Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Arxitektura ishlari va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-sentabrdagi 755-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi — Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbarining funksional vazifalari hamda Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yagona arxitektura-shaharsozlik siyosati amalga oshirilishini, vakolatli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shaharsozlik faoliyati sohasida ularga yuklangan vazifalar bajarilishini taʼminlash, aholi punktlarini kompleks rivojlantirish yuzasidan qabul qilinayotgan loyiha yechimlari darajasi va sifatini oshirish, shuningdek qurilish ishlari sifati ustidan zarur nazorat oʻrnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati xodimlarining umumiy soni doirasida xodimlari soni 5 nafar boʻlgan Arxitektura ishlari va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Arxitektura ishlari va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
a) arxitektura sohasida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, ularning hududiy boʻlinmalari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan amaliy nazoratni taʼminlash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, hududiy arxitektura va qurilish boʻlinmalari tomonidan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashga doir belgilangan talablarga rioya etilishini, ular tomonidan tasdiqlangan bosh rejalar, shaharlar va boshqa aholi punktlarini qurish, rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish boʻyicha maqsadli hududiy investitsiya dasturlari izchil amalga oshirilishini nazorat qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, ularning hududiy boʻlinmalari, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi hamda Aholi punktlarini kompleks qurishni nazorat qilish komissiyasi qarorlari ijro etilishini nazorat qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan shaharsozlik hujjatlari davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini tashkil etish va oʻtkazish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish;
shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga, atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik hamda sanitariya normalari va qoidalari talablariga rioya qilinishi holatini har tomonlama oʻrganish;
shaharsozlik faoliyati samaradorligini oshirish, aholi punktlari bosh rejalarining asosiy qoidalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
aholi punktlarini qurishda va arxitektura yechimlarini qabul qilishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari qoʻpol ravishda buzilishiga yoʻl qoʻyganligi uchun tegishli mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan taʼminlash, bosh rejalarni ishlab chiqishda ustuvor yoʻnalishlarga rioya etilishi yuzasidan bosh loyihalashtirish tashkilotlarining faoliyatini nazorat qilish;
b) qurilish ishlari sifatini nazorat qilish sohasida:
shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan belgilangan tartibda ruxsat olmasdan loyiha-smeta hujjatlarini bir vaqtda ishlab chiqqan va moliyalashtirgan holda obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻrish;
obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish tartibiga qoʻyiladigan texnik talablarga rioya qilinishi, buyurtmachilar (quruvchilar) tomonidan loyihalashtirish nazorat qilinishi, qurilishning sifati ustidan texnik nazorat amalga oshirilishi, shuningdek obyektni qurish va rekonstruksiya qilish uchun shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha mualliflik nazoratining holatini belgilangan tartibda oʻrganish;
qurilish sohasida ruxsat beruvchi tartibotlarni amalga oshirishning belgilangan tartibiga vakolatli davlat organlari tomonidan rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlash;
noqonuniy qurilishning, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalaridan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olish va bunga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tegishli hududda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari buzilgan holda amalga oshirilayotgan shaharsozlik faoliyatini belgilangan tartibda cheklash, toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash chora-tadbirlarini koʻrish;
qurilishda zamonaviy mahalliy qurilish materiallaridan foydalangan holda ilgʻor texnologiyalar va yangi konstruktiv yechimlar qoʻllanilishini oʻrganish va tahlil qilish, qurilish obyektlarining yuqori sifatini taʼminlashga va ularning qiymatini pasaytirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining Loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy inspeksiyalari faoliyatini ularga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi yuzasidan oʻrganish;
qurilish obyektlarini qurilish-montaj ishlarining sifati va zarur arxitektura-qurilish nazorati taʼminlanishi yuzasidan tekshirish;
qurilish obyektlarini qabul qilish dalolatnomalarini tasdiqlash yuzasidan Hukumat qarorlari loyihalarini koʻrib chiqish va kelishish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 23-iyuldagi PQ-2374-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining boshqaruvchisi S.X. Bekenov:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining shtatlar jadvaliga ushbu qarorga muvofiq oʻzgartirishlar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti hamda Arxitektura ishlari va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomlarni bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining boshqaruvchisi S.X. Bekenov bir oy muddatda Arxitektura ishlari va qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasini chuqur bilimlarga hamda arxitektura va qurilish sohasida amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi ikki hafta muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I.Zakirov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining boshqaruvchisi S.X.Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 5-noyabr,
296-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 23-iyuldagi PQ-2374-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 45-son, 590-modda; 2014-y., 17-son, 196-modda)