Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻRTA OSIYO TEMIR YOʻLINING OROLBOʻYI BOʻLIMINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Turkmaniston temir yoʻli tashkil etilishi munosabati bilan hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida temir yoʻl orqali yuk va yoʻlovchilar tashishni boshqarish samaradorligini taʼminlash maqsadida:
1. 1992-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻrta Osiyo temir yoʻlining Orolboʻyi boʻlimi tashkil etilib, uning tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida joylashgan temir yoʻl uchastkalari, stansiyalari, razyezdlari hamda temir yoʻl transportining boshqa korxonalari va tashkilotlari kiritilsin.
2. Oʻrta Osiyo temir yoʻli boshqarmasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati ijroiya komiteti bilan kelishib, temir yoʻlning ana shu boʻlimi boshqarmasi idoralari manzilgohini, unga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar roʻyxatini, shuningdek ularni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga oid tadbirlarni belgilash topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 6-dekabr,
PF-299-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 1-son, 13-modda)