Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA PASPORT TIZIMI TOʻGʻRISIDAGI NIZOM”NI AMALGA KIRITISh HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek jamoat tartibini va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini joriy etish bilan bogʻliq chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1992-yil 13-noyabrda chiqargan 533-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari uchun pasportlarining blanklarini tayyorlash borasidagi tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Xorijiy shaxslarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnoma va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlansin (2-ilova).
4. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom” amalga kiritilsin va 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga pasportlar berish, shuningdek bosqichma-bosqich almashtirish taʼminlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportlarini almashtirish 2000-yilning 1-yanvarigacha nihoyasiga yetkazilsin.
Birinchi navbatda 16 yoshga toʻlgan, muddati oʻtib ketgan pasporti boʻlgan, familiyasi, ismi-sharifini yoki millatini oʻzgartirmoqchi boʻlgan taqdirda, shuningdek pasportni yoʻqotgan va chet elga joʻnab ketiladigan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini berish koʻzda tutilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarida boʻlgan pasportlarning amal qilishi ularni yangi nusxadagi pasportlarga almashtirishning butun davri mobaynida saqlab qolinsin.
6. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom”ni amalga kiritish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Komissiya zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportlarini berish va almashtirish borasidagi barcha tezkor va joriy masalalarni hal qilish vazifasi yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-dekabr,
PF-1027-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA PASPORT TIZIMI TOʻGʻRISIDAGI
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom pasport berish va undan foydalanishni, qayd etish, roʻyxatga olish va roʻyxatdan chiqarishni, shuningdek pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi va uning egasi shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir.
Oʻzbekiston Respublikasining 16 yoshga toʻlgan barcha fuqarolarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti boʻlishi shart. Harbiy xizmatchilar bunday pasportsiz yashaydilar. Harbiy qismlar va harbiy muassasalar qoʻmondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar va harbiy biletlar harbiy xizmatchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardir.
Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan hujjatlar asosida yashaydilar.
3. Pasport xorijga joʻnab ketish chogʻida ham amal qiladi. Xorijga joʻnab ketayotgan fuqarolar uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda rasmiylashtiriladi.
4. “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti:
— “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan shaxslarga;
— “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga oʻtgan shaxslarga beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari beradi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijda doimiy yashaydigan fuqarolariga, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga oʻtgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi berishi mumkin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti butun Oʻzbekiston Respublikasida yagona namunada oʻzbek, rus va ingliz tillarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun esa, qoraqalpoq, oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanadi va 32 betdan iborat boʻladi.
7. Pasportga oʻzbek, rus ingliz tillarida fuqaroning shaxsi toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar yoziladi:
— familiyasi, ismi, otasining ismi;
— tugʻilgan yili, kuni, oyi;
— tugʻilgan joyi;
— millati;
— jinsi;
— shaxs oʻxshashligini aniqlash raqami.
Pasportga fuqaroning millati toʻgʻrisidagi yozuv uning ota-onasi millatiga qarab kiritiladi. Agar fuqaroning ota-onasi turli millatga mansub boʻlsa, birinchi marta pasport berilayotganda pasport oluvchining istagiga koʻra otasi yoki onasining millati yoziladi. Keyinchalik millat toʻgʻrisidagi yozuv fuqaroning yozma arizasiga muvofiq otasi yoki onasining millatiga almashtirilishi mumkin, ammo faqat bir marta oʻzgartiriladi. Pasportda uning egasining imzosi, pasport bergan masʼul shaxs imzosi boʻlishi, shuningdek pasport berilgan vaqt va amal qilish muddati koʻrsatilishi lozim. Shuningdek pasportga:
— bolalarning familiyasi, ismi, otasining ismi, jinsi, tugʻilgan yili, kuni, oyi;
— harbiy xizmatga munosabati toʻgʻrisidagi;
— nikohdan oʻtish va nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi;
— pasport egasining istiqomat joyi haqidagi;
— vizalar haqidagi maʼlumotlar yoziladi.
Fuqarolarning roziligi bilan ularning pasportiga pasport egalarining qoni guruhi va rezusi toʻgʻrisidagi belgilar qoʻyiladi. Fuqaroning pasportiga ushbu Nizomda koʻzda tutilmagan yozuvlarni kiritish taqiqlanadi.
