Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 410-son qarori bilan tasdiqlangan Mudofaa obyektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mudofaa obyektlarini qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlash, shuningdek mudofaa obyektlarida rejim talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 410-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 9-son, 87-modda) bilan tasdiqlangan Mudofaa obyektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlash faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomning II boʻlimiga quyidagi mazmundagi 61-band qoʻshilsin:
“61. Mudofaa obyektlarini qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlash boʻyicha bosh pudratchi hisoblanadigan litsenziat tomonidan mudofaa obyektlarini qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlashga doir tegishli faoliyat turlarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan subpudrat tashkilotlarini jalb etish quyidagi talablar va shartlarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi:
subpudrat tashkilotlarini mudofaa obyektlarini qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlash ishlarini bajarishga jalb etishga loyiha-smeta hujjatlarining alohida boʻlimlari boʻyicha yoʻl qoʻyiladi;
subpudrat tashkilotlariga loyiha-smeta hujjatlari faqat ularga taalluqli qismi boʻyicha taqdim etilishi mumkin;
subpudrat tashkilotlarining xodimlari mudofaa obyektlari hududiga ularning roʻyxatlari belgilangan tartibda kelishilgandan keyin kiritiladi;
litsenziat subpudrat tashkilotlari va ularning xodimlari tomonidan obyekt rejimi bilan belgilangan qoidalarga rioya etilishi, shuningdek davlat sirlarini saqlashning taʼminlanishi uchun toʻliq javob beradi.”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 13-fevral,
29-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 8-son, 81-modda)