminlash yuklansin.
Amalga oshirilgan ishlarning natijalari boʻyicha yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti taqdim etilgan materiallarni puxta tahlil qilish asosida yilning har choragida Vazirlar Mahkamasining Yigʻma axborot-tahlil departamentiga jalb etilgan qarz va kredit mablagʻlarini qaytarish va toʻlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot berish uchun kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 12-iyun,
154-son
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilayotgan qarz va kredit mablagʻlarini jamlash, qaytarish va ularga xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb etilgan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va kredit mablagʻlarini (keyingi oʻrinlarda qarz mablagʻlari deb ataladi) oʻz vaqtida qaytarish va ularga xizmat koʻrsatishni (keyingi oʻrinlarda qaytarish deb ataladi) taʼminlash maqsadida suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan mablagʻlarni jamlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi Hukumat tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb etilgan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish boʻyicha amaldagi va yangidan jalb etilayotgan loyihalarga (keyingi oʻrinlarda loyihalar deb ataladi) tatbiq etiladi.
Ushbu Nizomning amal qilishi Germaniya moliya institutlarining tijorat va notijorat kreditlari boʻyicha qarz mablagʻlariga xizmat koʻrsatishga va ularni qaytarishga tatbiq etilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek loyihalar boʻyicha tugallangan obyektlarni foydalanuvchi tashkilotlar bilan birgalikda qabul qilish uchun masʼul ijro etuvchi agentliklar (Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar) belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Qarz mablagʻlarini jamlash va qaytarish tartibi
3. Qarz mablagʻlarini qaytarish boʻyicha majburiyatlarni bajarishga zarur pul mablagʻlarini jamlash maqsadida ijro etuvchi agentliklar, shuningdek ichimlik suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari yoki ularning yuqori tashkilotlari xizmat koʻrsatuvchi banklarda 22626-son “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” maxsus hisob raqamini (keyingi oʻrinlarda jamgʻariladigan hisob raqami deb ataladi) ochadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qoʻyilgan talablarni qondirish uchun pul mablagʻlari yetarli boʻlmaganda ularning bank hisob raqamlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi qonunchilik ijro etuvchi agentliklar, suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari yoki ularning yuqori tashkilotlarining jamgʻariladigan hisob raqamiga tatbiq etilmaydi.
Xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʻlari suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi jamgʻariladigan hisob raqamidan zarur mablagʻlarni kreditni qaytarish hisobiga akseptsiz tartibda undirish huquqiga ega.
5. Suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari har kuni oldingi ish kuni uchun suv taʼminoti (kanalizatsiya) boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun ularning asosiy talab qilib olinadigan depozit hisob raqamlariga tushgan umumiy summadan foizlarda mablagʻlarni (oʻzining yoki yuqori tashkilotining) jamgʻariladigan hisob raqamiga oʻtkazadilar. Jamgʻariladigan hisob raqamidagi maqsadli mablagʻlar qarz mablagʻlari toʻliq qaytarilishi paytigacha jamlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Jamgʻariladigan hisob raqamiga oʻtkazilishi kerak boʻlgan mablagʻlarning foizli ulushi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda, har yili dekabr oyida keyingi yil uchun suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalarining qarz mablagʻlarini qaytarish jadvali asosida aniqlanadi va tasdiqlanadi.
Jamgʻariladigan hisob raqamiga oʻtkazilishi kerak boʻlgan mablagʻlarning tasdiqlangan foizli ulushi toʻgʻrisidagi maʼlumot suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan jamgʻariladigan hisob raqami ochilgan xizmat koʻrsatuvchi bankka yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻtkazilishi kerak boʻlgan foizli ulushni qayta hisoblab chiqish suv taʼminoti (kanalizatsiya) xizmatlari uchun tariflar oʻzgarganda amalga oshiriladi.
8. Xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan toʻlov talablari (invoys) tushishiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tegishli ijro etuvchi agentliklarga va suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalariga, toʻlanishi kerak boʻlgan summaning hisob-kitobi bilan birgalikda, yozma bildirishnoma yuboradi.
Biror-bir sabablarga koʻra ijro etuvchi agentliklar va suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan bunday bildirishnomaning olinmay qolishi ularni qarz mablagʻlarini qaytarish boʻyicha toʻlov majburiyatlaridan ozod etmaydi.
9. Suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʻlarini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga bogʻliq ravishda milliy valyutadagi mablagʻlarni jamgʻariladigan hisob raqamidan ijro etuvchi agentliklarga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga oʻtkazish yoʻli bilan qaytariladigan summaga teng miqdorlarda va qarz mablagʻlarini qaytarish jadvalida belgilangan muddatlarda qaytaradi.
10. Ijro etuvchi agentliklar yoki suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari milliy valyutadagi mablagʻlarni qarz mablagʻlarini qaytarish jadvali va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan yuboriladigan bildirishnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkazadilar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablagʻlarini qaytarish boʻyicha sarf-xarajatlarni qisman qoplash uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkazish chora-tadbirlarini koʻradi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi milliy valyutada jamlangan mablagʻlar hisobiga banklararo savdo sessiyalarida xorijiy valyutadagi mablagʻlarni belgilangan tartibda sotib oladi, keyinchalik ushbu mablagʻlarni tegishli qarz bitimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining tashqi majburiyatlarini qaytarishga yoʻnaltiradi.