8. Fuqaro pasportiga yozuvlarni:
— ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlarni — ichki ishlar organlari;
— harbiy xizmatga munosabati haqidagi maʼlumotlarni — mudofaa ishlari organlari;
— balogʻatga yetmagan bolalar, nikohni qayd etish va nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi yozuvlarni — fuqarolik holatini qayd etish organlari;
— pasportning xorijda amal qilish muddati, birga joʻnab ketayotgan balogʻatga yetmagan bolalar toʻgʻrisidagi yozuvlarni — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasalari;
— istiqomat joyi toʻgʻrisidagi yozuvni — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish
— qon guruhi va rezusi haqidagi belgini — sogʻliqni saqlash muassasalari kiritadi.
9. 16 yoshga toʻlgan shaxsga pasport beriladi va u 25 yoshga toʻlguniga qadar haqiqiy hisoblanadi.
Fuqarolar 25 yoshga va 45 yoshga toʻlganda ichki ishlar organlari ularga yangi pasport beradi, unga oldingi pasportdagi maʼlumotlarning yangi pasport berish vaqtida haqiqiy boʻlganlarining hammasi kiritiladi.
45 yoshga toʻlgan fuqarolar pasportining amal qilish muddati cheklanmaydi.
Xorijda pasport unda koʻrsatilgan muddatda haqiqiy hisoblanadi.
10. Quyidagilar pasport tizimi qoidalariga rioya etilishi uchun masʼuldirlar:
uy-joylardan foydalanish idoralarining, uy-joy-kommunal idoralari (boʻlimlari)ning boshliqlari;
uy boshqaruvchilari, uylar va yotoqxonalarning komendantlari uy-joy-qurilish va dala hovli-qurilish kooperativlarining, mahalla qoʻmitalarining raislari;
mehmonxonalar, sanatoriylar, dam olish uylari, pansionatlar va turistlar bazalari, shifoxonalar, qariyalar va nogironlar internat uylari, bolalar internat uylari hamda yashab turgan fuqarolar qayd etilishi yoki roʻyxatdan oʻtishi lozim boʻlgan shunday muassasalar direktorlari (mudirlari);
uy egalari yoki tasarrufida uy-joy binolari, xonalar boʻlgan boshqa shaxslar.
11. Pasport tizimi qoidalari bajarilishini hokimliklar va ichki ishlar organlari nazorat qiladi.
II. PASPORT BERISh VA UNDAN FOYDALANISh TARTIBI
12. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasport olish chogʻida ilgari olgan pasportini istiqomat joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda doimiy yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga oʻtgan fuqaro esa Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatiya vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga topshirishga majburdir.
Pasportni fuqarolar istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari beradi va almashtiradi.
13. Fuqaro pasport olish uchun:
— Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi belgilagan shakldagi arizani;
— ilgari olingan pasportni;
— tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani (birinchi marta pasport olish chogʻida)
— ikkita 35X45 millimetr kattalikdagi oq-qora yoki rangli fotosuratni;
— zarur boʻlgan taqdirda shaxsini va Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlarni taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan boʻshatilgan harbiy xizmatchilar (zobitlar, praporshchiklar, michmanlar)ga pasport harbiy bilet va shaxsiy guvohnoma asosida berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan shaxslarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasiga — vataniga qaytib kelgan shaxslarga pasport belgilangan hujjatlar asosida beriladi.
14. Pasportning amal qilish muddati tugaganidan soʻng fuqaro ichki ishlar organiga pasport va 35X45 millimetr kattalikdagi yoshiga mos keladigan oq-qora yoki rangli ikkita fotosurat taqdim etishi shart.
15. Quyidagi hollarda pasport almashtiriladi:
— fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarganida;
— millatini oʻzgartirganda;
— yozuvdagi chalkashlik aniqlanganda;
— viza uchun moʻljallangan varaqlar toʻlganda;
— foydalanishga yaroqsiz holga kelganda.
16. Pasportni almashtirish uchun:
— belgilangan shakldagi ariza;
— almashtirilishi lozim boʻlgan pasport;
— 35X45 millimetr kattalikdagi ikkita oq-qora yoki rangli fotosurat topshiriladi.
