Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-martdagi 139-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston SSJning mustaqilligi toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga va “Oʻzbekiston SSJda mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunga amal qilib, jumhuriyatda geologiya tarmogʻining geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini boshqarishning kompleks tizimini yaratish maqsadida hamda Oʻzbekiston SSJ Prezidentining 1991-yil 12-fevraldagi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilishi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Davlat qoʻmitasi apparati xodimlarining soni 110 kishidan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlar sonini xisobga olmagan holda) iborat qilib belgilansin, ular Qoʻmita bilan oʻz munosabatlarini shartnoma asoslarida yoʻlga qoʻyuvchi uning tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari hisobiga saqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasiga raisning 3 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari va 7 kishidan iborat tarkibda hayʼat boʻlishiga ruxsat etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori tahririda)
2. Oʻz faoliyatini xoʻjalik hisobi asosida amalga oshiruvchi Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:
jumhuriyat hududini geologik jihatdan kompleks oʻrganish, xalq xoʻjaligi ehtiyojlarini oʻrganilgan mineral xomashyo zaxiralari bilan taʼminlash bilan bogʻliq barcha masalalarni mustaqil olib borish va hal qilish foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashni amalga oshirish, oʻziga topshirilgan masalalar boʻyicha SSJI va jumhuriyatning barcha davlat organlarida, shuningdek chet ellarda jumhuriyat manfaatlarini ifodalash;
mineral resurslardan foydalanishni nazorat qilish;
jumhuriyat hududida geologiya tarmogʻining tashkilotlari va korxonalarida barpo etilgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va ishlatish.
3. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining oʻz tasarrufiga kiruvchi masalalar boʻyicha aktlari jumhuriyat hududida ish olib boruvchi barcha vazirliklar, idoralar va korxonalar uchun, ularning idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, majburiy hisoblansin.
4. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
5. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tashkil etilganligi munosabati bilan reja va budjet (ishlab chiqarish, kapital qurilish, moliyaviy taʼminlash, moddiy-texnikaviy taʼminlash va boshqalar) koʻrsatkichlariga tegishli oʻzgartishlar kiritsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 10-may,
125-son
Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi markaziy apparatining
TUZILIShI
Rahbariyat
Huquqiy boʻlim
Birinchi boʻlim
Nazorat-taftish boʻlimi
Mineral xomashyo bazasini istiqbolli rivojlantirish boʻlimi
Mineral resurslardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi
Geologiya boʻlimi
Gidrogeologiya va noruda xomashyo boʻlimi
Oldingi tahrirga qarang.
(ilovaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-yanvardagi 2-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Geologiya nazorati va geoekologiya boʻlimi
Ishlab chiqarish-texnika boʻlimi
Energomexanika boʻlimi
Oldingi tahrirga qarang.
(ilovaning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-yanvardagi 2-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Kapital qurilish boʻlimi
Moddiy-texnika taminoti boʻlimi
Ijtimoiy sohani va savdoni rivojlantirish boʻlimi
Foydali qazilmalarni qazish boʻlimi
Bozor munosabatlarini hamda xoʻjalik mexanizmini shakllantirish va rivojlantirish boʻlimi
Reja-moliya boʻlimi
Buxgalteriya hisobi va hisoboti boʻlimi
Kadrlar boʻlimi
Tashqi iqtisodiy aloqalar boʻlimi
Ishlar Boshqarmasi
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-maydagi 125-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi jumhuriyat geologiya-qidiruv tarmogʻini boshqarishning ittifoq-jumhuriyat organi hisoblanadi, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga va SSJI Geologiya vazirligiga boʻysunadi, ularning manfaatlarini ifodalaydi hamda ular tomonidan unga mol-mulkka egalik qilish huquqi beriladi.
OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi xoʻjalik hisobi sharoitlarida ishlaydi, jumhuriyat hududini geologik jixatdan kompleks oʻrganish, xalk xoʻjaligining qidirib topilgan mineral xomashyo zahiralariga ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq barcha masalalarni mustakil olib borishni va hal qilishni taʼminlaydi, oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha SSJ Ittifoqida, shuningdek, chet ellarda jumhuriyat manfaatlarini ifodalaydi.
OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qumitasi oʻz faoliyatida SSJI konunlariga, SSJI Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, SSJI Prezidentining farmonlariga, Oʻzbekiston SSJ qonunlariga, Oʻzbekiston SSJ Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekistrn SSJ Prezidentining farmonlariga, qarorlariga za farmoyishlariga, mazkur hujjatlarda koʻzda tutilgan xollarda esa, shuningdek SSJI Vazirlar Mahkamasining hamda Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining, SSJI Geologiya vazirligining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ aktlarga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Quyidagilar OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
jumhuriyatning mineral xomashyo bazasini har tomonlama rivojlantirishni, xalq xoʻjaligining qidirib topilgan foydali qazilmalar zaxiralariga ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirishni taʼminlash, mineral xomashyo va yer osti suvlari resurslarini prognozlash va baholash uchun zarur maʼlumotlarni olish, ulardan foydalanishning ekologik va oqilona sharoitlarini aniqlash, sanoat va fuqaro qurilishini istiqbolli joylashtirish uchun muhandislik-geologik asoslarni tayyorlash, yer osti boyliklari haqidagi bilimlarni oshiradigan va yer osti boyliklaridan okilona foydalanishni tashkil etishga yordam beruvchn boshka maʼlumotlarni olish maqsadida yer osti boyliklarini geologik oʻrganish;
foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansini va konlar kadastrini olib borish;
yer osti boyliklarini geologik oʻrganish va mineral resurslardan oqilona foydalanish ustidan davlat nazoratini olib borish;
qaysi idoraga boʻysunishidan, mulkchilik shaklidan va moliyaviy manbalaridan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar tomonidan bajariladigan geologiya-qidiruv ishlarini davlat tomonidan roʻyxatga olib borish;
mineral xomashyolarning va foydali qazilmalar zahiralarining konditsiyalarini tasdiqlash.
3. OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi bilan birgalikda jumhuriyatning mineral xomashyo bazasini takroriy ishlab chiqarish va yanada kengaytirish surʼatlarini hamda buning uchun zarur boʻlgan investitsiyalarni asoslaydi;
jumhuriyatning mineral xomashyo bazasini joriy va istiqbolli rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga va SSJI Geologiya vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
jumhuriyatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari loyihalarining minerzl resurslardan oqilona foydalanish qismini ishlab chiqishda, yer osti boyliklarini geologik oʻrganish boʻyicha umumittifoq va jumhuriyatlararo dasturlarni tuzishda va roʻyobga chiqarishda ishtirok etadi;
tarmoqdagi geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot, tematik, geoekologik, tajriba-konstruktorlik ishlarining va boshqa ishlarning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi; oʻz vakolati doirasida boshqa vazirliklar va idoralar tomonidan bajariladigan geologiya-qidiruv ishlarining yoʻnalishlarini, ularni muvofiqlashtirish uchun, koʻrib chiqadi;
xalq xoʻjaligi obyektlarini qurish uchun tadqiqotlar oʻtkazadi va maydonlarda konlar yoʻqligi toʻgʻrisida xulosalar beradi;
ilmiy prognozlashni takomillashtirish, foydali qazilmalar konlarini qidirib topish va oʻrganish metodikasini, geologiya-qidiruv ishlab chiqarishi texnikasi va texnologiyasini takomillashtirish masalalarida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni muvofiqlashtiradi va oʻtkazadi;
davlat buyurtmalarini joylashtiradi, tarmoqning korxonalari va tashkilotlari tomonidan bajariladigan geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini budjet mablagʻlari hisobidan moliyaviy taʼminlaydi, geologiya-qidiruv ishlari uchun, qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, korxonalarga ajratiladigan mablagʻlardan okilona foydalanishni nazorat qiladi;
mineral xomashyo resurslari zahiralarining ahvoli va ulardan foydalanish boʻyicha jumxuriyat va mintaqaviy axborot tizimlarining rivojlanishini taʼminlaydi, axborotnomalar, toʻplamlar, kataloglar, metodik xujjatlar tayyorlaydi;
Iqtisodiyot qoʻmitasi bilan kelishilgan va Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha foydali qazilmalarning konlarini sanoat miqyosida oʻzlashtirishga jalb qilishga ruxsatnoma (litsenziya) beradi;
