Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat mulkini tadbirkorlik subyektlariga, ular tomonidan investitsiya majburiyatlari qabul qilish sharti bilan, ijara toʻlovining eng kam stavkasi boʻyicha, tegishli koeffitsiyentlarni belgilamagan holda, ijaraga berishni nazarda tutuvchi namunaviy ijara shartnomasini ishlab chiqsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-may,
126-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-maydagi 126-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “yuridik shaxslarning mulki” soʻzlaridan keyin “(shu jumladan texnopark hududidagi davlat mulki)” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“texnopark — kamida 10 000 kv.m tutash hududdan, davlat mulki (binolar va inshootlar)dan hamda mahalliy davlat hokimiyati organi qaroriga muvofiq tashkil etilgan (oʻz faoliyatini oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash tamoyili boʻyicha va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligining tegishli hududiy organlari bilan kelishilgan biznes-reja asosida amalga oshiradigan) yuridik shaxsga ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish uchun tasarruf etish huquqisiz berilgan zarur infratuzilmadan iborat boʻlgan mulkiy kompleks”.
2. 7-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Texnopark hududidagi davlat mulkini ijaraga berishning eng koʻp muddati, davlat mulkini ijaraga berishning ilgari tuzilgan shartnomalari boʻyicha majburiyatlar oʻz vaqtida va toʻliq bajarilgan taqdirda ushbu muddatni uzaytirish imkoni bilan oʻn yilni tashkil qiladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno”.
3. Quyidagi mazmundagi 71-bandi qoʻshilsin:
“71. Texnopark hududidagi davlat mulki tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomasi asosida, ular tomonidan investitsiya majburiyatlari qabul qilinishi sharti bilan ijaraga beriladi.
Investitsiya majburiyatlari va ularni tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarish shartlari ijara shartnomasida belgilanadi”.
4. 10-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Texnopark hududidagi davlat mulki tadbirkorlik subyektlariga, tegishli koeffitsiyentlar belgilanmasdan, ijara toʻlovining eng kam stavkasi boʻyicha beriladi”;
toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
5. 12-bandning sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Ijaraga oluvchi ijara shartnomasi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida yozma ravishda murojaat qilgan taqdirda shartnoma muddati, ushbu ijara obyekti boʻyicha majburiy tartibda eʼlon berilmasdan, ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan, tegishli ravishda davlat mulkini ijaraga berishning eng koʻp muddatlaridan oshmaydigan muddatlarga belgilangan tartibda uzaytiriladi. Ushbu eng koʻp muddatlar tugagach davlat mulki ijaraga umumiy asoslarda beriladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 21-son, 246-modda)