Familiyasi, ismi, otasining ismini oʻzgartirish, millatini oʻzgartish yoki yozuvdagi chalkashlikka aniqlik kiritish maqsadida pasportni almashtirish uchun shu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ham taqdim etiladi.
17. Fuqaro tegishli yoshga toʻlgandan soʻng yoki familiyasi, ismi, otasining ismini oʻzgartirgan, yozuvdagi chalkashlik aniqlangan va pasport foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgandan soʻng bir oy muddatdan kechiktirmay pasport olish yoki uni almashtirish uchun hujjatlarni va fotosuratlarni taqdim etishi kerak.
18. Ichki ishlar organlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari yoxud konsullik muassasalari tomonidan almashtirish tarzida yoki yoʻqolgan pasport oʻrniga beriladigan pasportga balogʻatga yetmagan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek nikoh qayd etilgani, doimiy istiqomat joyi toʻgʻrisidagi belgilar kiritilishi kerak.
19. Pasport berish va xorijga chiqishni rasmiylashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdorda davlat poshlinasi (boj) olinadi. Toʻla davlat taʼminotida boʻlgan shaxslar poshlina toʻlashdan ozod qilinadi.
20. Fuqaro pasportni avaylab asrashi shart. Pasport yoʻqolgani haqida fuqaro ichki ishlar organlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga darhol xabar qilishga majburdir. Ular esa fuqaroning iltimosiga binoan belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beradi. Maʼlumotnoma shaklini Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi belgilaydi.
Fuqaro pasportini yoʻqotgan taqdirda unga ushbu Nizomda belgilangan tartibda pasport yoʻqolgani haqida ariza bergan kundan boshlab bir oy ichida yangi pasport beriladi.
21. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqan shaxs pasportini ichki ishlar organlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshirishi shart.
Fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilganda ularning pasportlari xizmatni oʻtash davrida saqlash uchun xizmatga chaqirilish joyidagi mudofaa ishlari organlariga, harbiy oʻquv yurtlariga qabul qilinganda esa, keyin ichki ishlar organlariga yuborish uchun shu oʻquv yurtiga topshiriladi.
Vafot etganlarning pasportlari fuqarolik holatini qayd etish organlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshiriladi, ular esa oʻlim roʻyxatga olinganidan soʻng bir oy muddatdan kechiktirmay ichki ishlar organlariga yuboradi.
Topib olingan pasport ichki ishlar organlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga topshirilishi lozim.
22. Qamoqqa olingan, shuningdek ozodlikdan mahrumlikka, qamoq jazosiga mahkum etilgan shaxslar pasporti surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan olib qoʻyiladi. Qamoqdan ozod qilingandan yoki jazoni oʻtab boʻlganidan soʻng pasport egasiga qaytariladi. Pasport undan ish joyidagi cheklashlar olib tashlangandan soʻng qaytarib beriladi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilgan hollardan tashqari, fuqaroning pasportini olib qoʻyish, shuningdek pasportni garov tariqasida qoldirish va garovga olib qolish taqiqlanadi.
24. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom”ni amalga oshirish uchun zarur blankalar, shtamplar namunalarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi belgilaydi.
25. Pasport olishda kerak boʻladigan blankalar va “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom”ni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa blankalar uchun ularning amaldagi qiymati miqdorida haq olinadi.
III. QAYD ETISh, ROʻYXATGA OLISh VA ROʻYXATDAN ChIQARISh
26. Fuqarolar doimiy istiqomat joyida yoki vaqtincha istiqomat joyida qayd etiladi (roʻyxatga olinadi).
Qayd etish (roʻyxatga olish):
— pasportga ega boʻlgan fuqarolarni — pasporti boʻyicha;
— 16 yoshga toʻlmagan, ota-onasidan (vasiylardan, homiylardan) alohida yashaydigan bolalarni — tugʻilish guvohnomasi boʻyicha;
— kazarmalardan, kemalardan tashqarida yashovchi harbiy xizmatchilarni — harbiy qismlar va harbiy muassasalar tomonidan berilgan maʼlumotnomalar boʻyicha;
xorijda doimiy yashaydigan, vaqtincha va doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni — xorijiy pasportlari yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun berilgan guvohnomalari boʻyicha amalga oshiriladi.
