Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining
Qarori
Viloyatda 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha shahar va tuman hokimliklari, tayyorlovchi korxonalar hamda ijtimoiy soha tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida
Olib borilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra bugungi kunda viloyatning shahar va tuman hokimliklari, tayyorlovchi korxonalar hamda ijtimoiy soha muassasalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining zaxiraga jamgʻarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emas.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan zaxira ishlarini joriy yilning 15-noyabriga qadar nihoyasiga yetkazish vazifasi yuklatilgan boʻlsada, viloyat boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlari 20-noyabr holatiga 91,3 foizni tashkil etmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlari rejaga nisbatan Angren shahrida (68 foiz), Bekobod shahrida (78,7 foiz), Boʻka (79,4 foiz), Quyi Chirchiq (81,7 foiz), Yangiyoʻl (82,1 foiz), Chinoz (84,6 foiz), Piskent (86,2 foiz), Yuqori Chirchiq (86,3 foiz) va Bekobod tumanlarida (88,9 foiz) viloyat koʻrsatkichidan pastligicha qolmoqda.
Shuningdek, “Oʻzulgurjisavdoinvest” uyushmasi korxonalari tomonidan (91,2 foiz), “Toshvilbozorsavdo” uyushmasi tomonidan (70 foiz), Sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan (88,9 foiz), Xalq taʼlimi muassasalari tomonidan (93,7 foiz), ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari va agrofirmalar (91,6 foiz) tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlari past surʼatlarda olib borilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qish mavsumiga zaxiraga jamgʻarish uchun bank kreditlarini ajratish hamda tayyorlovchi korxonalarni naqd pulga boʻlgan talabini qondirish ishlari qoniqarsiz ahvolda.
Xususan, jami 2 mlrd 35 mln soʻm kredit mablagʻlari uchun buyurtma berilgan boʻlsada joriy yilning 20-noyabr xolatiga 1 mlrd 966 mln soʻm kredit ajratilib, ushbu koʻrsatkich 96,6 foizni tashkil etmoqda.
DT “Xalq bank” viloyat boshqarmasi tomonidan 390 mln soʻm va YoATB “Savdogarbank” tomonidan ajratilishi lozim boʻlgan 50 mln soʻmlik kredit mablagʻlari hanuzgacha ajratilmasdan kelinmoqda.
Shularni inobatga olgan holda, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish va shu orqali viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Viloyatda 2013-2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha shahar va tuman hokimliklari, tayyorlovchi korxonalar hamda ijtimoiy soha tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Barcha shahar va tuman hokimliklari, tayyorlovchi korxonalar hamda ijtimoiy soha tashkilotlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha belgilangan rejani joriy yilning 25-noyabr kuniga qadar toʻliq bajargan holda joriy yilning 1-dekabr kuniga ushbu rejani 86,4 ming tonna (120%) shundan, kartoshkani 21,6 ming tonna, piyozni 13,9 ming tonna, sabzini 8,5 ming tonna, karamni 7,3 ming tonna, mevani 18 ming tonna, polizni 9,1 ming tonna, guruchni 4,3 ming tonna va dukkkakli donni 3,6 ming tonna qilib zaxiraga gʻamlash boʻyicha tegishli choralar koʻrsinlar.
3. Shahar va tuman hokimlari tomonidan har bir zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotlarni 2014-yilning may oyiga qadar oyma-oy yetkazish boʻyicha aniq taqsimot reja grafiklarini uch kun muddatda ishlab chiqqan holda tasdiqlasinlar.
4. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha viloyat monitoring guruhiga kunlik asosda taqdim etib borilayotgan hisobotlarga qoʻshib yozgan holda koʻrsatkichlarni sohtalashtirganliklari uchun Angren (I. Raxmonov) va Bekobod (M. Buxarboyev) shaharlari, Quyi Chirchiq (M. Botirov), Oʻrta Chirchiq (B. Ibragimov), Zangiota (S. Abdullayev), Yuqori Chirchiq (U. Atemov), Yangiyoʻl (B. Pulatov), Chinoz (N. Tulyaganov) va Piskent (I. Ergashxodjev) tumani hokimlariga “hayfsan” eʼlon qilinsin hamda Bekobod tumani hokimi Sh. Xamrayevdan oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizi (30 %) miqdorida jarima undirilsin.
5. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxira qilish boʻyicha olib borayotgan ishlari qoniqarsiz ekanligi hamda “xayfsan” va oylik ish haqini 30 foizi miqdorida intizomiy jazo choralari borligi uchun Oqqoʻrgʻon tumani hokimi Q. Abilov kelgusida boshqa barcha sohalarda qoloqlikka yoʻl qoʻyadigan boʻlsa uni egallab turgan lavozimida qolish yoki qolmaslik masalasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Viloyat hokimligi Tashkiliy-nazorat guruhi (E. Muxammadraximov) va viloyat hokimligi Ishlar boshqarmasi ish boshqaruvchisi (M. Ikromov):
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarishda deyarli barcha mahsulot turlari boʻyicha oʻrnatilgan reja koʻrsatkichlarini past darajada bajarganliklari uchun Olmaliq shahar (Sh. Pulatov) va Boʻka tumani (D. Sultonov) hokimlarining uch oylik ish haqlarini oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyish boʻyicha;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarishga bevosita masʼul boʻlishiga qaramasdan oʻziga yuklatilgan vazifaga sovuqqonlik bilan yondoshgan holda belgilangan reja koʻrsatkichini bajarishni barbod qilganligi uchun Bekbod tumani hokimi oʻrinbosari F. Moʻminov va Quyi Chirchiq hokimi oʻrinbosari X. Chinnibekovlarni egallab turgan lavozimlariga loyiqligi masalasi boʻyicha viloyat hokimiga tegishli taklif kiritsinlar.
7. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qish mavsumiga zaxiraga jamgʻarish uchun tasdiqlangan grafiklarga asosan berilgan buyurtmanomalar boʻyicha belgilangan kredit mablagʻlarini ajratilishida sustkashlikka yoʻl qoʻyganliklari uchun Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi A. Sayfullayev va DT “Xalq bank” boshqarmasi boshligʻi Z. Kuylonovlar qattiq ogohlantirilsin va kelgusida ushbu kamchiliklar takrorlansa ularga nisbatan tegishli jazo chorasini koʻrish boʻyicha Respublika Markaziy banki va Xalq bankiga taqdimnoma kiritilishi koʻrsatib oʻtilsin.
8. Viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi (Q. Movlyanov), Sogʻliqni saqlash boshqarmasi (Sh. Nishanov), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi (S. Boboqulov);
markazlashgan mablagʻlardan budjet muassasalariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini jamgʻarishda qoloqliklarga yoʻl qoʻyganliklari uchun qattiq ogohlantirilsinlar;
3 kun muddatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlari boʻyicha ortda qolgan qoloqliklarni toʻliq nihoyasiga yetkazish;
1 hafta muddatda maxsus guruhlar tuzish orqali har bir muassasa kesimida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga qoʻyish boʻyicha ichki oʻrganish oʻtkazib, soxta maʼlumotlar taqdim etgan hamda zaxira ishlariga sovuqqonlik bilan yondoshgan rahbar va xodimlarga nisabtan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini koʻrish hamda buyruq nusxalarini viloyat hokimligiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
9. Viloyat Moliya boshqarmasi (D. Xajiyev) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha ijtimoiy soha obyektlariga berilishi lozim boʻlgan budjet mablagʻlarini joriy yilning 25-noyabr kuniga qadar toʻliq ajratish choralari koʻrilsin.
10. “Toshvilbozorsavdo” uyushmasi raisi v. b. T. Nazirov joriy yilning 1-dekabr kuniga qadar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha belgilangan rejani toʻliq bajarish yuzasidan tegishli choralar koʻrmaydigan boʻlsa, uni egallab turgan lavozimida qolish yoki qolmaslik masalasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
11. Viloyat hokimi oʻrinbosari (A. Abduqodirov):
bir kun muddatda asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish ishlarini joriy yilning 25-noyabr kuniga qadar mahsulot turlari va belgilangan hajmlari boʻyicha 100 foizga, joriy yilning 1-dekabr kuniga qadar 120 foizga yetkazib yakunlash boʻyicha har bir shahar, tuman hokimlaridan kafolat xatlarini olish;
uch kun muddatda har bir shahar, tuman hokimlari tomonidan zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotlarni 2014-yilning may oyiga qadar oyma-oy yetkazish boʻyicha taqsimot Reja-grafiklarini ishlab chiqib, tasdiqlatish choralarini koʻrish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarni belgilash vazifalari yuklatilsin.
12. Viloyat hokimi oʻrinbosarlari (A. Abduqodirov, S. Fayziyeva), “Toshvilbozorsavdo” uyushmasi (T. Nazirov), barcha ulgurji bazalar shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda joriy yilning 20-dekabr kunidan 5-yanvar kuniga qadar yangi yil bayrami arafasida barcha shahar va tuman markazlari va aholi gavjum joylarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan “Savdo yarmarkalari”ni tashkil etsinlar.
Shuningdek, aholi tomonidan kelayotgan bayramni koʻtarinki ruhda va aʼlo kayfiyatda kutib olishlari uchun mazkur savdo yarmarkalari tashkil etiladigan joylarda taniqli sanʼatkorlarni jalb qilgan holda maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni keng amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratsinlar.
13. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlariga:
joylarda asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha shahar va tuman hokimliklari, tayyorlov korxonalari va ijtimoiy taʼminot tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni joyiga chiqib tanqidiy oʻrgangan holda natijasi boʻyicha muntazam ravishda viloyat hokimligiga axborot berib borish;
tasdiqlangan grafiklarga asosan hududiy hokimliklarda tayyorlov korxonalari va ijtimoiy soha tashkilotlarini keng jalb qilgan holda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish boʻyicha qilinayotgan ishlarni chuqur muhokama qilib borish vazifalari yuklatilsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari A. Abduqodirov zimmasiga yuklansin.
15. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi A. USMANOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-noyabr,
XXX/I-son
(“Toshkent xaqiqati” gazetasi, 23.11.2013-y., 95 (12627)-son)