Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda suv taqchilligi oqibatlarini yengillashtirish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Suv taqchilligidan zarar koʻrgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini ijtimoiy muhofaza qilish, ushbu mintaqalarni sifatli ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlashni tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish, suv taqchilligi tufayli qishloq xoʻjaligi korxonalarining vaqtincha ishlamayotgan xodimlarini ish bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash chora-tadbirlari va ularni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining suv taqchilligidan zarar koʻrgan tumanlar aholisiga moddiy-texnika yordami koʻrsatish, shuningdek 2001-yil yoz-kuz davrida suv tashishni taʼminlash uchun:
viloyatlar hokimliklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga texnik jihatdan sozlangan ikkitadan suv tashish avtotransporti va toʻrttadan tirkama sisterna, Xorazm viloyati hokimligiga — bittadan suv tashish avtotransporti va ikkitadan tirkama sisterna;
Toshkent shahar hokimligi tomonidan tegishli ravishda 4 va 2 suv tashish avtotransporti, 10 va 4 tirkama sisternani vaqtincha foydalanish uchun berish toʻgʻrisidagi tashabbusi maʼqullansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2 hafta muddatda ichimlik suv taʼminotining barcha quduqlarini xatlovdan oʻtkazsinlar, suv sathi pasayishi xavfi darajasini hamda suvning zaxira manbalarini barpo etish, suvni koʻp isteʼmol qiluvchi tarmoqlar va korxonalarni navbatli suv taʼminotiga oʻtkazish yoki, zarurat boʻlganda, ularni soatli jadval boʻyicha suv taʼminotiga oʻtkazish chora-tadbirlarini belgilasinlar.
4. Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda xorijiy davlatlarning qarzlari, grantlari va donorlik yordami hisobiga suv taqchilligi oqibatlarini yengillashtirish boʻyicha koʻrilayotgan 2-ilovaga* muvofiq chora-tadbirlar maʼqullansin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda Amudaryoning quyi oqimidagi suv taqchilligi oqibatlarini yengillashtirish uchun xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlarining qoʻshimcha moliyaviy resurslarini, shuningdek donorlik yordamni jalb qilish boʻyicha ishlarni davom ettirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining:
Toshkent, Samarqand viloyatlari va Fargʻona vodiysining sogʻlomlashtirish oromgohlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 15 ming va Xorazm viloyatidan 5 ming bolaning yozgi dam olishini tashkil etish;
respublikaning sanatoriy-kurort muassasalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 3 ming va Xorazm viloyatidan 1,5 ming ayolni sanatoriy-kurortda va profilaktik davolash boʻyicha taklifi maʼqullansin.
Koʻrsatib oʻtilgan yoʻllanmalar qiymatining 50 foizi Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi mablagʻlari hisobiga qoplanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Sogʻlomlashtirish oromgohlari va sanatoriy-kurort muassasalari egalari boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan yozgi sogʻlomlashtirishga olib kelinadigan bolalar va ayollar taʼminoti xarajatlarining 50 foizini qoplash tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi suv taqchilligidan zarar koʻrgan qishloq tumanlarida yashaydigan pensionerlar uchun sanatoriy va dam olish uylariga 1500 ta, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun 1150 ta va Xorazm viloyati uchun 350 ta yoʻllanmaning bepul ajratilishini taʼminlasin.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda respublikaning shaharlararo va shahar atrofida yoʻlovchilar tashuvchi avtotransport korxonalarining koʻrsatib oʻtilgan shaxslarni Qoraqalpogʻiston Respublikasidan va Xorazm viloyatidan dam olish va sogʻlomlashtirish joylariga, shuningdek u yerdan yashash joylariga bepul tashish boʻyicha tashabbusi maʼqullansin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining suv taqchilligi oqibatida zarar koʻrgan tumanlarida yashovchi kam taʼminlangan oilalariga maqsadli va aniq moʻljalli moddiy yordam koʻrsatish maqsadida vaqtincha, 2001-yil iyul — sentabr oylarida, hozirgi vaqtda toʻlanayotgan nafaqa va pensiyalarga quyidagi miqdorlarda har oylik ustamalar belgilansin:
16 yoshgacha bolalari boʻlgan ehtiyojmand oilalarning nafaqalariga va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamga amaldagiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
kam taʼminlangan oilalarda yashovchi pensionerlar pensiyalariga (yoshiga koʻra va nogironlik pensiyalari boʻyicha) eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining suv taqchilligidan zarar koʻrgan kam taʼminlangan oilalariga koʻrsatib oʻtilgan ustamalar asosli belgilanishi, aniq moʻljalli va oʻz vaqtida toʻlanishi ustidan nazorat qilish boʻyicha 3-ilovaga* muvofiq tarkibda maxsus komissiya tashkil etilsin.