16 yoshga toʻlmagan, ota-onalari (vasiylari, homiylari) bilan birga yashaydigan bolalar ular haqidagi maʼlumotlarni ota-onadan birining (vasiyning, homiyning) tegishli hujjatiga kiritish bilan qayd etiladi.
Bir joydan ikkinchi joyga olti oydan koʻp muddat vaqtincha yashash uchun kelgan fuqarolar vaqtincha qayd etiladi, olti oygacha muddatga kelganlar esa, pasportiga belgi qoʻyilmagan holda belgilagan tartibda roʻyxatga olinadi.
27. MDHning boshqa davlatlaridan kelgan fuqarolar umumiy asosda qayd etiladi.
28. Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qonunda belgilangan tartibda qayd etiladi (roʻyxatga olinadi).
29. Istiqomat joyini oʻzgartirayotgan, shuningdek olti oydan ortiq muddat vaqtincha yashash uchun boshqa joyga taʼtilga, dala hovliga, dam olish yoki davolanish uchun ketayotgan (xizmat safariga ketayotganlardan tashqari) fuqarolar joʻnab ketishdan oldin istiqomat joyidagi roʻyxatdan chiqishlari shart.
30. Shaharlarda, tumanlarda, shaharchalarda, shuningdek chegara zonasida joylashgan qishloqlarda fuqarolarni qayd etish (roʻyxatga olish) va roʻyxatdan chiqarish bilan ichki ishlar organlari, qishloq joylarida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari shugʻullanadi.
31. Qayd ettirish (roʻyxatdan oʻtish) uchun fuqarolar:
— belgilangan shakldagi ariza;
— pasport yoki ushbu Nizomning 26-bandida koʻzda tutilgan hujjatlardan birini;
— harbiy hisobga olish hujjatlarini taqdim etadilar.
Chegara zonasida joylashgan aholi punktlarida qayd ettirish yoki roʻyxatdan oʻtish uchun istiqomat joyidagi ichki ishlar organidan chegara zonasiga borish uchun belgilangan tartibga muvofiq olingan shu zonaga borishga ijozatnoma ham taqdim etiladi.
32. Qayd etiladigan (roʻyxatga olinadigan) fuqarolar yetib kelgan kundan boshlab 3 kun muddatda pasport ishlarini yuritishga vakolatli shaxslarga qayd etish (roʻyxatga olish) uchun hujjatlarni taqdim etishlari shart. Roʻyxatdan chiqarish uchun hujjatlar roʻyxatdan chiqadigan joydagi shunday shaxslarga topshiriladi.
Fuqarolardan olingan hujjatlar 3 kun ichida qayd etish (roʻyxatga olish) va roʻyxatdan chiqarish bilan shugʻullanuvchi organga topshirilishi zarur.
33. Shaharlarda, shaharchalarda, qishloq joylarida uy-joy maydoni qanchaligidan qatʼi nazar, quyidagilar qayd etiladi:
— er-xotin bir-birining uy-joy maydoniga;
— balogʻatga yetmagan bolalar va vasiylikdagi shaxslar — ota-ona va vasiylarning uy-joy maydoniga;
oila qurmagan yoki nikohdan oʻtmasdan turib balogʻatga yetmagan farzandlari boʻlgan katta yoshdagi farzandlar — ota-onalarining uy-joy maydoniga;
— ota-onalar — farzandlarining uy-joy maydoniga;
— balogʻatga yetmagan, ota-onasi boʻlmagan tugʻishgan aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek mehnatga layoqatsiz tugʻishgan aka-ukalar, opa-singillar, agar ularning oʻz oilalari boʻlmasa, yoshidan qatʼi nazar — akasi, ukasi, opasi, singlisining uy-joy maydoniga;
— ilgari mazkur aholi punktida yashagan, mehnat shartnomasi bilan ishlash yoki yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shugʻullanish uchun vaqtincha boshqa joyga ketgan shaxslar, shuningdek amaldagi qonunchilikka muvofiq vaqtincha boshqa joyga ketganda uy-joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladigan fuqarolar — oldingi istiqomat joyiga yoki qarindoshlarining uy-joy maydoniga;
— ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni oʻtashdan yoki qamoqdan ozod qilingan shaxslar — oldingi istiqomat joyiga hukm chiqqunga qadar yashab turgan joyidagi oʻz oila aʼzolarining, qarindoshlari yoki boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga;
— muddatli xizmat tugagandan soʻng Qurolli Kuchlar safidan boʻshatilgan harbiy xizmatchilar, agar ular harbiy xizmatga ushbu aholi punktidan chaqirilgan boʻlsa — oldingi istiqomat joyiga, yoki ota-onasi, yoxud boshqa qarindoshlarining uy-joy maydoniga;
