Fargʻona viloyati Quvasoy shahar hokimining
Qarori
2013-yil uchun mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish, ularga soliqlarni hisoblash va imtiyozlar qoʻllash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustdagi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan shahar hududidagi jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulk va yer soligʻi obyektlarini, suv resurslaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olinishi, soliqlarni hisoblash va belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga tushishini taʼminlash, jismoniy shaxslarga imtiyoz huquqlarini toʻgʻri qoʻllash viloyat hokimining 2012-yil 28-dekabrdagi 259-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Shahar Davlat soliq inspeksiyasi (E. Jumayev)ga tasdiqlangan yoʻriqnomaga asosan soliqlar va budjetga oʻtkaziladigan boshqa majburiy toʻlovlar toʻlovchilarni hisobini toʻliq va oʻz vaqtida roʻyxatga olishni taʼminlash maqsadida 2013-yil davomida tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazilishini taʼminlasin.
2. Shahar Ichki ishlar boʻlimining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (I. Toshev)ga aholiga yuk tashish xizmati koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi avtotransport vositalari (yuk tashuvchi transport) egalarini qatʼiy soliqqa tortish maqsadida ularni roʻyxatini har chorak yakuni boʻyicha 2013-yil davomida shahar Davlat soliq inspeksiyasiga berib borish vazifasi yuklatilsin.
3. Shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (E. Qodirov) 2013-yil davomida urush qatnashchilari, nogironlari, ularga tenglashtirilgan nogironlar va boshqa nogironlar hamda nafaqaxoʻrlar roʻyxatini soliq organiga jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlaridan imtiyoz qoʻllash, shuningdek mehnat shartnomasi asosida chet elga borib ishlab kelgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni fuqarolarning jami yillik daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortilishini taʼminlash maqsadida har bir chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10 sanasiga shahar Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etish vazifasi topshirilsin.
4. Shahar yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi (Sh. Mansurov)ga tegishli hujjatlar asosida soliq organiga jismoniy shaxslarning mulkiy huquq sifatida boʻlgan yakka tartibdagi hovli joylari, noturar joylari va xonadonlari baholanishi, jismoniy shaxslar egaligidagi yer maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organi tomonidan jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash maqsadida 2013-yil davomida har chorak yakunidan keyingi oyning 20 sanasiga joylardagi soliq organiga berib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Shahar davlat notaril idorasi notariusi (L. Gulamov)ga joylardagi notarial idoralar tomonidan fuqarolarga uy-joylarni oldi-sotdi shartnomalarini hamda boshqa shaxslarga berish huquqini beruvchi “ishonchnoma”larni rasmiylashtirishdan oldin soliq toʻlaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma taqdim etilgandan soʻng rasmiylashtirish va ularning roʻyxatini har oyning 10 sanasiga;
Shahar fuqarolik holatlariga dalolatnoma yozish (FXDYo) boʻlimi (A. Qosimova)ga fuqarolarning vafot etganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma olish va hisobdan chiqarish maqsadida har oyning 15 sanasiga joylardagi soliq organlariga taqdim etish tavsiya etilsin.
6. Shahar bojxona boʻlimi (M. Tojiboyev) 2013-yil davomida chetga tovar olib chiqqan yoki chetdan tovar olib kirgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-maydagi “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib kelinishini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 154-sonli hamda 2004-yil 12-avgustdagi “Tijorat faoliyati uchun moʻljallangan tovarlarni olib keluvchi jismoniy shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 387-sonli qarorlariga asosan har oyning 10 sanasiga shahar Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etish vazifasi yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Shahar Ichki ishlar boʻlimi (R. Xusanov) soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarga STIR berish va ularni roʻyxatga olishni toʻliq va sifatli oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 84-moddasiga asosan ichki ishlar organlari oʻzlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga pasportlar berilganligi, shu jumladan yoʻqotilgan yoki amal qilish muddati oʻtgan pasportlar oʻrniga pasportlar berilganligi faktlari haqida, bekor qilingan pasportlar toʻgʻrisida har oyda maʼlumot berishi hamda shahar hududida faoliyat koʻrsatayotgan chet ellik fuqarolarni istiqomat qilayotgan manzillari toʻgʻrisidagi maʼlumotni har oyning 10 sanasiga mol-mulkini chet ellik fuqarolarga ijaraga berib daromad topayotgan fuqarolarni soliqqa tortish maqsadida shahar Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
8. OATB “Agrobank” shahar boʻlimi boshqaruvchisi F. Kamalov, TIF Milliy bank shahar boʻlimi boshqaruvchisi M. Shermatov, D. T. Xalq bank shahar boʻlimi boshqaruvchisi Sh. Joʻrayevlar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 84-moddasiga asosan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni banklarda hisob raqamlari ochishlarida ularni joylardagi Davlat soliq organlarida hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlganida amalga oshirilishi hamda roʻyxatdan oʻtgan kundan keyingi kunidan roʻyxatga olingan Davlat soliq organiga maʼlumot taqdim etib borishini nazoratga olish vazifasi yuklatilsin;
9. Shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi (S. Ashurov) jismoniy shaxslar tomonidan joylardagi arxitektura va qurilish boʻlimi qurilishi rejalashtirilgan turar va noturar obyektlariga bajarilgan loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlarini hisoblashda foydalanish uchun har oyning 10 sanasiga Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
10. Shahar “Mahalla” jamoat fondi (M. Yuldashev) mahalla, qishloq fuqarolar yigʻinlari raislari tomonidan hududlarda xonadon sharoitida sartaroshlik, chevarchilik, turli pishiriqlar tayyorlash va boshqa faoliyatlar bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslar roʻyxatini soliqqa tortish maqsadida har oyning 10 sanasiga joylardagi soliq organlariga taqdim etib borilishini nazoratga olish vazifasi yuklatilsin.
11. Shahar Davlat soliq inspeksiyasi (E. Jumayev) barcha soliq toʻlovchilarni hisobga olish, ularga soliqlarni hisoblash va toʻlov xabarnomalarini soliq toʻlovchilarga yetkazilishini 2013-yil davomida yakunlash vazifasi yuklatilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimi oʻrinbosari v. v. b S. Nishonqulov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. ZIYAVITDINOV
Quvasoy sh.,
2013-yil 19-dekabr,
501-son
(“Isfayram” gazetasi, 13.01.2014-y., 2 (1774)-son)