Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Hayraton — Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasidan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi”da
Transafgʻon temir yoʻl koridorini rivojlantirish, “Toshgʻuzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon” temir yoʻl yoʻnalishi boʻyicha tranzit tashuvlarni koʻpaytirish hamda respublika korxonalarining eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Hayraton — Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasidan foydalanish va unga texnik xizmat koʻrsatish loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagilarni inobatga olinsin:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Oʻzbektemiryoʻlekspeditsia” unitar korxonasi tarkibidagi “Sogdiana Trans” shoʻba korxonasi (bundan keyin — Operator) hamda Afgʻoniston Islom Respublikasi Jamoat ishlari vazirligi oʻrtasida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida oʻtkazilgan muzokaralar yakunida “Hayraton — Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasini 3 yil muddatga ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma maʼqullandi.
Operatorga, tashish hajmlaridan qatʼiy nazar, yiliga 32,0 million AQSH dollari toʻlanadi (shundan 8,0 million AQSH dollari boshqaruv uchun mukofot sifatida). Bundan tashqari, tashish hajmlari bilan bogʻliq holda qoʻshimcha 8,0 million AQSH dollari miqdorida toʻlovlar amalga oshiriladi. Jumladan, tashish hajmi 2,2 million tonnaga yetganda 1,5 million AQSH dollari va 2,2 million tonnadan ortiq yukning har 100 ming tonnasi uchun 275 ming AQSH dollari miqdorida qoʻshimcha toʻlov beriladi.
Afgʻoniston Islom Respublikasi hududida temir yoʻl tashishlari uchun tashish haqi Operator tomonidan 100 foizlik oldindan toʻlov asosida undiriladi va Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli bankidagi alohida daromad hisob raqamida toʻplanadi. Bu mablagʻlar shartnoma shartlariga muvofiq har oyda Operatorning Afgʻoniston Islom Respublikasidagi vakolatli bankdagi joriy hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.
2. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi quyidagilarni taʼminlashi lozim:
Operator va Afgʻoniston Islom Respublikasi Jamoat ishlari vazirligi oʻrtasida “Hayraton — Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasidan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish boʻyicha 3 yil muddatga shartnoma;
“Sogdiana Trans” shoʻba korxonasining mazkur loyihada ishtirok etayotgan barcha xodimlarining Afgʻonistonda boʻlgan vaqtidagi hayoti va sogʻligini sugʻurtalash boʻyicha Operator hamda “Oʻzbekinvest” eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan shartnoma.
3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK “Oʻzbektemiryoʻlekspeditsia” UK “Sogdiana Trans” SHKga ruxsat berilsin:
soliqlar, bojlar va boshqa toʻlovlarni toʻlash uchun, shuningdek Afgʻoniston rezidentlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari hamda Afgʻoniston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlarni realizatsiya qiluvchi yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha Afgʻoniston Islom Respublikasining vakolatli bankida joriy hisob raqami ochish;
“Hayraton — Mozori-Sharif” temir yoi liniyasidan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan yoqilgʻi-moylash materiallari, elektr energiyasini Afgʻoniston hududida sotib olish;
“Hayraton — Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasidan foydalanishda va unga xizmat koʻrsatishda poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlar uchun Afgʻoniston rezidentlari bilan mehnat shartnomalari tuzish;
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi “Sogdiana Trans” shoʻba korxonasining soʻrovlariga binoan “Hayraton — Mozori Sharif” temir yoi liniyasini ishlatish va xizmat koʻrsatishda ishtirok etuvchi mutaxassislarga chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Milliy xavfsizlik xizmati va “Sogdiana Trans” SHK bilan hamkorlikda “Gʻalaba” chegara nazorat punkti orqali Afgʻonistonga favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda taʼmirlash-tiklash va boshqa ishlarni amalga oshirish, shuningdek “Hayraton — Mozori Sharif” temir yoʻl liniyasidan foydalanish, unga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash bilan bogʻliq rejali ishlarni bajarish uchun yuboriladigan maxsus texnika, mexanizmlar, uskunalar, materiallar va boshqa tovarlar hamda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni oʻtkazishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqsin.
6. Shartnomaning butun amal qilish muddati davomida “Sogdiana Trans” SHKning mazkur loyiha doirasida Afgʻonistonga yuborilayotgan xodimlariga belgilangan meʼyorlardan ortiq toʻlanadigan xizmat safari xarajatlariga qoʻshimcha toʻlovlar summasi, shuningdek xizmat safari davomida uch mahal ovqatlanish xarajatlari summasi yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmasligi belgilansin.
7. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “Oʻzbektemiryoʻlekspeditsia” unitar korxonasi tarkibidagi “Sogdiana Trans” shoʻba korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida loyihani amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan maxsus texnika, asbob-uskunalar, xomashyo va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik hujjatlar hamda jihozlar uchun bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 22-iyun,
187-son