— zobitlar safidan zaxiraga yoki isteʼfoga chiqqan shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va Qurolli Kuchlarning, ichki qoʻshinlar va Milliy xavfsizlik xizmatining muddatga qoʻshimcha xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilari, Ichki ishlar vazirligining boshliqlar va oddiy xodimlari safida boʻlgan shaxslar (oila aʼzolari bilan) zaxiraga yoki isteʼfoga chiqqanlarning ota-onasi yoki rafiqasi, yoxud belgilangan tartibda uy-joy olgunga qadar — boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga;
— haqiqiy harbiy xizmatda muddatga qoʻshimcha xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarning, milliy xavfsizlik xizmati organlarining, chegara qoʻshinlari va ichki qoʻshinlarning praporshchiklari, michmanlari va zobitlari, Ichki ishlar vazirligining boshliqlar safiga kiruvchi shaxslar (oila aʼzolari bilan) — belgilangan tartibda uy-joy olgunga qadar boshqa shaxslar yoki harbiy qismning uy-joy maydoniga yoki harbiy qism, harbiy oʻquv yurti, yoxud Mudofaa vazirligining, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining oʻzga tashkilotlari joylashgan yerga;
— zobitlar safidagi shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning, muddatga qoʻshimcha xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari — harbiy xizmatchi yangi xizmat joyida uy-joy olgunga qadar — harbiy xizmatchining qarindoshlari yoki turmush oʻrtogʻining qarindoshlari, yoxud boshqa fuqarolarning uy-joyiga;
— hunar-texnika bilim yurtlarining oʻquvchilari, talabalar, aspirantlar, doktorantlar, belgilangan tartibda oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurti qatoriga kiritilgan oʻquv yurtlarining adʼyunktrlari, ordinatorlari, ilmiy tajriba oshirishga kelgan shaxslar, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslarining tinglovchilari, shuningdek ularning oila aʼzolari — oʻqish davrida oʻquv yurtlari va idoralarning, qarindoshlari va boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga;
— faoliyati doimiy harakat bilan bogʻliq shaxslar (ekipajlar, kemalarning aʼzolari, geologiya-qidiruv partiyalarining, ekspeditsiyalarning xodimlari va shu kabilar) — ish vaqtida tegishli kemachilik, boshqarma, geologiya-qidiruv partiyalari, ekspeditsiyalari asosiy bazalarining, qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash tashkilotlari va boshqa tashkilotlar joylashgan manzilga.
Hokimliklarga, shuningdek ichki ishlar organlariga asos mavjud boʻlgan taqdirda mazkur Nizomda koʻzda tutilmagan hollarda ham fuqarolarning ichki ishlar organlarida qayd etilishiga ruxsat qilish huquqi beriladi.
34. Qayd etish va roʻyxatdan chiqarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan miqdorda davlat poshlinasi olinadi.
35. Chegara zonasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va boshqa shaxslarning istiqomat joyini tanlashida cheklashlar belgilanadi. Ushbu bandda belgilangan cheklash amal qiladigan joylarda qayd etish (roʻyxatga olish) ruxsat berilmagan shaxslar bu yerlarda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga olinishi mumkin emas. Fuqarolarning mazkur joylarda vaqtincha boʻlishi tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq respublikaning ayrim joylarida fuqarolarning salomatligi va xavfsizligini (tabiiy ofatlardan, epidemiyalardan, katta avariyalar, falokatlar, ommaviy tartibsizliklar va shu kabilardan) saqlash maqsadida bu joylarda fuqarolarning boʻlishi vaqtincha cheklab qoʻyilishi mumkin.
36. Xususiylashtirilgan uy-joy va xususiy mulk tarzida oʻziga tegishli uy egalari oʻz oila aʼzolarini, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni oʻziga qarashli uy-joyda yashashni qayd ettirishga haqlidirlar.
