Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyuldagi 333-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash komissiyasi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi deb qayta nomlansin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ilova qilinayotgan:
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom;
Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar va nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlansin.
3. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari, shahar ijroiya qoʻmitalari va nohiya ijroiya qoʻmitalari ikki oy muddat ichida namunaviy Nizom asosida va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar, nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyalari toʻgʻrisidagi tegishli nizomlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1979-yil 11-iyuldagi 478-son, 1986-yil 25-iyundagi 320-son, 1987-yil 30-yanvardagi 38-son, 1987-yil 30-sentabrdagi 408-son, 1989-yil 18-apreldagi 145-son va 1989-yil 18-avgustdagi 291-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston SSJ Vitse-Prezidenti Sh. MIRSAIDOV
Toshkent sh.,
1991-yil 30-aprel,
113-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 30-apreldagi 113-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasining
TARKIBI
| Noʻʼmonov P. Q. | — | Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, qurilish, transport va aloqa kompleksining rahbari (Komissiya raisi) |
| Norgitov I. N. | — | Oʻzbekiston SSJ Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari (Komissiya raisining oʻrinbosari) |
| Haydarov R. H. | — | Oʻzbekiston KP Markaziy Qoʻmitasi tashkiliy-partiyaviy va huquqiy ishlar boʻlimi mudirining oʻrinbosari |
| Husainov A. Y. | — | Oʻzbekiston SSJ Prezidenti apparati davlat huquqi boʻlimining konsultanti |
| Azimbekov O. A. | — | Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi kapital qurilish, transport va aloqa boʻlimi mudirining oʻrinbosari |
| Abdusalomov M. E. | — | Oʻzbekiston SSJ Adliya vazirining oʻrinbosari |
| Vaulin M. A. | — | Oʻzbekiston SSJ IIV davlat avtomobil inspeksiyasi boshqarmasining boshligʻi (Komissiyaning masʼul kotibi) |
| Vasilenko S. P. | — | Oʻzbekiston SSJ Avtomobil transporti vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Guskova T. N. | — | Oʻzbekiston SSJ Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Jumaniyozov K. D. | — | Oʻzbekiston LKYI MQ kotibi |
| Kolganov V. I. | — | Oʻzbekiston SSJ Davlat standartlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Konyuxov V. G. | — | Oʻzbekiston SSJ Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Musorin N. I. | — | Oʻzbekiston SSJ Avtomobil yoʻllari vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Musayev E. M. | — | Oʻzbekiston SSJ Davlat televideniye va radioeshittirish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Sobirov A. F. | — | Oʻzbekiston SSJ avtotransport va yoʻl xoʻjaligi xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Qoʻmitasining raisi |
| Saakov V. I. | — | Oʻzbekiston SSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi raisining oʻrinbosari |
| Ermatov N. E. | — | Osiyo temir yoʻli boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari |
| Tarsukov A. M. | — | Oʻzbekiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari |
| Yurchenko K. P. | — | Oʻzbekiston SSJ IIV davlat avtomobil inspeksiyasi boshqarmasining xodimi (Komissiya kotibi) |
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 30-apreldagi 113-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi* umumjumhuriyat organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
* Bundan keyin “Komissiya” deb ataladi.
2. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha vazirliklar, idoralar, davlat qoʻmitalari, uyushmalar, konsernlar, boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish Komissiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
3. Komissiya rais (Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari), rais oʻrinbosari, Komissiya aʼzolari va kotibiyatdan iborat tarkibda ish olib boradi. Komissiya raisi Komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi.
4. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
5. Komissiya oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining boshqa Komissiyalari bilan hamkorlikda ish olib boradi.
