Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markaziga beriladigan soliq imtiyozlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazi tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha madaniy-sogʻlomlashtirish xizmatlarini aholi keng qatlamlari uchun maʼqul boʻlgan narxlarni saqlagan holda kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish va asbob-uskunalar lizingi boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashki iqtisodiy aloqalar vazirligining bolalar uchun yangi madaniy-tomosha tadbirlari, oʻyinlar attraksioni va klublar tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Elchixonasi taklifiga koʻra va uning koʻmagida “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazi hududida yapon manzarali bogʻi barpo etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzekspomarkaz” respublika savdo-koʻrgazma markazi yer soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan, ilgari hisoblangan va toʻlanmagan soliqlar ham shu jumlaga kiradi, 3 yil muddatga ozod qilinsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-iyul,
267-son