37. Sudning fuqaroni yashab turgan uyidan koʻchirib yuborish toʻgʻrisidagi yoki bunday imoratdan foydalanish huquqi oʻz kuchini yoʻqotgani haqidagi ajrimi qonuniy kuchga kirishi munosabati bilan fuqaroning yashash joyiga qayd etilishi bekor qilinishi lozim.
Fuqarolar haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni taqdim etgan ana shu maʼlumotlar qayd etishga (roʻyxatga olishga) asos boʻlgan taqdirda, mansabdor shaxslar qayd etish (roʻyxatga olish) masalasini hal qilish chogʻida gʻayriqonuniy harakat qilganda va qayd etish (roʻyxatga olish) tartibi va shartlari buzilgan boshqa hollarda ularning uy-joyga qayd etilgani (roʻyxatga olingani) holati bekor qilinishi mumkin.
38. Mashgʻuloti turi doimiy harakatda boʻlish bilan bogʻliq shaxslar ekipajlar, kemalar aʼzolari, geologiya-qidiruv partiyalarining xodimlari va shu kabilar) tashkilot joylashgan manzilda qayd qilinadi (roʻyxatga olinadi) va roʻyxatdan chiqariladi.
39. Ozodlikdan mahrum etishga yoki qamoq jazosiga hukm qilinganlar shu shaxslar xususida chiqarilgan hukm qonuniy kuchga kirganidan soʻng roʻyxatdan chiqariladi.
40. Vafot etganlar oʻlim roʻyxatga olingandan soʻng qayd etishdan chiqariladi.
41. Qayd etish (roʻyxatdan oʻtish) uchun lozim boʻlgan arizalar, uy daftarlari, manzil varaqalari shaklini hamda fuqarolarni qayd etish (roʻyxatdan oʻtkazish) va qayddan chiqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi belgilaydi. Fuqarolarga beriladigan uy daftari uchun ularning amaldagi qiymati miqdorida haq olinadi.
IV. PASPORT TIZIMI QOIDALARINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
42. Fuqarolar:
— pasportsiz yoki haqiqiy boʻlmagan pasport bilan, shuningdek qayd ettirmay yoki roʻyxatdan oʻtmay yashaganlik uchun, pasportni ataylab yaroqsiz holga keltirgani hamda pasportni avaylab saqlamay uni yoʻqotgani, pasportlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanganlik uchun;
— pasport tizimi qoidalariga rioya qilinishiga masʼul boʻlgan shaxslar fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy boʻlmagan pasport bilan, yohud qayd etmay yoki roʻyxatdan oʻtmay yashashiga yoʻl qoʻygani uchun, shuningdek fuqarolar oʻzlari egallab turgan uy-joy binolarida pasportsiz shaxslarning qaydsiz yoki roʻyxatdan oʻtmay yashashiga yoʻl qoʻygani uchun;
— mansabdor shaxslar pasportsiz yoki pasporti haqiqiy boʻlmagan fuqarolarni, shuningdek qaydsiz (roʻyxatdan oʻtmay) yashayotgan fuqarolarni ishga qabul qilgani uchun;
— mansabdor shaxslar fuqarolarning pasportini asossiz olib qoʻygani yoki pasportni garovga olib qolgani uchun;
— chegara zonasiga kirish yoki unda yashash qoidalarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
XORIJIY ShAXSLARGA, FUKAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXSLARGA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YaShASh UChUN GUVOHNOMA VA FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXS GUVOHNOMASI TOʻGʻRISIDAGI
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Xorijiy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun beriladigan guvohnoma va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun beriladigan guvohnoma ularning shaxslarini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida yashash huquqini beradigan hujjatlar hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi doirasida haqiqiydir. Fuqaroligi boʻlmagan shaxsning guvohnomasi xorijda uning egasi shaxsini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun berilgan guvohnoma boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy istiqomat qiluvchi va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlmagan quyidagi shaxslar yashaydilar:
— xorijiy davlat fuqaroligiga mansubligining isbotiga ega boʻlgan shaxslar;
— boshqa davlatning fuqaroligida boʻlmagan shaxslar.
3. Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnomalar quyidagilarga beriladi:
— 16 yoshga toʻlgan xorijiy fuqarolarga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga;
— qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum deb topilgan shaxslarga;
— qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqqan shaxslarga.
