Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimining
Qarori
Tumanda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil qilishni takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2021-yil 26-maydagi 27-141-sonli “Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 3-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4-sonli hamda Xorazm viloyat hokimining 2013-yil 14-yanvardagi 17q-sonli qarorlariga asosan hamda keyingi yillarda respublika shaharlari va aholi punktlarining zamonaviy qiyofasini shakllantirishga, yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari va talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-sonli “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Xorazm viloyat hokimining shu mazmundagi 2013-yil 14-yanvardagi 17q-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
3. Tuman hokimligi (U. Roʻzmetov) va tuman arxitektura boʻlimi (I. Alimov) obodonlashtirish boshqarmasiga joy ajratilishini va zarur hollarda uni maʼmuriy va ishlab chiqarish binolariga joylashtirish choralari koʻrilsin.
4. Tuman hokimligi (U. Roʻzmetov) obodonlashtirish boshqarmasini malakali mutaxassislar, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari bilan butlashni taʼminlasinlar.
5. Qaror rasmiy nashrda eʼlon qilinsin va davlat hisobiga olish uchun adliya boshqarmasiga taqdim etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim A. MADRAXIMOV
Yangibozor sh.,
2013-yil 31-yanvar,
85-q-son
Tuman hokimining 2013-yil 31-yanvardagi 85-q-sonli qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tuman obodonlashtirish boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom tuman obodonlashtirish boshqarmasining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Obodonlashtirish boshqarmasi Yangibozor tuman hokimining qaroriga binoan tashkil etiladi va tuman hokimligining budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan muassasasi va mustaqil tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
Obodonlashtirish boshqarmasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, xalq deputatlari tuman Kengashi qarorlariga, viloyat, tuman hokimining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Obodonlashtirish boshqarmasi yuridik shaxs hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan dumaloq muhrga, shtamplar va blankka, Yangibozor tuman Gʻaznachilik boʻlimida shaxsiy hisob raqamiga ega boʻladi.
II. Obodonlashtirish boshqarmasining vazifalari va funksiyalari
4. Shaharsozlik hamda sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq obodonlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanish boʻyicha ishlarni, shu jumladan quyidagi ishlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish Obodonlashtirish boshqarmasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
koʻchalar, skvyerlar, xiyobonlar, yodgorlik majmualari va umumiy foydalaniladigan boshqa koʻkalamzor zonalarni koʻkalamzorlashtirish, dov-daraxtlarni parvarish qilish boʻyicha agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish;
yoʻl-koʻprik xoʻjaligini (koʻchalar, yoʻlaklar qatnov qismining yoʻl qoplamasi, bekat koʻtarmalari, yer osti oʻtish joylari, koʻpriklar, transport chorrahalari va yoʻl oʻtkazgichlar, yon bordyurlar, suv chiqarib yuborish tarmoqlari va boshqa sunʼiy inshootlar) saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash;
xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash;
drenaj xoʻjaligini (vertikal va gorizontal quduqlar, ochiq va yopiq kollektorlar, sunʼiy havzalar, yer osti va yomgʻir suvlarini haydaydigan nasos stansiyalari) va favvoralarni saqlash, mukammal, joriy taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlar;
elektr energiyasini tejash maqsadida zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalarni joriy etgan holda yoʻllar va koʻchalarning tashqi yoritish tarmoqlarini saqlash, mukammal va joriy taʼmirlash hamda ulardan foydalanish boʻyicha boshqa ishlar;
nazoratsiz, shu jumladan egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda tutish va tuman veterinariya boʻlimiga olib kelish;
ekologiya meʼyorlariga, sanitariya, shaharsozlik meʼyorlari va qoidalariga hamda boshqa meʼyorlar va qoidalarga muvofiq dafn etish joylari (qabristonlar) va qabr ustiga oʻrnatilgan yodgorliklarni saqlash va ulardan foydalanish;
mavsumiy talablarni hisobga olgan holda obodonlashtirish obyektlarini sanitariya jihatidan tozalash.
Oldingi tahrirga qarang.
qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish va koʻmib tashlash.