6. Komissiya oʻz faoliyatida SSJI va Oʻzbekiston SSJ qonunlariga, SSJI Prezidenti va Oʻzbekiston SSJ Prezidenti farmonlariga, SSJI va Oʻzbekiston SSJ Oliy Kengashlarining qarorlariga, SSJI Vazirlar Mahkamasining va Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash butun ittifoq Komissiyasining qarorlariga hamda yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
7. Komissiyaning yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha qarorlari vazirliklar, idoralar, davlat qoʻmitalari, uyushmalar, konsernlar, boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar, nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyalari uchun majburiydir.
8. Zarur hollarda Komissiya yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan asosiy masalalarni oʻrganish va tayyorlash uchun olimlar, vazirliklar va idoralarning rahbar xodimlari, mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlari tuzadi. Guruhlarning shaxsiy tarkibi Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Komissiyaning asosiy vazifalari, huquqlari va burchlari
9. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
a) harakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha milliy va maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
b) yoʻl harakati va uning xavfsizligini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston SSJ vazirliklari va idoralarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha yagona siyosatni oʻtkazadi;
v) yoʻl harakatida qatnashuvchi va uning xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq barcha vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq talablarni ishlab chiqadi;
g) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha umumittifoq, umumjumhuriyat tadbirlarini va dasturlarini ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini tashkil etadi, Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston SSJ Hukumati hal qilishi kerak boʻlgan takliflarni kiritadi. Yoʻl harakati sohasida aholiga va xalq xoʻjaligiga avtomototransport vositalari bilan samarali va xavfsiz xizmat koʻrsatishga qaratilgan milliy siyosatni rivojlantirishni taʼminlaydi;
d) vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalarning yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatini nazorat qiladi va baholab boradi;
e) Oʻzbekiston SSJ vazirliklari va idoralarining, Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar, nohiya ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha komissiyalarning halokatlarning oldini olish boʻyicha takliflarini koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
j) vazirliklar va idoralar tomonidan yoʻl harakatini rivojlantirish va uning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha normativ hujjatlar, yoʻl harakatini rivojlantirishga va uning xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
z) Komissiya vakolatiga kiruvchi yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha ittifoq va jumhuriyatlararo kengashlar ishida qatnashadi;
i) yoʻl harakati sohasida normativ boshqarishni takomillashtirish boʻyicha takliflarni tayyorlashda ishtirok etadi;
k) Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni qoniqarsiz bajarayotgan Oʻzbekiston SSJ vazirliklari va idoralarining rahbarlarini shaxsiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
l) Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar, nohiya ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalariga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tarmoq va mintaqaviy dasturlar majmuini ishlab chiqishda, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha tadbirlarni belgilashda va ularni amalga oshirishda metodik va amaliy yordam beradi;
m) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha idoralararo konferensiyalar, seminarlar, kengashlar oʻtkazishni tashkil etadi, ularda ishlab chiqilgan tavsiyanomalarni amalga oshirish choralarini koʻradi;
n) yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlari olib borishni va ularni muvofiqlashtirishni taʼminlaydi;
o) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlarni moliyaviy taʼminlash siyosatini ishlab chiqadi;
p) boshqa ittifoqdosh jumhuriyatlardagi shunday organlar bilan aloqalarni amalga oshiradi.
10. Komissiya quyidagi huquqlarga ega:
a) oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston SSJ vazirliklari va idoralarining yoʻl harakatini rivojlantirish hamda uning xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq ishlarini tekshirish;
b) Oʻzbekiston SSJ vazirliklari va idoralari rahbarlarining yoʻl harakatini rivojlantirish va uning xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha hisobotlarini eshitish;
v) tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan yoʻl harakatini rivojlantirish va uning xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha normativ hujjatlarni, tadbirlar rejalarini, maʼlumotlar va materiallarni, shuningdek, ogʻir yoʻl-transport hodisalari, ularni keltirib chiqargan sabablar va sharoitlar toʻgʻrisidagi operativ maʼlumotlarni talab qilish va olish;
g) oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarga shuningdek, korxonalar va tashkilotlarga (ular qarashli boʻlgan vazirliklar va idoralarni xabardor qilgan holda) bajarish majburiy boʻlgan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishda aniqlangan qoida buzishlar va nuqsonlarni tugatish toʻgʻrisida, koʻrilgan choralar haqida belgilangan muddatda axborot berish sharti bilan koʻrsatmalar kiritish;
d) vazirliklar va idoralarning rahbarlaridan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha qonunlar va boshqa normativ hujjatlar talablarini buzgan shaxslarga nisbatan zarur choralarni koʻrishni talab qilish;
e) belgilangan tartibda vazirliklar va idoralarga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha zarur ishlarni, tekshirishlarni, sinovlarni, tadqiqotlarni oʻtkazishni topshirish.