4. Xorijiy shaxslarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun guvohnomalar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs doimiy istiqomat qiladigan joyda beriladi.
5. Fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari Oʻzbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qiluvchi, vaqtincha chet elga joʻnab ketuvchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga beriladi.
II. XORIJIY ShAXSLARGA VA FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXSLARGA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA YaShASh UChUN GUVOHNOMALARDAGI VA FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXS GUVOHNOMASIDAGI YoZUVLAR, ULARNING AMAL QILISh MUDDATLARI
6. Xorijiy shaxslarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun beriladigan guvohnomalar, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari himoya vositalari boʻlgan maxsus blankalarda tayyorlanadi, Oʻzbekiston Respublikasining gerbiga ega boʻladi. Yashash uchun guvohnomalar 16 varaqdan, fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari esa 8 varaqdan iborat.
7. Xorijiy shaxslarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun beriladigan guvohnomalar, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomalari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan oʻzbek, rus, ingliz tillarida toʻldiriladi. Hujjatlarga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
Xorijiy shaxslar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun beriladigan guvohnomalarda:
— familiyasi, ismi, otasining ismi;
— tugʻilgan yili, kuni, oyi;
— tugʻilgan joyi;
— millati;
— Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan kunidagi fuqaroligi;
— oilaviy ahvoli;
— Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan kuni;
— kelishdan maqsad;
— yashash uchun guvohnoma kim tomonidan va qachon berilgan;
— yashash uchun guvohnoma qanday hujjatlarga asoslanib berilgan;
— yashash uchun guvohnomaning amal qilish muddati toʻgʻrisida;
— farzandlar haqida;
— yashash uchun guvohnoma muddatini uzaytirish toʻgʻrisida;
— yashash uchun ruxsat berish haqida;
— yashash joyida qayd etish (propiska) haqida;
— alohida belgilar (qon rezusi va hokazolar);
— Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnomaga eslatma.
Fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasida:
— familiyasi, ismi, otasining ismi;
— tugʻilgan yili va joyi;
— fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi kim tomonidan va qachon berilgan;
— borayotgan mamlakati toʻgʻrisida;
— birgalikda borayotgan farzandlari haqida;
— viza (ruxsatnoma)lar haqida;
— fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasining amal qilish muddati toʻgʻrisida.
Fuqarolarning roziligi bilan, yashash uchun beriladigan guvohnomalarda sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan yashash uchun guvohnoma egasi qonining guruhi va qanday rezusga mansubligi toʻgʻrisida belgilar qoʻyiladi.
8. Xorijiy shaxslarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun beriladigan guvohnomalarda, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxsning guvohnomasida kattaligi 35X45 mm, oq-qora yoki rangli tasvirdagi fotosuratlar, hujjat egasining va uni bergan masʼul shaxsning imzolari boʻlishi lozim.
9. Xorijiy shaxslarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun guvohnomalar 5 yil muddat bilan yoki muddatsiz beriladi. Fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi 2 yil muddatga beriladi.
III. XORIJIY ShAXSLARGA VA FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXSLARGA YaShASh UChUN GUVOHNOMALARNI HAMDA FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXS GUVOHNOMASINI BERISh UChUN ASOSLAR VA UNING MUDDATLARI
10. Xorijiy shaxslar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun guvohnomalarni hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini olish uchun doimiy istiqomat joyida ichki ishlar organlariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) yashash uchun guvohnoma olishga:
— Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan belgilangan shakldagi ariza;
— haqiqiy milliy pasport;
— fuqarolikdan chiqqanlik toʻgʻrisida vakolatli organlar tomonidan berilgan hujjat;
— tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma (birinchi marta olinayotgan taqdirda);
— yashash uchun olingan avvalgi guvohnoma;
— kattaligi 35X45 mm boʻlgan oq-qora yoki rangli tasvirdagi 5 ta fotosurat;
— oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;
— nikoh haqidagi guvohnoma (qayd etilgan nikohdan oʻtilgan taqdirda);
b) fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini olishga:
— Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan belgilangan shakldagi ariza;
— fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yashash uchun guvohnomasi.
11. Quyidagi hollarda fuqaroligi boʻlmagan shaxsning guvohnomasi va yashash uchun berilgan guvohnomalar almashtiriladi:
— familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilganda;
— yozuvlardagi chalkashliklar aniqlanganda;
— yashash joyida qayd etish — undan oʻchish (vizalar) haqidagi belgilar uchun moʻljallangan varaqlar tugaganda;
— foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib qolganda.