(4-band Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimining 2014-yil 28-yanvardagi 89-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
5. Obodonlashtirish boshqarmasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
yashil dov-daraxtlarni parvarish qilish (daraxtlar va butalarga shakl berish, yashil dov-daraxtlarni sugʻorish, oʻsimliklar novdalariga suv purkash, tuproqning meliorativ holatini yaxshilash, begona oʻtlarga qarshi kurashish, oʻsimliklarni kasalliklar va zararkunandalardan kimyoviy va biologik himoya qilish hamda boshqa agrotexnika tadbirlari va ishlarini amalga oshirish);
obodonlashtirish obyektlarining texnik holatini har yili koʻzdan kechirish va baholash, ularning natijalari boʻyicha kamchiliklar dalolatnomalarini hamda mukammal va joriy taʼmirlashning manzilli roʻyxatlarini tuzish;
loyiha-smeta hujjatlariga va belgilangan tartibda tasdiqlangan manzilli roʻyxatlarga muvofiq obodonlashtirish obyektlarini mukammal va joriy taʼmirlashni amalga oshirish yuzasidan pudrat shartnomalari tuzish;
loyiha-smeta hujjatlariga va belgilangan tartibda tasdiqlangan manzilli roʻyxatlarga muvofiq oʻz kuchlari bilan hamda ixtisoslashgan pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladigan obodonlashtirish obyektlarini mukammal va joriy taʼmirlashning bajarilishi yuzasidan nazoratni va texnik nazoratni amalga oshirish;
obodonlashtirish obyektlarining muddatidan oldin eskirishi va buzilishining oldini olish hamda ularni ish holatida saqlash boʻyicha profilaktika tadbirlarini tashkil etish;
bayramlarga, madaniy va siyosiy tadbirlarga, xorijiy mehmonlar va delegatsiyalarning kelishiga tayyorlash davrida tuman koʻchalarini, maydonlarini bezatish;
yoritqichlardagi elektr chiroqlarini, ishdan chiqqan nur taratgichlarni almashtirish, koʻchalar, yoʻlkalar, hududlarning yoritilganlik darajasini oʻlchash, yoritqichlarni oʻz vaqtida yondirish va oʻchirish, tashqi yoritish elektr tarmoqlarini, uskunalar va inshootlarni ularning soz holatdaligi yuzasidan nazorat qilish va texnik koʻrikdan oʻtkazish;
koʻchalar va boshqa joylarda tutilgan nazoratsiz, shu jumladan egasiz itlar, mushuklar va yirtqich hayvonlarni vaqtinchalik saqlash uchun maxsus joylar tashkil etish;
odamlar va hayvonlarga jarohat yetkazgan yoxud ularga kutilmaganda xuruj qilgan hayvonlarni keyinchalik karantin qilish uchun tuman veterinariya boʻlimiga topshirish;
hayvonlarning quturishi sodir boʻlgan taqdirda tuman veterinariya boʻlimi bilan birgalikdagi ishlarni tashkil etish, shuningdek nobud boʻlgan hayvonlarni veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda zararsizlantirish;
qabristonlar hududida zarur tartib va tozalikni taʼminlash, fuqarolarga (tashkilotlarga) ularning buyurtmanomalariga binoan dafn etish uchastkalarini bepul taqdim etish, vafot etganlarni qabrlarni qazish norma va qoidalariga rioya etgan holda dafn etish, fuqarolarning qabristonda koʻrsatiladigan xizmatlarga buyurtmalarini bajarish;
yigʻishtirish-tozalash (supurish, sugʻorish, yuvish, changlarni, qorlarni, muzlarni yoʻqotish, irrigatsiya xoʻjaligi obyektlarini mexanik tozalash va koʻchalarni tozalash-yuvish, eskirgan (qurigan), qirqilgan daraxtlar, shox-shabbalar va barglarni yoʻqotish) ishlari kompleksini amalga oshirish;
Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalarni, avtomatlashtirish va kichik mexanizatsiya vositalarini joriy etish tadbirlarini ishlab chiqish;
Obodonlashtirish boshqarmasi obyektlarida tovar-moddiy boyliklar va elektr energiyasidan oqilona foydalanilishini, unga ajratilgan budjet mablagʻlarini sarflashning samaradorligi va oshkoraligini, ularning hisobga olinishini, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy hisobotlar topshirilishini taʼminlash;
sunʼiy inshootlarda ishlarni olib borishga texnik ruxsatnoma berish, shuningdek qurilayotgan sunʼiy inshootlar va yer ostidan oʻtadigan umumiy muhandislik kollektorlarining holati yuzasidan texnik nazoratni amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish boʻyicha pulli sanitariya-tozalash xizmatlari koʻrsatish;
obodonlashtirish boshqarmasining axlatlarni yigʻish shoxobchalarini va qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq saqlash va ulardan foydalanish;
(5-band Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimining 2014-yil 28-yanvardagi 89-sonli qaroriga asosan oʻn yettinchi va oʻn sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan)
