Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1994-yilning birinchi yarim yilligida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish yakunlari va ularning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, 1994-yilning birinchi yarim yilligida respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 21-yanvardagi Farmonida va Hukumatning keyingi qarorlarida belgilab berilgan iqtisodiy islohotlar ustuvorliklariga muvofiq amalga oshirib borildi. Xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, korxonalarning xoʻjalik mustaqilliklarini kengaytirish, tashabbus va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Oʻtgan davrda maʼlum iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishishga muvaffaq boʻlindi. Yoqilgʻi-energetika majmui, yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlarining koʻpgina korxonalari barqaror ishlab kelmoqdalar. Respublika energetika resurslari, neft, gaz, koʻmir va energiya ishlab chiqarish koʻpaydi. Oziq-ovqat mahsulotlari va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish ortib bormoqda. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi hajmi 12.4 foiz oʻsdi. Respublikaning davlat budjeti daromadlar boʻyicha 4128.6 mlrd soʻm-kupon, xarajatlar boʻyicha esa 4503.6 mlrd soʻm-kupon bajarildi. Davlat budjeti taqchilligi miqdori belgilangan chegarada saqlanib turibdi. Milliy valyutani joriy etishning dastlabki iqtisodiy va tashkiliy zaminlari yaratildi.
Respublika iqtisodiyotida ijobiy tarkibiy siljishlar koʻzga tashlanmoqda. Davlatga qarashli boʻlmagan sektor ulushi ortmoqda. 300 ming gektardan ortiq yer dehqon (fermer) xoʻjaliklariga foydalanish uchun berildi. Ichki yalpi mahsulot tarkibidagi xizmat sohasining ulushi ortib bormoqda. Sanoat mahsuloti hajmidagi isteʼmol tovarlari salmogʻi oʻsmoqda. Don, kartoshka, sabzavot ekinlari maydonlari kengaymoqda. Respublikaning tashqi savdo balansi ijobiy boʻldi.
Shu bilan birga, iqtisodiy islohot jarayonlari hali oʻzining yetarli rivojini topganicha yoʻq. Bir qator tarmoqlarda davlat mulkini xususiylashtirish yuzaki amalga oshirilmoqda. Yangi iqtisodiy munosabatlar, ayniqsa, qishloqda sust joriy qilinmoqda. Eskicha ishlash prinsiplari va uslublari, boqimandalik psixologiyasi barham topganicha yoʻq. Korxonalar oʻrtasidagi oʻzaro toʻlanmagan summalar darajasi yuqoriligicha qolib kelmoqda, ishlab chiqarish xarajatlari oʻsmoqda. Inflyatsiya darajasini kamaytirishga erishilgani yoʻq.
Bir qator tarmoqlarda, ayniqsa, kimyo sanoati, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarishning pasayishi bartaraf etilmagan. Eksport qilinayotgan mahsulot hajmi respublikaning eksport imkoniyatlariga mos kelmaydi. Qoʻshma korxonalar faoliyatlari sust rivojlanmoqda. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish mexanizmi yaxshi ishlanmagan. Shakllanayotgan bozor infrastrukturasi iqtisodiyotni sogʻlomlashtirishga hali sezilarli taʼsir etganicha yoʻq.
Vazirlar Mahkamasi, shu yilning 1-iyulidan boshlab milliy valyutaning joriy etilishi munosabati bilan respublikada yuzaga kelgan sifat jihatidan yangi iqtisodiy vaziyatni hisobga olib, shuningdek xalq xoʻjaligining 1994-yil birinchi yarim yilligidagi rivojlanish yakunlari tahlilidan kelib chiqib, quyidagilarni bundan keyingi iqtisodiy rivojlantirish va islohot jarayonini chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari deb hisoblaydi:
“Soʻm”ning barqaror muomalada boʻlishini va uning ichki erkin muomaladagi valyutaga aylanishini, xarid qobiliyatini oshirishni taʼminlash;
davlat xarajatlarini cheklash, qatʼiy moliya, bank-kredit siyosatini oʻtkazish, kredit va naqd-pul emissiyasini qisqartirish yoʻli bilan inflyatsiya darajasini keskin kamaytirish;
ichki bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish, ularni ishlab chiqarish va respublikaga chetdan keltirish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini faollashtirish;
korxonalarni raqobat qila oladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashtirish, ularning xoʻjalik aloqalarini qayta yoʻllash, eksport tuzilmasini takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni samarali jalb qilish hisobiga respublikaning eksport imkoniyatlarini sezilarli kengaytirish;
makroiqtisodiy tartibga solish chora-tadbirlaridan keng foydalanib, tarkibiy qayta oʻzgartirishning faol siyosatini amalga oshirish.