III. Komissiya ishini tashkil etish
11. Komissiya oʻz ishini Komissiya majlislarida tasdiqlangan yillik rejalarga muvofiq amalga oshiradi.
12. Komissiya, qoidaga koʻra, har chorakda bir marta majlis oʻtkazadi. Komissiya majlislari oʻz aʼzolarining kamida yarmi qatnashganda vakolatga ega boʻladi.
Komissiya majlislarida koʻriladigan masalalarning mazmuni aks ettiriladigan bayonnoma yuritiladi. Bayonnoma raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
13. Komissiya qarorlari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Qaror uni yoqlab koʻpchilik ovoz berilganda qabul qilingan hisoblanadi.
14. Komissiya qarorlari rasmiylashtiriladi va zarurat boʻlganda ommaviy axborot vositalari orqali ommaga yetkaziladi.
15. Oʻzbekiston SSJning ayrim vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari hamda boshqa tashkilotlarning manfaatlariga taalluqli masalalar koʻrib chiqilayotganda Komissiya majlislariga ularning vakillari taklif qilinadi.
16. Komissiya raisi:
a) Komissiya, uning kotibiyati va ishchi guruhlari ishiga rahbarlik qiladi;
b) Komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi ularga Komissiya ishi bilan bogʻliq ayrim topshiriqlar beradi;
v) Komissiya majlislarini oʻtkazish vaqtini va joyini belgilaydi, navbatdagi majlisda koʻrib chiqiladigan masalalar doirasini aniqlaydi. Zarurat boʻlganda Komissiyaning koʻrib chiqishiga rejadagidan tashqari masalalarni kiritadi, shuningdek, Komissiyaning navbatdan tashqari majlislarini chaqiradi.
17. Komissiya aʼzolari:
a) oʻz vakolatlari doirasida SSJI Hukumatining, Oʻzbekiston SSJ Hukumatining va Komissiyaning yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi qarorlarini bajarish boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishni tashkil etadilar;
b) Komissiya ish rejasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston SSJ vazirliklari, davlat qoʻmitalari idoralari va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga taalluqli masalalarni qoʻshish toʻgʻrisida takliflar kiritadilar, Komissiyada koʻrib chiqish uchun materiallarni tayyorlashda ishtirok etadilar;
v) Komissiya topshirigʻi boʻyicha Komissiyada koʻrib chiqiladigan materiallarni tayyorlash yuzasidan ishchi guruhlariga boshchilik qiladilar, Komissiyada bu materiallarni maʼlum qiladilar;
g) Oʻzbekiston SSJ vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari va boshqa tashkilotlarda SSJI Hukumatining Oʻzbekiston SSJ Hukumatining, Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha qarorlarining bajarilishi boʻyicha ishlarning ahvoli bilan tanishishda ishtirok etadilar hamda natijalar toʻgʻrisida Komissiyaga maʼlum qiladilar.