kon qazuvchi korxonalarning sanoat uchun ahamiyatini yoʻqotgan, qazib olish vaqtida nobud boʻlgan yoki keyingi geologiya-qidiruv ishlari yoxud konlarni oʻzlashtirish paytida tasdiqlanmagan foydali qazilmalarni balans zahiralari hisobidan chiqarish toʻgʻrisidagi takliflarini koʻrib chiqadi;
Qoʻmita tasarrufidagi korxonalarga mineral resurslarni qazib olishda, qayta ishlashda va sotishda, oʻz korxonalarini, shu jumladan, xorijiy sheriklar ishtirokida korxonalar tashkil qilishda yordam koʻrsatadi;
tashkilotlar bilan birgalikda moddiy-texnika resurslarini sarflashning ilmiy asoslangan normalarini shakllantirishni, davlat buyurtmalari uchun markazlashgan tartibda ajratiladigan resurslarning limitlarini taqsimlashni amalga oshiradi, jumhuriyat taʼminot organlarida moddiy-texnika taʼminoti masalalarini muvofiqlashtiradi, ulgurji savdoni rivojlantirishda hamda yetkazib beruvchilar bilan bevosita aloqalarni oʻrnatishga, moddiy resurslarni realizatsiya qilishga, shartnomalarni oʻz vaqtida tuzishga, ikkilamchi va mahalliy resurslardan oqilona foydalanishga yordam beradi;
xoʻjalik hisobini mustahkamlash, bozor munosabatlarini rivojlantirish va takomillashtirish, tashkilotlarning rentabelligini oshirish, asosiy va oborot mablagʻlardan hamda bank kreditlaridan samarali foydalanish boʻyicha ish olib boradi, tasarrufidagi korxonalarning moliyaviy faoliyatini yaxshilashga yordam beradi, shartnomalar boʻyicha ulardan tushadigan mablagʻlar hisobiga markazlashgan fondni tashkil etadi;
buxgalterlik va statistik hisobni takomillashtiradi, nazorat-taftish ishini tashkil etadi, tasarrufidagi tashkilotlarning buxgalterlik hisobotlarini hamda balanslarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi, qoʻmitaning ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisida buxgalteriya va statistik hisobotlarni tuzadi;
bozor munosabatlarini rivojlantirish sharoitlarida ishlab chiqarishni tashkil etishning shakl va usullarini, ish haqini takomillashtirish, tarmoq xodimlari va ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyalanganligini taʼminlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
ustun yoʻnalishlar boʻyicha geologiya-qidiruv ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini oʻrganishni tashkil etadi va tasdiqlaydi;
oʻz tasarrufidagi korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtiradi;
mehnat sharoitlarini yaxshilash, xavfsizlik va sanoat sanitariyasi qoidalariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza etish, ijtimoiy soha obyektlarini qurish va tuzatish boʻyicha tadbirlarning bajarilishiga yordam beradi;
kadrlarni taiyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi, rahbar kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishni, shuningdek, rezervni shakllantirishni amalga oshiradi;
oʻz tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlar mehnat jamoalarining manfaatlari yoʻlida belgilangan tartibda Oʻzbekiston SSJ, SSJI vazirliklari va idoralarining boshqa korxonalari va tashkilotlari hamda xorijiy mamlakatlarning firmalari bilan mahsulotlarni, xomashyo va xizmatlarni ayirboshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
4. OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga quyidagi huquqlar beriladi:
belgilangan tartibda Qoʻmita korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
bankda hisob-kitob schyotlarini va boshqa schyotlarni ochish;
tasarrufidagi barcha tashkilotlar va obyektlarni, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi boshqa idoralarning korxonalarini Qoʻmita vakolatlariga kiruvchi masalalar boʻyicha tekshirish, foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini oʻtkazishni esa tegishli nazorat organlari bilan birgalikda tekshirish;
jumhuriyatning tegishli vazirliklari, idoralari, korxonalari va tashkilotlari bilan kelishuvga muvofiq ularning mutaxassislarini tekshirishlar oʻtkazishga jalb qilish;
SSJI Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan hisobot berish shakli boʻyicha yer osti boyliklaridan foydalanish haqidagi maʼlumotlarni korxonalar va tashkilotlardan olish;
oʻz vakolati doirasida OʻzSSJ hududida geologiya-qidiruv ishlarini va yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bogʻliq boshqa ishlarni amalga oshiradigan vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar uchun, koʻchki hodisalari boʻyicha esa xalq deputatlari mahalliy Sovetlari uchun bajarish majburiy boʻlgan buyruqlar, qarorlar chiqarish, yoʻriqnomalar va koʻrsatmalar berish, ular buzilgan hollarda belgilangan tartibda ishlarni toʻxtatishgacha choralar koʻrish.
5. OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga Oʻzbekiston SSJ Prezidenti tayinlaydigan va Oʻzbekiston SSJ Oliy Kengashi tasdiqlaydigan Rais boshchilik qiladi. Qoʻmita Raisining Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydigan oʻrinbosarlari boʻladi. Oʻrinbosarlar oʻrtasida vazifalarni Qoʻmita Raisi taqsimlaydi.
6. OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasida Qoʻmitaning Raisidan (rais), rais oʻrinbosarlaridan, shuningdek, boshqa rahbar xodimlardan iborat tarkibda hayʼat tuziladi. Hayʼat aʼzolarini Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Qoʻmita hayʼati oʻz majlislarida geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, tashkilotlar va umuman Qoʻmita tomonidan rejalarning va boshqa topshiriqlarning bajarilishi, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va ulardan foydalanish, rahbar organlar, yuqori tashkilotlar qarorlari va koʻrsatmalarining hamda oʻz qarorlarining bajarilishini nazorat qilish masalalarini koʻrib chiqadi, tasarrufidagi korxonalarning hisobotlarini, shuningdek, Qoʻmita vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni eshitadi.
Hayʼat qarorlari, qoidaga koʻra, Raisning buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi. Rais va hayʼat oʻrtasida kelishmovchiliklar boʻlgan hollarda Rais Vazirlar Mahkamasiga vujudga kelgan kelishmovchilik haqida xabar berib, oʻz qarorini oʻtkazaveradi, hayʼat aʼzolari esa oʻz navbatida mazkur joyga oʻz mulohazalarini maʼlum qilishlari mumkin.
7. OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining Raisi Qoʻmitaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, Rais oʻrinbosarlarining, boʻlim boshliqlari va strukturaviy boʻlinmalar rahbarlarining javobgarligi darajasini belgilaydi.
Rais Qoʻmita vakolatlari doirasida tasarrufidagi korxonalarning bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va yoʻriqnomalar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi, ularning bajarilishini tekshiradi; Qoʻmita apparati tuzilishini, shtatlar jadvalini, xodimlarga ish haqi toʻlash haqidagi nizomni, shuningdek, oʻziga bevosita boʻysunuvchi tashkilotlarning ustavlarini (nizomlarini) belgilangan tartibda tasdiqlaydi, Qoʻmita tasarrufiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning rahbarlarini, shuningdek, Qoʻmita apparati xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Qoʻmita Raisi zarur hollarda Oʻzbekiston SSJning boshqa vazirliklari va idoralari rahbarlari bilan birgalikda buyruqlar va yoʻriqnomalar chiqaradi.
8. Qoʻmita foydali qazilmalar zahiralarini tasdiqlash uchun Qoʻmita Raisining oʻrinbosari boshchilik qiladigan Oʻzbekiston SSJ foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasini tuzadi. Oʻzbekiston SSJ foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom Qoʻmita Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
9. OʻzSSJning mineral xomashyo zahiralarini ekologik oʻrganish, istiqbolli baholash va koʻpaytirish bilan bogʻliq eng muhim yoʻnalishlarni va ish natijalarini koʻrib chiqish, mamlakatimizdagi va chet el fani va texnikasining yangi yutuqlaridan va ilgʻor tajribadan foydalanish va ularni joriy qilish boʻyicha tavsiyanomalar ishlab chiqish uchun Qoʻmitada yuqori malakali mutaxassislardan, ilmiy-tadqiqot institutlarining, ilmiy-texnika jamiyatlari va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat ilmiy-texnika kengashi tuziladi.
Ilmiy-texnika kengashining tarkibini va uning toʻgʻrisidagi nizomni Rais tasdiqlaydi.
10. Apparat va Qoʻmita huzuridagi tashkilotlar tasarrufdagi korxonalar va tashkilotlardan tuzilgan shartnomalarga muvofiq tushadigan mablagʻlar hisobiga saqlanadi.
11. OʻzSSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston SSJ Davlat gerbi aks ettirilgan hamda oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.