Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Ramazon hayiti azaldan yurtimizda shodu xurramlik, mehr-muruvvat kunlari boʻlib kelayotganligini, ushbu ayyomda keksalarga alohida hurmat-ehtirom, kam taʼminlangan oilalar, yetimlar, nogironlarga gʻamxoʻrlik va yordam koʻrsatish xayrli anʼana ekanligini, bu sananing xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Roʻza hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida” 1992-yil 27-martdagi PF-368-son Farmonini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2004-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 14-noyabrga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining qarori eʼtirof etilsin hamda ushbu kun mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Mutasaddi idoralar va jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 8-noyabr,
528-son