Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro taraqqiyot uyushmasining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II faza” loyihasi doirasidagi kreditini samarali oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yerlarni haydash ishlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash hamda qishloq xoʻjaligi yerlarini ekish ishlariga tayyorlash, fermer xoʻjaliklarining mashina-traktor parklari, shu jumladan muqobil mashina-traktor parklarining yer haydash traktorlariga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻliq qondirish, shuningdek Xalqaro taraqqiyot uyushmasining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II faza” loyihasi doirasidagi kreditidan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II faza” loyihasini amalga oshirish uchun Xalqaro taraqqiyot uyushmasi krediti (keyingi oʻrinlarda XTU krediti deb ataladi) hisobiga “OʻzKeysTraktor” qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilgan 150 ta “New Nolland TS-6070” rusumli yer haydash traktorlari sotib olish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, yer haydash traktorlarini sotib olish “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlash. II faza” loyihasini bajarishda qatnashuvchi tijorat banklari orqali milliy valyutada, “Agrobank” va “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banklariga kredit liniyalari doirasida XTU krediti hisobidan ajratilgan tegishli ravishda 3,0 mln AQSh dollari va 2,5 mln AQSh dollari miqdorida xorijiy valyutadagi limitlarni qayta taqsimlash hisobiga ular uchun milliy valyutadagi kredit mablagʻlari limitlarini koʻpaytirgan holda amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda:
tegishli ravishda 3,0 mln AQSh dollari va 2,5 mln AQSh dollariga teng ekvivalentdagi milliy valyutadagi mablagʻlarning davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish uchun respublika budjetida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mablagʻ koʻchirilayotgan sanada amaldagi kursi boʻyicha “Agrobank” va “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banklarining hisob raqamlariga oʻtkazilishini;
“Agrobank” va “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banklaridan sotib olingan xorijiy valyutadagi jami 5,5 mln AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlarning, zarurat boʻlganda, ulardan Oʻzbekiston Respublikasining XTU krediti boʻyicha tashqi majburiyatlariga xizmat koʻrsatishda yetishmayotgan qismi uchun foydalanish huquqi bilan depozitga joylashtirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga “Agrobank” va “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banklari bilan tuzilgan qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartirishlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-dekabr,
290-son