Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 5-martdagi “Bozorlarning faoliyatini va ularni boshqarishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 82-sonli qarorining Toshkent shahar hokimligi tomonidan bajarilishi toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Bozorlarning faoliyatini va ularni boshqarishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining Toshkent shahri bozorlarida oʻrganib chiqish natijalari joylarda mazkur qarorning qoniqarsiz bajarilayotganligini koʻrsatdi.
Toshkent shahar hokimligi va davlat mulkini boshqarish organlari bozorlar va yarmarkalar negizida tuzilgan ochiq turdagi hissadorlik jamiyatlarini tashkil qilishda yuzakichilikka yoʻl qoʻyganlar. Hissadorlik jamiyatlari nomigagina tuzilgan, jamiyat aʼzolarida mulkka egalik hissi uygʻotilmagani sababli aksariyat bozorlarda aksiyalarning 6 — 10 foizigina sotilgan xolos.
Mahalliy hokimiyat rahbarlari va soliq organlari xodimlarining oʻz vazifalariga boʻlgan masʼuliyatsizliklari va qatʼiyatsizliklari oqibatida bozorlardan tushadigan daromadlarni shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish, hisob-kitob ishlari qattiq nazoratga olinmagan. Ular ayrim hollarda bozorlardagi moddiy javobgar shaxslar bilan birlashib ketganlar.
Bozorlarda sotuvchilar, dehqonlar va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratilmagan. Ulgurji xarid qilishga ixtisoslashgan boʻlinmalar mutlaqo faoliyat koʻrsatmayaptilar. Ular tomonidan mahsulot yetishtiruvchilar bilan shartnomalar, shu jumladan fyuchers shartnomalari tuzish ishlari qoniqarsiz ahvolda. 1996-yilda 3231 tonna mahsulot uchun tuzilgan shartnomalar boʻyicha amalda faqat 124 tonna mahsulot olingan.
Shuning oqibatida bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi yuqoriligicha qolmoqda, olib-sotarlar yakkahukmron boʻlib qolganlar.
Bozorlarda poraxoʻrlik, taʼmagirlik, noqonuniy valyuta operatsiyasi, mansabni suiisteʼmol qilish kabi huquqbuzarliklar mavjud.
Respublika Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi roʻy berayotgan bunday salbiy holatlarga murosasozlik qilib kelganlar, ularga qarshi amaldagi qonunlar asosida keskin chora-tadbirlarni koʻrmaganlar.
Sanitariya-epidemiologiya xodimlarining masʼuliyatsizligi, qatʼiyatsizligi oqibatida bozorlarning deyarli barchasida sanitariya holati talabga javob bermaydi.
Toshkent shahar, tumanlar hokimliklari bu boradagi ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻyganlar. Shu soha kadrlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyishta befarq munosabatda boʻlganlar. Bozor tizimining rahbarlik lavozimlariga kadrlarni qoʻyishda tanish-bilishchilik, oshna-ogʻaynigarchilik va mahalliychilikka yoʻl qoʻyilgan.
Xuddi shunday ahvol Respublikaning deyarli barcha viloyatlar bozorlarida ham aniqlangan.
Yuqoridagilarga asosan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimi K. Toʻlaganovga Vazirlar Mahkamasining “Bozorlarning faoliyatini va ularni boshqarishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining bajarilishini toʻla taʼminlanmaganligi, oziq-ovqat va buyum bozorlarini tartibga solish, bozorlarda savdoni tashkil etish, shahar aholisini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash, soha kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi koʻrsatib oʻtilsin va bu masalada tuman hokimlarining javobgarligi koʻrib chiqilsin.
Bozorlar faoliyatini boshqarishda yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari uchun “Toshbozorsavdo” uyushmasining raisi Sh. Abdullayev va shahardagi 11 ta bozor hissadorlik jamiyatlari raislarining egallab turgan lavozimlaridan ozod qilinganliklari inobatga olinsin.
Bir oy muddat ichida bozor tizimi rahbarlari va masʼul xodimlarini koʻrib chiqib munosib kadrlar hisobiga toʻldirilsin.
2. Bosh vazir oʻrinbosari M. Usmonovga ushbu qarorning bajarilishini yetarli nazorat qilmaganligi, Toshkent shahar va viloyatlar bozorlari faoliyatlarida vujudga kelgan vaziyatni oʻz vaqtida bartaraf etish chora-tadbirlari belgilanmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Respublika Prokuraturasi (B. Mustafoyev), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Davlat mulkini boshqarish (V. Chjen), Respublika Bosh sanitariya vrachi B. Niyozmatov qarorning bajarilishini taʼminlash, bozorlar faoliyatini toʻgʻri tashkil etish va turli qonunbuzarliklarning oldini olishning qatʼiy choralarini koʻrib chiqib, doimiy nazorat oʻrnatsinlar.
4. Respublika soliq qoʻmitasi (V. Beganov)ga bozorlardan tushadigan daromadlarni shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish boʻyicha nazoratni kuchaytirish, soliq organlari xodimlarining masʼuliyatlarini oshirish choralarini belgilash topshirilsin.
Bir oy muddat ichida bozorlar faoliyatini nazorat qiluvchi mahalliy soliq organlari xodimlarining masʼuliyatlari koʻrib chiqilib chora koʻrilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bozorlar faoliyatini tashkil qilish va boshqarishda yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, Vazirlar Mahkamasi qarorining bajarilishini toʻla taʼminlashga shaxsan javobgar ekanliklari taʼkidlansin.
6. Respublika Prezidenti Davlat maslahatchilari tashkiliy-kadrlar siyosati va nazorat inspeksiyasi rahbari xizmatlarining mazkur masala yuzasidan tayyorlagan maʼlumotnomasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlariga koʻrib chiqib tegishli choralar belgilash uchun yuborilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. Alimovga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-avgust,
401-son