Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlariga va budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlariga qaratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 128 va 129-moddalariga hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 487-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlariga va budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlariga qaratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-may,
120-son
Ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlariga va budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlariga qaratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 128 va 129-moddalariga hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 487-moddasiga muvofiq ijro hujjatlari boʻyicha undiruvni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjet tashkilotlarining mablagʻlariga qaratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
budjet tashkiloti — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga taʼminlanadigan davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun davlat hokimiyati organlarining qaroriga koʻra, belgilangan tartibda tashkil etilgan notijorat tashkiloti;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti — davlatning davlat vazifalari va funksiyalarini moliyaviy jihatdan taʼminlash uchun moʻljallangan markazlashtirilgan pul jamgʻarmasi;
moliyaviy majburiyatlar — budjet tashkilotlarida ularga pul mablagʻlarini oʻtkazish majburiyatini yuklovchi hujjatlar, shu jumladan ijro hujjatlari asosida paydo boʻladigan majburiyatlar;
xarajatlar smetasi — budjet tashkiloti tomonidan moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan, uning uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar xarajatlar moddalari boʻyicha aks ettiriladigan hujjat;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan manbalar hisobidan budjet tashkiloti tasarrufiga tushadigan mablagʻlar;
Keyingi tahrirga qarang.
gʻaznachilik boʻlinmalari — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmalari, tumanlar va shaharlar boʻyicha Gʻaznachilik boʻlinmalari.
3. Ijro hujjatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlariga va budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni qaratish, ushbu Nizomda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, ijro hujjatida mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan toʻlash toʻgʻrisidagi talab mavjud boʻlgan yoxud ijro hujjatida budjet tashkiloti qarzdor sifatida koʻrsatilgan hollarda amalga oshiriladi.
4. Budjet tashkilotining — qarzdorning moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruv, ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlarini hisobga olgan holda, ijro hujjatlarini ijro etish uchun zarur boʻlgan miqdorda va hajmda qaratiladi.
Budjet tashkilotlaridan ijro yigʻimini undirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Ushbu Nizom bilan zimmasiga sud qarorlarini ijro etish doirasidagi muayyan majburiyatlar va harakatlarni bajarish yuklangan davlat organlari va mansabdor shaxslarga sud tartibidan yoxud shikoyat qilish yoki protest keltirish tartibidan oʻzgacha tarzda sud hujjatini ijro etmaslik, ijro etishni toʻxtatib turish yoxud ijro etishga boshqacha tarzda toʻsqinlik qilish taqiqlanadi.
II. Undiruvni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlariga qaratish
6. Undiruvni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlariga qaratishni nazarda tutadigan ijro hujjatlarini ijro etish moliya organlari tomonidan tegishli budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ijro hujjatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar olish uchun ijro hujjatida kimning foydasiga budjet mablagʻlari oʻtkazilishi nazarda tutilgan boʻlsa, oʻsha shaxslar yoxud uning vakillari (keyingi oʻrinlarda undiruvchilar deb ataladi) arizani:
agar ijro hujjatida mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan undirish nazarda tutilgan boʻlsa — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga;
agar ijro hujjatida mablagʻlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan yoki Toshkent shahrining shahar budjetidan undirish nazarda tutilgan boʻlsa — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalariga;
agar ijro hujjatida mablagʻlarni tumanlar va shaharlar budjetlaridan undirish nazarda tutilgan boʻlsa — tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya boʻlimlariga;
agar ijro hujjatida pul mablagʻlari toʻlanishi kerak boʻlgan budjet darajasi koʻrsatilmagan boʻlsa — undiruvchining — jismoniy shaxsning yashash joyi boʻyicha yoki undiruvchi — yuridik shaxs organining joylashgan joyidagi tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya boʻlimlariga taqdim etadilar.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetida nazarda tutiladigan rejali budjet mablagʻlari mulkiy va maʼnaviy zararni qoplash boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning manbalari hisoblanadi (davlat daromadiga oʻtkazilgan pul mablagʻlari va mol-mulk qiymati summalari bundan mustasno).
Keyingi tahrirga qarang.
Arizaga sudning yoxud ijro hujjatini bergan boshqa organning muhri bilan tasdiqlangan ijro hujjatining asl nusxasi ilova qilinadi. Arizada unga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar oʻtkazilishi talab etilayotgan undiruvchining bankdagi hisob raqami rekvizitlari koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Tegishli moliya organi quyidagi hollarda ijro hujjatini undiruvchiga ijro etmasdan qaytaradi:
ariza ushbu Nizomning 7-bandi talablari buzilgan holda taqdim etilganda yoxud unga ijro hujjatining asl nusxasi ilova qilinmaganda;
Keyingi tahrirga qarang.
ijro hujjati “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
ijro hujjati “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasida nazarda tutilgan ijroga topshirish muddati oʻtgandan keyin taqdim etilganda;
ijro hujjatini berishga asos boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati yoxud qonunga koʻra ijro hujjati boʻlgan boshqa hujjat qonuniy kuchga kirmaganda, bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda.
Ijro hujjatini ushbu bandda nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha ijro etmasdan qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Ijro hujjatini ijro etmasdan qaytarish toʻgʻrisidagi asoslangan xat ariza tushgan kundan boshlab 3 kun mobaynida undiruvchiga yuboriladi, unda ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan talablardan qaysi biri buzilganligi majburiy tartibda koʻrsatiladi.
