Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari talabalarining “Universiada-2004” sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mamlakatimizda “Universiada-2004” sport musobaqalari oʻtkazilishi munosabati bilan Samarqand shahrida olib borilayotgan umumqurilish, montaj va obodonlashtirish ishlarini oʻrganish natijasida jiddiy kamchilik va nuqsonlarga yoʻl qoʻyilganligini, qurilayotgan va foydalanishga topshirilayotgan sport obyektlarining qurilish meʼyor talablari va sifatini nazorat qiluvchi va ulardan foydalanuvchi buyurtmachi xizmati tashkil etilmaganligini aniqladi.
Yuqorida taʼkidlangan kamchilik va nuqsonlarni inobatga olgan holda, ularni bartaraf etish, sport inshootlarini sifatli tayyorlash va ularning belgilangan qurilish meʼyor talablariga muvofiqligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Universiada-2004” sport musobaqalarining yakuniy bosqichiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaga:
“Universiada-2004” sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishni tashkil etishda yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchilik va nuqsonlar koʻrsatib oʻtilsin va ularni qisqa muddatda bartaraf etish vazifasi yuklansin;
qurilayotgan va taʼmirlanayotgan sport inshootlarini belgilangan qurilish meʼyori va sifat talablariga javob beradigan tarzda bitkazish va ularni tegishli komissiya xulosasi asosida foydalanishga qabul qilish ishlarini nazoratga olish topshirilsin.
Universiada oʻyinlarini tashkil qilish va oʻtkazish tadbirlarini amalga oshirishda qatnashayotgan qurilish tashkilotlari va korxonalar, Samarqand viloyati va Samarqand shahri hokimliklari rahbarlarining ular oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish borasidagi masʼuliyati kuchaytirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat sport qoʻmitasi va Milliy Olimpiya qoʻmitasining “Universiada-2004” sport musobaqalarining Samarqand viloyatida boʻlib oʻtadigan yakuniy bosqichini oʻtkazishni joriy yilning 15 — 21-iyulidan 4 — 7-sentabriga koʻchirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Barpo etilgan va qayta taʼmirlangan sport inshootlaridan samarali foydalanish, ularga texnik xizmat koʻrsatishni taʼminlash, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchi yoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur sport inshootlaridan foydalanuvchi “Olimpiya zaxiralari tayyorlash markazi” tashkil etilganligi inobatga olinsin.
4. Tashkiliy qoʻmita “Universiada-2004” sport musobaqalarini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida uning dasturi, ochilish va yopilish marosimi ssenariylarini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ishlab, tegishli oʻzgartirishlar kiritsin va tasdiqlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari talabalarining “Universiada-2004” sport musobaqalarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 15-iyundagi 282-son qarorida:
3-bandning ikkinchi xatboshidagi “5-iyuligacha” soʻzlari “28-avgustigacha” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-bandning uchinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 7-iyul,
319-son