Budjetdan tashqari jamgʻarmalar — Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi va Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari koʻrsatib oʻtilgan ustamalarni toʻlash manbalari etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi budjetdan tashqari jamgʻarmalarning ajratilayotgan mablagʻlaridan maqsadli va aniq moʻljalli foydalanilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin.
7. “Oʻzavtoyoʻl” davlat konserni, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi hamda boshqa idoralarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida loyiha-smeta hujjatlariga (ishchi chizmalarga) va mablagʻ bilan taʼminlash manbalariga ega boʻlgan 4-ilovaga* muvofiq obyektlarda qoʻshimcha ish oʻrinlari barpo etish va haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusi maʼqullansin.
* 3 va 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining qishloq xoʻjaligi korxonalari, shu jumladan fermer va dehqon xoʻjaliklari, shuningdek jismoniy shaxslari vaqtincha, 2001-yilda yagona yer soligʻi hamda suv taqchilligi tufayli 2001-yilda qishloq xoʻjaligi ekinlari ekish uchun foydalanilmaydigan yerlar boʻyicha yer soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
9. “Paxta-bank”, “Gʻalla-bank”, “Oʻztadbirkorbank” tomonidan yem-xashak xarid qilishga dehqon xoʻjaliklariga mikrokreditlar berish uchun tegishli ravishda 100, 50 va 40 mln soʻm ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Tijorat banklariga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga:
suv taqchilligidan zarar koʻrgan tumanlarda yangi ish oʻrinlari tashkil etish uchun kichik va oʻrta biznes subyektlariga tayyorlangan biznes-rejalar (texnik-iqtisodiy asoslashlar)ga muvofiq birinchi navbatda mikrokreditlar ajratilishini taʼminlash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining qishloq xoʻjaligi korxonalariga, shu jumladan suv taqchilligi tufayli qishloq xoʻjaligi ekinlari oʻstirish imkoniyatiga ega boʻlmagan fermer va dehqon xoʻjaliklariga, jismoniy shaxslariga ilgari berilgan kreditlarni toʻlash muddatini bir yil muddatga kechiktirish;
suv taqchilligidan zarar koʻrgan tumanlardagi dehqon xoʻjaliklariga yem-xashak xarid qilish uchun, garov talab qilmasdan va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish tegishli organlarining kafolati ostida 100 ming soʻmgacha miqdorda imtiyozli mikrokreditlar ajratish taklif etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining 2001-yil oxirigacha indeksatsiya maxsus hisob raqamlaridan beriladigan omonatlarini muddatidan oldin berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga 2001-yilgi badallari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga — Taxtakoʻpir tumanidagi 35 oʻrinli davolash-profilaktika markazi hamda Qoraoʻzak tumanidagi tugʻuruqxona huzurida har kuni 100 bemorga xizmat koʻrsatadigan poliklinika qurilishini tugallash uchun 193 mln soʻm, Xorazm viloyati hokimligiga — Urganch shahridagi viloyat bolalar shifoxonasini rekonstruksiya qilish uchun 200 mln soʻm ajratsin.
11. Vazirliklar va idoralarning suv resurslaridan foydalanishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus komissiya (I. H. Joʻrabekov) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Amudaryo” havzasi suv xoʻjaligi birlashmasi bilan birgalikda:
Amudaryo havzasida 2001-yilgi vegetatsiya davrida suvdan foydalanishning alohida rejimini belgilasin, bunda suv resurslarini qatʼiy hisobga olish va tartibga solishning joriy qilinishini, Amudaryoning quyi oqimlaridagi suv isteʼmolchilari uchun suv taʼminoti boʻyicha teng shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutsin;
2001-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida pudrat tashkilotlar javobgarligi ostida 5-ilovaga* muvofiq hajmlarda, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlaridan (ishchi chizmalardan) kelib chiqib, ularga amalda bajarilgan ishlar hajmi boʻyicha haq toʻlagan holda, suv taqchilligi oqibatlarini yengillashtirish boʻyicha irrigatsiya-melioratsiya ishlari oʻtkazilishini tashkil etsin.
* 5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I. H. Joʻrabekov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 8-iyun,
249-son