13. Qarz mablagʻlari toʻliq qaytarilgandan keyin jamgʻariladigan hisob raqamida qolgan maqsadli mablagʻlar suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalarining asosiy talab qilib olinadigan depozit hisob raqamlariga oʻtkaziladi va ulardan umumiy belgilangan tartibda foydalaniladi.
14. Suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan mablagʻlarni jamlash va xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari)ning qarz mablagʻlarini qaytarish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
III. Javobgarlik va nazorat
15. Ijro etuvchi agentliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari:
Keyingi tahrirga qarang.
loyihalarni samarali amalga oshirish va ularning mablagʻlaridan maqsadli foydalanish hamda loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining jalb etilgan qarz mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytarish;
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va kredit mablagʻlarini qaytarish uchun zarur moliyaviy resurslarni belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida jamlash;
suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarning loyihalarini deklaratsiya qilishga, shuningdek ularga asoslovchi va hisob-kitob materiallari xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va kredit mablagʻlari jalb etilgan holda amalga oshiriladigan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarining tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslanishida nazarda tutilgan parametrlarga erishish hisobga olingan holda narxlarni boshqarish organiga oʻz vaqtida taqdim etilishi;
suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalarini shu jumladan abonentlarni, sotilgan suv hajmlarini hisobga olishni va berilgan suv uchun mablagʻlarni toʻplashni belgilangan tartibda oqilona tashkil etish hisobiga ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha har yili kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va bajarish yoʻli bilan ularning faoliyati samaradorligini oshirishga doir tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi;
isteʼmolchilar va sotilgan suv hajmlarining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishini taʼminlaydigan billing tizimi joriy etilishi uchun javob beradilar.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari oʻrtasidagi suv taʼminoti va kanalizatsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha Bitim shartlari va muddatlariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining jalb etilgan qarz va kredit mablagʻlari suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan oʻz vaqtida qaytarilishi va toʻlanishini tizimli asosda puxta tahlil qiladi;
amalga oshirilgan ishlarning yakunlari boʻyicha yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritadi.
17. Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti taqdim etilgan materiallarni puxta tahlil qilish asosida yilning har choragida Vazirlar Mahkamasining Yigʻma axborot-tahlil departamentiga, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot berish uchun, jalb etilgan qarz va kredit mablagʻlarini qaytarish va toʻlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Nizomga
ILOVA
ILOVA
Suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonalari tomonidan mablagʻlarni jamlash va xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari)ning qarz mablagʻlarini qaytarish sxemasi
1. Koʻrsatilgan suv taʼminoti (kanalizatsiya) xizmatlari uchun isteʼmolchilardan olingan mablagʻlar suv taʼminoti (kanalizatsiya) korxonasining (keyingi oʻrinlarda korxona deb ataladi) asosiy depozit hisob raqamiga tushadi.
2. Korxonaning xizmat koʻrsatuvchi banki har kuni mablagʻlarni korxonaning jamgʻariladigan hisob raqamiga asosiy depozit hisob raqamiga tushgan umumiy summaga nisbatan foizlarda oʻtkazadi .
3. Asosiy depozit hisob raqamidagi qolgan mablagʻlar korxona tomonidan foydalanish ehtiyojlariga mustaqil ravishda sarflanadi.
4. Xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari) toʻlovlar grafigiga muvofiq kreditni toʻlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga toʻlov talabnomasi (invoys) yuboradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Ijro etuvchi agentlikka yoki korxonalarga xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari)ning jalb etilgan kreditini toʻlash hisobiga toʻlanadigan summa hisob-kitobi bilan birga yozma xabarnoma yuboradi.
6. Korxona xabarnomaga muvofiq, Qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga bogʻliq holda, Ijro etuvchi agentlikka yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga maxsus (jamgʻarish) hisob raqamidan milliy valyutadagi mablagʻlarni oʻtkazadi.
7. Ijro etuvchi agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga maxsus hisob raqamidan milliy valyutadagi mablagʻlarni oʻtkazadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari) kreditini qaytarish boʻyicha xarajatlarni qisman qoplashga ajratiladigan budjet mablagʻlarini (Davlat budjeti ulushini) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkazadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi maxsus hisob raqamida jamlangan mablagʻlarni konvertatsiya qiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tegishli xorijiy valyutaga konvertatsiya qilingan mablagʻlarni tegishli Qarz bitimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining tashqi majburiyatlarini toʻlashga yoʻnaltiradi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari)ning jalb etilgan qarz va kredit mablagʻlarini qaytarish va toʻlash boʻyicha axborotni puxta tahlil qiladi va har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
12. Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti, Yigʻma axborot-tahlil departamentiga xalqaro moliyaviy va iqtisodiy institutlar (xorijiy hukumat moliya tashkilotlari)ning qarz mablagʻlarini qaytarish va toʻlash boʻyicha axborotni kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Vazirlar Mahkamasining Yigʻma axborot-tahlil departamenti taqdim etilgan axborot asosida, koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 24-son, 293-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1019/0463-son; 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 23.12.2022-y., 09/22/717/1112-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)