12. Yashash uchun guvohnomalarni va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini almashtirish hamda yashash uchun guvohnomalarning amal qilish muddatlarini uzaytirish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
— belgilangan shakldagi ariza;
— yashash uchun guvohnoma;
— fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi;
— kattaligi 35X45 mm boʻlgan oq-qora yoki rangli tasvirdagi 5 ta fotosurat;
— haqiqiy milliy pasport.
Familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilishi munosabati bilan yoki yozuvlardagi chalkashliklarni aniqlash tufayli almashtirish uchun bunday hollarni tasdiqlovchi hujjatlar ham taqdim etiladi.
13. Fuqaro yashash guvohnomasini olish yoki almashtirish uchun hujjatlar va fotosuratlarni tegishli yoshga toʻlgandan yoki familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilgandan, yozuvlardagi chalkashliklar hamda yashash uchun guvohnomalarning foydalanishga yaroqsizligi aniqlangandan keyin bir oydan kechikmay taqdim etishi kerak.
14. Almashtirish tartibida yoki yoʻqotilgani oʻrniga yashash uchun beriladigan guvohnomaga ichki ishlar organlari tomonidan balogʻatga yetmagan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi, shuningdek nikoh qayd etilganligi haqidagi belgilar qoʻyilishi lozim.
15. Vafot etgan kishining yashash uchun guvohnomasi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi fuqarolik holati aktlarini qayd etish organlariga topshiriladi, bu organlar uni oʻlim qayd etilgandan keyin istiqomat joylaridagi ichki ishlar organlariga yuboradilar.
16. Hibsga olingan, shuningdek ozodlikdan mahrum qilingan shaxsdan yashash guvohnomasi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi surishtiruv, dastlabki tergov organi yoki sud tomonidan olib qoʻyiladi va uning istiqomat joyidagi ichki ishlar boʻlimiga yuboriladi. Hibsdan ozod qilinganda yoki jazoni oʻtab boʻlgandan keyin yashash guvohnomasi fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi uning egasiga qaytariladi.
17. Yashash guvohnomasini va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini berish hamda uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda haq undirib olinadi.
18. Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnomalar va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi toʻgʻrisidagi Nizomning amal qilishi uchun zarur boʻlgan gerbli va vizali muhrlarning, shtamplar, blanklarning namunalari Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan belgilanadi.
19. Xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs yashash uchun berilgan guvohnoma yoʻqolganligi toʻgʻrisida u yoʻqolgan joydagi ichki ishlar organlariga darhol maʼlum qilishi shart, bu organlar uning iltimosiga koʻra unga belgilangan nusxadagi maʼlumotnomani beradilar. Maʼlumotnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan belgilanadi.
20. Fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi yoʻqolganligi toʻgʻrisida fuqaroligi boʻlmagan shaxs u yoʻqolgan joydagi ichki ishlar organlariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatiya vakolatxonasiga yoxud konsullik muassasasiga darhol maʼlum qilishi shart.
21. Yashash guvohnomasiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini yoʻqotgan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlariga yashash uchun, yangi guvohnoma yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishi va davlat poshlinasi toʻlanganligi haqidagi kvitansiyani ilova qilishi shart.
Shaxs yashash guvohnomasini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini yoʻqotgan taqdirda unga mazkur Nizomda belgilangan tartibda yashash uchun yangi guvohnoma yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi beriladi.
22. Yashash guvohnomalarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini berish toʻgʻrisidagi arizalar barcha hollarda ichki ishlar organlari tomonidan uzogʻi bilan 15 kun muddat ichida koʻrib chiqiladi.
23. Topib olingan yashash guvohnomasi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi ichki ishlar organlariga topshirilishi lozim.
24. Xorijiy fuqarodan va fuqaroligi boʻlmagan shaxsdan yashash guvohnomasini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasini olib qoʻyish man etiladi (Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno, shuningdek bunday guvohnomani garovga olib turish va boshqa shaxsga berish taqiqlanadi.
25. Xorijiy fuqaro va fuqaroligi boʻlmagan shaxs yashash guvohnomasini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxs avaylab asrashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 48-modda)