Ijro hujjati ushbu Nizomning 8-bandi uchinchi xatboshida koʻrsatilgan asos boʻyicha qaytarilgan taqdirda, xatda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasida nazarda tutilgan talablardan qaysi biri buzilganligi ham koʻrsatiladi.
Ijro hujjatini aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytarish undiruvchi tomonidan ushbu buzilishlar bartaraf etilgandan keyin ijro hujjatini tegishli moliya organiga takroran taqdim etishga toʻsqinlik qilmaydi.
10. Ijro hujjatini ijro etmasdan qaytarish uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, tegishli moliya organi ariza tushgan kundan boshlab 30 kun mobaynida moliyalashtirish manbalarini aniqlash va tegishli budjet mablagʻlarini ariza beruvchining bankdagi hisob raqamiga toʻlash chora-tadbirlarini koʻradi. Ayni bir vaqtda, ariza beruvchi va sud yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ ijro hujjatini ijro etish natijalari toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi.
Undiruvni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlariga qaratishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish (toʻlash) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Ijro hujjatining ijrosini toʻxtatib turish, kechiktirish, boʻlib-boʻlib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ijro hujjatining ijrosi sud tomonidan yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ tomonidan, shu jumladan sud hujjati yoki ijro hujjati yuzasidan shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi munosabati bilan toʻxtatib turilgan taqdirda, ijro hujjatini ijro etish boʻyicha barcha harakatlar sud yoki ijro hujjatini bergan organ tomonidan ijro etishni tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar toʻxtatib turiladi. Bunda ushbu Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan muddatning oʻtishi ham toʻxtatib turiladi.
Ijro hujjatini berishga asos boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati, yoxud qonunga koʻra ijro hujjati boʻlgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda tegishli moliya organi undiruvchiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar toʻlashni rad etish toʻgʻrisida xat joʻnatadi.
III. Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni qaratish
12. Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini majburiy ijro etish sud ijrochilari tomonidan, ushbu Nizomda nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda, sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Ijro hujjatlari boʻyicha budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruv sud ijrochisining qarori asosida, qarzni va ijro etish boʻyicha xarajatlarni toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdorda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Sud ijrochilari budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni nazarda tutadigan ijro hujjatlarini (sud ijrochisining qarorini) tegishli gʻaznachilik boʻlinmalariga taqdim etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarini ijro etish:
birinchi navbatda budjet tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
toʻlanishi lozim boʻlgan qarz budjet tashkilotining xarajatlar smetasi boʻyicha xarajatlar moddasiga muvofiq boʻlganda — budjetdan ajratilgan mablagʻlar hajmi doirasida amalga oshiriladi.
16. Gʻaznachilik boʻlinmasi sud ijrochisining qarori olingan kundan boshlab oʻn kun muddatda:
Keyingi tahrirga qarang.
budjet tashkilotining budjet mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasining tegishli moddasi boʻyicha hamda budjetdan tashqari barcha shaxsiy gʻazna hisob varaqlari boʻyicha toʻlovlarni hamda shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazishni vaqtincha toʻxtatadi, shuningdek sud ijrochisining qarorida nazarda tutilgan budjet tashkiloti mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan boshqa cheklovlarning ijrosini taʼminlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
budjet tashkilotini, ijro hujjatini ilova qilgan holda, tegishli xarajatlarning vaqtinchalik toʻxtatilganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi;
budjet tashkilotining gʻaznachilik hisob raqamidan — budjet tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari qoldiqlari doirasida, budjet tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasida mablagʻlar mavjud boʻlmaganda yoki yetarli boʻlmaganda hamda toʻlanishi kerak boʻlgan qarzlar budjet tashkiloti xarajatlari smetasi boʻyicha xarajatlar moddasiga muvofiq boʻlganda esa — ajratilgan budjet mablagʻlari hajmi doirasida mablagʻlarning oʻtkazilishini taʼminlaydi.
17. Budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha mablagʻlarni toʻlashga doir xarajatlarni moliyalashtirish (toʻlash) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18. Budjet tashkilotining budjetdan tashqari mablagʻlari va xarajatlar smetasining tegishli moddasi boʻyicha budjetdan ajratilgan mablagʻlar qoldigʻi yetarli boʻlmagan taqdirda, gʻaznachilik boʻlinmasi budjet tashkilotiga xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida talabnoma yuboradi. Bunda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamlari boʻyicha, shuningdek budjet tashkilotlari xarajatlar smetasining tegishli moddalari boʻyicha bundan buyon yuridik majburiyatlar qabul qilish budjet tashkilotining xarajatlar smetasiga oʻzgartirishlar kiritilgungacha va sud ijrochisining qarori asosida mablagʻlar toʻliq toʻlangungacha toʻxtatib turiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Yakunlovchi qoida
19. Sud ijrochilari, moliya organlari va gʻaznachilik boʻlinmalari xodimlari ushbu Nizom talablarining qatʼiy bajarilishi yuzasidan shaxsan javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 226-modda; 2016-y., 28-son, 335-modda, 2017-y., 33-son, 864-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 07/20/4555/4257-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.01.2024-y., 09/24/9/0012-son)