Obodonlashtirish boshqarmasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
III. Obodonlashtirish boshqarmasi faoliyatini tashkil etish
6. Obodonlashtirish boshqarmasiga Yangibozor tuman hokimi qaroriga muvofiq lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
7. Boshliq:
yakkaboshchilik asosida Obodonlashtirish boshqarmasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Obodonlashtirish boshqarmasi vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Obodonlashtirish boshqarmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻrinbosarning, boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, Obodonlashtirish boshqarmasi faoliyatining alohida boʻlimlari (uchastkalari)ga rahbarlik qilish yuzasidan javobgarligi darajasini belgilaydi;
Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining bajarishi uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
shtatlar roʻyxatini tasdiqlaydi, zarurat boʻlganda, Obodonlashtirish boshqarmasi tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni va nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash fondi, shuningdek Obodonlashtirish boshqarmasi xarajatlari smetasi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi, keyinchalik moliya boʻlimida roʻyxatdan oʻtkazadi;
xodimlarni belgilangan tartibda ishga qabul qiladi, ular bilan mehnat shartnomalari (kontraktlari) tuzadi, mehnat shartnomalariga (kontraktlariga) oʻzgartirishlar kiritadi va ularni toʻxtatadi;
Obodonlashtirish boshqarmasi nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi va uning manfaatlarini himoya qiladi, oʻz vakolati doirasida shartnomalar tuzadi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishonchnomalar beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8. Boshliq oʻz huquqlarini amalga oshirishda va vazifalarini bajarishda Obodonlashtirish boshqarmasi manfaatlarini koʻzlab harakat qiladi hamda Obodonlashtirish boshqarmasiga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlanishi, mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan barcha talablarning qondirilishi, ishlab chiqarish faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ehtiyojlarga pul mablagʻlarining oʻtkazilishi, oʻzining xatti-harakati (harakatsizligi) bilan Obodonlashtirish boshqarmasiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan Obodonlashtirish boshqarmasiga berilgan mol-mulk yoʻqolganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
IV. Obodonlashtirish boshqarmasining moliya-xoʻjalik faoliyati
9. Obodonlashtirish boshqarmasining faoliyati:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, har yili mahalliy budjetlar parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
quyidagilardan:
faoliyat sohasi boʻyicha pulli asosda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishdan;
vaqtinchalik foydalanilmayotgan binolar va davlatning boshqa mol-mulkini oʻzga tashkilotlarga ijaraga berishdan;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan koʻrsatiladigan xayriya yordamidan olinadigan qoʻshimcha daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
10. Budjet mablagʻlarini Obodonlashtirish boshqarmasining obodonlashtirish ishlarini bajarish uchun taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining funksional klassifikatsiyasiga muvofiq, tasdiqlangan mahalliy budjet parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
11. Hisobga olishni, statistik va moliyaviy hisobotlarni yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
V. Yakunlovchi qoidalar
12. Obodonlashtirish boshqarmasi hisobot davri tugagandan keyin vakolatli organlarga roʻyxati qonun hujjatlarida belgilangan moliyaviy hisobotlarni va boshqa hujjatlarni taqdim etadi hamda hujjatlarning saqlanishi va ularning belgilangan tartibda davlat tomonidan saqlashga berilishi uchun javob beradi.
13. Obodonlashtirish boshqarmasi faoliyatini nazorat qilish Yangibozor tuman hokimligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14. Obodonlashtirish boshqarmasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Yangibozor tuman hokimi qarori bilan qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Tuman hokimining 2013-yil 31-yanvardagi 85-q-sonli qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Yangibozor tuman obodonlashtirish boshqarmasining
TUZILMASI
(2-ilova matni Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimining 2014-yil 28-yanvardagi 89-sonli qarori tahririda)
(“Yangibozor koʻzgusi” gazetasi, 08.02.2013-y., 3-son)