Moʻljallangan ustuvorliklarning amalga oshirilishini, iqtisodiyotning barqaror ishlashini va iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda muomalada boʻlgan pul masalasini qatʼiy cheklashni, inflyatsiyani shu yilning oxiriga qadar kamida 10 foiz darajasigacha kamaytirish maqsadida uni chorakma-chorak tartibga solishni amalga oshirsinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda shu yilning uchinchi choragi yakunlari boʻyicha ish haqi fondini davlat tomonidan tartibga solish holatini tahlil qilib chiqsin va mahsulot (ish, xizmat)lar ishlab chiqarishni koʻpaytirish bilan mustahkamlanmagan ish haqining oʻsishiga yoʻl qoʻymaslikning zarur chora-tadbirlarini koʻrsin. Qilingan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga shu yilning 1-noyabrigacha maʼlumot berilsin.
3. “Oʻzbeksavdo”, “Oʻztayyorlovsavdo” uyushmalari, Oʻzbekbirlashuv, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari respublika isteʼmol bozorini tovar bilan toʻldirishning tasdiqlangan Dasturini amalga oshirishda har bir mintaqada naqd-pul massasini tovar bilan qoplanish muvozanatini taʼminlashga alohida eʼtibor bersinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida koʻrilayotgan mehmonxona majmuilarini xorijiy investorlarga sotish masalasini hal qilsin;
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda shu yilning 1-sentabrigacha davlat yuk avtomobillari va avtobuslarini fuqarolarga shaxsiy mulk qilib sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasida eksperiment tartibida zarar koʻrib ishlaydigan va past rentabelli qishloq xoʻjaligi korxonalari yerlarini, ularning negizida dehqon xoʻjaliklari uyushmalarini tashkil etib, meros qoldirish huquqi bilan uzoq muddatli ijaraga berishni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
Davlat mulki qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi va manfaatdor boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bir hafta muddatda koʻrsatilgan tadbirni oʻtkazish boʻyicha ishchi komissiyasi tarkibiga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi:
“Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi ishtirokida shu yilning 1-noyabrigacha 1995-yil uchun MDH mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy bitimlar loyihalarini tayyorlasinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar, ularda respublika uchun hayotiy muhim boʻlgan mahsulotlarning kliring asosida yetkazib berilishini nazarda tutsinlar;
manfaatdor vazirliklar, korporatsiyalar, uyushmalar va konsernlar bilan birgalikda shu yilning 1-dekabrigacha korxonalarning raqobat qila oladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni koʻpaytirish va eksportni kengaytirish boʻyicha haqiqiy imkoniyatlarini aniqlash maqsadida ularni pasportlashtirishni amalga oshirsinlar.
7. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi bilan birgalikda shu yilning 25-avgustigacha 1995-yilda davlat ehtiyojlari uchun mahsulotni shakllantirish, joylashtirish va yetkazib berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, manfaatdor vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda shu yilning 20-avgustigacha 1994-yilgi investitsiya dasturini qayta koʻrib chiqsin va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, kredit emissiyasini cheklash asosida unga tuzatishlar kiritsin, unda faqat ishga tushiriladigan ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qoldirsin.
9. Vazirlar Mahkamasining majmuilari vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirokida 1994/95 yil kuz-qish davrida korxonalarning uzluksiz ishlashlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni 10-sentabrga qadar koʻrib chiqsinlar.
Aholida, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, kommunal-maishiy xizmat koʻrsatish muassasalarida, issiqlik elektr stansiyalari va boshqalarda yonilgʻi zaxiralarini yaratishga alohida eʼtibor berilsin.
Tabiiy gazdan foydalanuvchi korxonalar va tashkilotlarda shu yilning uchinchi choragida mazut, koʻmir va yonilgʻining boshqa turlarining qish davrida rezerv ish rejimiga oʻtishni taʼminlovchi miqdordagi zarur boʻlgan zaxirasi yaratilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 16-avgust,
418-son