Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Sugʻurtalovchilar tomonidan yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 28-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2564]
Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda), “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) qonunlariga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ–2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorini (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda) bajarish yuzasidan buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sugʻurtalovchilar tomonidan yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 17-fevral,
9-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2014-yil 17-fevraldagi 9-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sugʻurtalovchilar tomonidan yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda), “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 142-modda) qonunlariga muvofiq sugʻurtalovchilar tomonidan eʼlon qilinadigan yillik moliyaviy hisobotning shaklini, shuningdek uni eʼlon qilish tartibi va muddatlarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Sugʻurtalovchilar tomonidan eʼlon qilinadigan yillik moliyaviy hisobotning shakli
1. Sugʻurtalovchilar tomonidan eʼlon qilinadigan yillik moliyaviy hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Sugʻurtalovchilarning moliyaviy hisobot shakllarini toʻldirish boʻyicha qoidalarga (roʻyxat raqami 1945, 2009-yil 20-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 17-son, 217-modda) muvofiq tuzilgan sugʻurtalovchilarning yillik moliyaviy hisobot shakllari;
Oʻzbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Hisob siyosati va moliyaviy hisobot”da (roʻyxat raqami 474, 1998-yil 14-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 1999-y., 5-son) belgilangan talablarga muvofiq ravishda tuzilgan, sugʻurtalovchi faoliyatining yakuniy natijalariga hisobot yilida taʼsir koʻrsatgan asosiy omillar bayon etilgan tushuntirish xati;
Keyingi tahrirga qarang.
majburiy auditorlik tekshiruvi natijalari boʻyicha tuzilgan auditorlik xulosasi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sugʻurtalovchi qoʻshimcha ravishda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa axborotni ham eʼlon qilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Sugʻurtalovchilar tomonidan yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilish tartibi va muddatlari
3. Sugʻurtalovchi yillik moliyaviy hisobotni majburiy auditorlik tekshiruvi yakunlanganidan keyin oʻn besh kun ichida, lekin hisobot yili tugaganidan soʻng birinchi maydan kechikmasdan, oʻzining rasmiy veb-saytida va moliyaviy-iqtisodiy yoʻnalishdagi respublika bosma nashrlarida eʼlon qiladi. Bunda bosma nashrlarda yillik moliyaviy hisobotning faqat quyidagi shakllari (qisqartirilgan shaklda boʻlishi mumkin) sugʻurtalovchining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan yillik moliyaviy hisobotiga havola majburiy tartibda koʻrsatilgan holda eʼlon qilinadi:
“Buxgalteriya balansi” — 1-sonli shakl — sugʻurta;
“Moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot” — 2-sonli shakl — sugʻurta.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Sugʻurtalovchi oʻzi tomonidan eʼlon qilingan yillik moliyaviy hisobotdagi maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda besh ish kuni ichida oʻzgartirilgan maʼlumotlar, oʻzgartirish sabablari hamda oldin eʼlon qilingan axborotni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ravishda koʻrsatgan holda oʻzgartirilgan yillik moliyaviy hisobotni eʼlon qilishi shart.
5. Sugʻurtalovchi ushbu Nizomning 3 va 4-bandlariga muvofiq oʻzi tomonidan yillik moliyaviy hisobot (oʻzgartirilgan yillik moliyaviy hisobot) eʼlon qilingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida tegishli bosma nashrning nusxasini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Yakuniy qoidalar
6. Sugʻurtalovchi oʻzi tomonidan eʼlon qilingan yillik moliyaviy hisobotning toʻliqligi va ishonchliligi uchun javobgardir.
7. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 9-son, 102-modda; 2016-y., 9-son, 96-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 25.08.2023-y., 10/23/2564-2/0653-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son; 19.03.2026-y., 10/26/2564-3/0261-son)