18. Komissiya kotibiyati:
a) Komissiyada koʻrib chiqishga kiritilgan masalalar boʻyicha materiallarni tayyorlashda ishtirok etadi;
b) Komissiyaning ish rejalari loyihalarini va oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlaydi;
v) Oʻzbekiston SSJ Ichki ishlar vazirligi davlat avtomobil inspeksiyasi boshqarmasi bilan birgalikda Komissiyaga avtomototransportdagi halokatlar toʻgʻrisida axborotlar va yoʻl-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan qoʻshimcha choralar haqida tavsiyanomalar tayyorlaydi;
g) Komissiyaning ishini yuritadi, Komissiya aʼzolarini majlislarning oʻtkazilish muddatlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qiladi va ularni Komissiyaning navbatdagi majlisida koʻrib chiqish uchun tayyorlangan materiallar bilan taʼminlaydi;
d) Komissiya raisining topshirigʻiga koʻra, Oʻzbekiston SSJ vazirliklarida, davlat qoʻmitalarida, idoralarida, Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar, nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyalarida hamda boshqa tashkilotlarda SSJI Hukumatining, Oʻzbekiston SSJ Hukumatining, Oʻzbekiston SSJ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qarorlarining bajarilishi bilan tanishishda ishtirok etadi, shuningdek, bu tashkilotlarda yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga taalluqli masalalarni koʻrib chiqishda qatnashadi;
e) Komissiyaning ilgari qabul qilingan qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi.
19. Komissiya aʼzolari maxsus guvohnomaga ega boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 30-apreldagi 113-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalarini tashkil etish tartibi va ularning vazifalari
1. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar va nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzurida tuziladi.
2. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, shahar, nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari tomonidan tuziladi. Bu komissiyalarning tarkibi tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat, nohiya Sovetlari ijroiya qoʻmitalari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari oʻz faoliyatlarida Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, tegishli xalq deputatlari Sovetlari ijroiya qoʻmitalari oldida javobgardirlar va ularga hisob beradilar.
4. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari rais, (Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, ijroqoʻm raisining oʻrinbosari) Komissiya raisining oʻrinbosari, kotib va aʼzolardan iborat tarkibda ish olib boradi.
Komissiya aʼzolarining soni huzurida Komissiya tuzilgan Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari Soveti ijroqoʻmining ish hajmiga muvofiq belgilanadi.
Komissiya tarkibiga transport, yoʻl va loyiha tashkilotlarining, yoʻl-kommunal xoʻjaligi tashkilotlarining, ichki ishlar, xalq taʼlimi organlarining rahbarlari va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradilar.
5. Davlat organlari va jamoat tashkilotlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalarining asosiy vazifalari hisoblanadi.
6. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari oʻz vakolatlariga berilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladilar, ular korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar ikki hafta muddat ichida Komissiyaning qarorlarini bajarish yuzasidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisida Komissiyaga maʼlum qilishga majburdirlar.
II. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalarining asosiy vazifalari, huquqlari va burchlari
7. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari;
a) avtomobil transporti, avtomobil yoʻllari qurish va ulardan foydalanish, uy-joy-kommunal xoʻjaligi, ichki ishlar, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, madaniyat organlarining transport harakati xavfsizligi va halokatlarga qarshi kurashni tashkil etish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirishni, Qoraqalpogʻiston MSSJ, viloyat, shahar, nohiya hududida bu masalalarni mukammal hal qilishni taʼminlaydilar;
b) ham bevosita, ham tegishli davlat organlari, tashkilotlar va mehnatkashlar jamoalari orqali yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, avtomobil transporti va shahar elektr transportining halokatsiz ishlashi uchun sharoit yaratish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
v) avtomobil transporti, shahar elektr transporti xodimlari, transport vositalariga xizmat koʻrsatuvchi boshqa xodimlar, shaxsiy transport vositalari egalari oʻrtasida zarur tarbiyaviy ishlarni tashkil etishni taʼminlaydilar, bu shaxslar bilan ishlashga mehnatkashlar jamoalarini, urush va mehnat faxriylarini, koʻngilli xalq drujinalari, Oʻzbekiston SSJ avtomotohavaskorlari koʻngilli jamiyati aʼzolarini, boshqa jamoat tashkilotlarining vakillarini jalb etadilar;
g) transport, yoʻl, loyihalash hamda boshqa korxonalar va tashkilotlar tomonidan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha oʻzlariga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini nazorat qiladilar, ularning ijobiy ish tajribasini umumlashtiradilar va ommalashtiradilar;
d) korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning ishchi va xizmatchilari, kolxozchilar, oʻquv yurtlarining oʻquvchilari tomonidan yoʻl harakati qoidalarini oʻrganishni tashkil etadilar;
e) matbuot, radio, televideniye va ishning leksiya shakllaridan faol foydalanib, yoʻl harakati xavfsizligini targʻib qilishni tashkil etadilar va amalga oshiradilar.
8. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat Sovetlari ijroiya qoʻmitalari huzuridagi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari quyi komissiyalarning yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatini nazorat qilib, yoʻnaltirib va muvofiqlashtirib boradilar, ularga metodik yordam koʻrsatadilar, ularning ijobiy ish tajribasini umumlashtiradilar va ommalashtiradilar.
9. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalari quyidagi huquqlarga ega:
a) korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, transport vositalariga xizmat koʻrsatuvchi shaxslar oʻrtasida zarur tarbiyaviy ishlarni olib borish boʻyicha oʻzlariga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini tekshirish, Komissiya majlislarida korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining koʻrsatib oʻtilgan masalalar yuzasidan oʻzlari koʻrayotgan choralar toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitish;
b) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni qoniqarsiz bajarayotgan oʻz tasarrufidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlariga nisbatan talabchanlikni kuchaytirish toʻgʻrisida tegishli organlarga taqdimnomalar bilan chiqish. Koʻrsatilgan organlar taqdimnomalarni koʻrib chiqish natijalari haqida bir oy muddat ichida Komissiyaga xabar qilishga majburdirlar;
v) yoʻl harakati xavfsizligini kuchaytirish yuzasidan choralar toʻgʻrisidagi masalalarni Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashining, tegishli xalq deputatlari Sovetlari ijroiya qoʻmitalarining koʻrib chiqishiga kiritish.
III. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash komissiyalarining ishini tashkil qilish
10. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi raisi Komissiya majlislarining muntazam chaqirilishini taʼminlaydi, navbatdagi majlisda koʻriladigan masalalar doirasini belgilaydi, majlislarda koʻrib chiqish uchun Komissiyaning ish rejalarini va faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlaydi. Majlislar oʻrtasidagi davrda Komissiya aʼzolariga topshiriqlar beradi va ularning bajarilishini tekshirib boradi.
Komissiya majlislarida bayonnoma yuritiladi, unda koʻrib chiqiladigan masalalar aks etadi. Bayonnoma raislik qiluvchi va kotib tomonidan imzolanadi.
11. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasining majlisi oʻz tarkibining kamida yarmi qatnashganda toʻla huquqli hisoblanadi.
Komissiya qarori majlisda qatnashayotgan Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi hamda rais va kotib tomonidan imzolanadi.
12. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasining majlislariga, koʻrib chiqiladigan masalalarning mazmuniga qarab avtomobil transporti, avtomobil yoʻllari qurish va ulardan foydalanish, uy-joy-kommunal xoʻjaligi, ichki ishlar, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, madaniyat organlarining hamda boshqa tashkilotlar va mehnatkashlar jamoalarining vakillari taklif qilinadilar.
13. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasi tarkibida (haydovchilar oʻrtasida tarbiyaviy ishlar, yoʻl harakati qoidalari targʻiboti, yoʻl sharoitlarini yaxshilash, haydovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish, yoʻl harakatini tashkil etish va boshqa) ishchi guruhlari tuzilishi mumkin.
14. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash Komissiyasining qarori yuzasidan huzurida ushbu Komissiya boʻlgan Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashiga, tegishli xalq deputatlari Soveti ijroiya qoʻmitasiga shikoyat qilish mumkin. Mazkur organlarning shikoyat boʻyicha qarorlari uzil-kesil hisoblanadi.