Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Muborak haj ziyoratiga boruvchilarga yordam koʻrsatish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimiz fuqarolarining vijdon erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, muborak haj amallarini ado etishda qulaylik, imtiyoz va zarur sharoitlarni yaratishga davlat tomonidan yordam koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 1999-yilgi haj ziyoratini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Ziyoratchilar roʻyxati fuqarolarni oʻz-oʻzini boshqarish tashkilotlari orqali keng jamoatchilik fikrini eʼtiborga olgan holda tuzilsin.
2. 1999-yil haj safarini tashkil etishda Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita yordam koʻrsatsin.
3. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi (A. Roʻzmetov) 1999-yil mart-aprel oylarida ziyoratchilarning Jidda shahriga borib-kelishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning xarajatlarini kamaytirish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov), Davlat bojxona qoʻmitasi (Oʻ. Komilov) Oʻzbekiston musulmonlari idorasining taqdimiga koʻra ziyoratchilarning safar hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (F. Nazirov) Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi tomonidan qoʻyilgan tibbiy talablar va mamlakatning iqlim sharoitini hisobga olgan holda ziyoratchilarni koʻrikdan oʻtkazishni, haj davrida ularga yordam koʻrsatishni tashkil etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov) va Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining noqonuniy yoʻllar bilan haj ziyoratiga borishi oqibatida roʻy berishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz voqealarning oldini olish hamda ziyoratchilarning umumiy xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini belgilasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (Z. Mirxoʻjayev) Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasdiqlagan roʻyxatga binoan, mamlakatimizdan hajga ketayotgan har bir fuqaro uchun 1380 (bir ming uch yuz sakson) AQSh dollarini imtiyozli — vositachilik haqi olmagan holda almashtirib berishni taʼminlasin.
Ziyoratchilarning tegishli miqdordagi soʻmlarini joylarda umumlashtirilgan holda yigʻib olish va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining tegishli boʻlimlariga topshirish Oʻzbekiston musulmonlari idorasining masʼul xodimlari zimmasiga yuklansin.
Bu mablagʻlar Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Milliy bankdagi maxsus hisob raqamiga jamlanib, belgilangan miqdori konvertatsiya qilinsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi barcha zarur toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining chet el banklaridagi korrespondent hisoblari orqali pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiradi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi pul-kredit siyosati komissiyasi hajga boruvchi fuqarolar va hojilarga xizmat koʻrsatuvchi ishchi guruhining safar xarajatlari uchun respublika birjasi orqali Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 5.280.000 (besh million ikki yuz sakson ming) AQSh dollarini sotishni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va ommaviy axborot vositalariga muborak haj ziyoratining mohiyati va talablarini, uni amalga oshirishning tartib-qoidasi, muddati, barcha shartlarini, uning yakunlarini keng va oshkora yoritib borish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 8-yanvar,
9-son