Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
ROSSIYA FEDERATSIYASI DAVLAT DUMASI BELOVEJ BITIMLARINI BIR TOMONLAMA BEKOR QILISH TOʻGʻRISIDA QAROR QABUL QILINGANLIGI HAMDA SOBIQ SOVET HUDUDIDAGI DAVLATLARARO MUNOSABATLARDA YUZ BERAYOTGAN AYRIM JARAYONLAR MUNOSABATI BILAN OʻZEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI, QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI JOʻQORGʻI KENGESI VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ DEPUTATLARI KENGASHLARINING QOʻSHMA QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari Kengashlari Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Belovej bitimlarini bir tomonlama bekor qilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi, Belorussiya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasi hamda Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisida shartnoma, shuningdek Belorussiya va Rossiya oʻrtasida hamjamiyat tuzish haqida shartnoma imzolanganligi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilib, qaror qiladilar:
1. Qayd etilsinki, Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasining mohiyatiga koʻra SSSRni qayta tiklashga qaratilgan qarori gʻayriqonuniy boʻlib, xalqlarning suvereniteti va oʻz taqdirini oʻzi belgilash hamda tashqaridan aralashuvsiz oʻz kelajagini oʻzi hal etish huquqi mustahkamlab qoʻyilgan xalqaro huquqning umum eʼtirof etgan normalari va prinsiplarini qoʻpol suratda buzadi.
Oʻzbekiston parlamenti mamlakat koʻp millatli xalqining xohish-irodasini bajara borib, 1991-yil 31-avgustda, Belovej bitimlari tuzilishidan ancha ilgari Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi. Bu mustaqillik 1991-yil 29-dekabrdagi umumxalq referendumida ham tasdiqlanib, unda fuqarolarning 98,2 foizi oʻz davlatlarining mustaqilligi va suverenitetini qatʼiy yoqlab ovoz berdi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning mazkur voqealar yuzasidan bildirgan fikr va xulosalari qoʻllab-quvvatlansin. Davlatlararo integratsiya va kooperatsiyaning Prezident tomonidan bayon etilgan beshta sharti barcha davlat tuzilmalarining bu boradagi amaliy faoliyati uchun asos tariqasida maʼqullansin.
3. Shu narsa taʼkidlab oʻtilsinki, u yoki bu suveren davlatning “chuqur integratsiya” deb atalmish turli bitimlar yoki shartnomalarga qoʻshilishi, integratsiyalashgan davlatlarning har xil hamjamiyatlarini tuzish har bir alohida davlatning erkin huquqi, ichki ishidir.
4. Sobiq Ittifoqni har qanday shaklda, u Yevroosiyo Ittifoq boʻladimi, federatsiya yoki konfederatsiya boʻladimi, qayta tiklashga qaratilgan hamda millatlar ustidan turuvchi tuzilmalar yaratishni nazarda tutadigan davlatlararo ittifoqlar va birlashmalarda ishtirok etish suveren, mustaqil davlatning maqomiga zidligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi uchun maqbul emas deb hisoblansin.
Integratsiya niqobi ostida bugungi kunda suveren va mustaqil davlatlarni hamda ularning xalqlarini oʻtmishga qaytarish, totalitar, maʼmuriy-buyruqbozlik tizimini va kommunistik mafkurani qayta tiklashga qaratilgan tashabbuslar va intilishlar ayniqsa xavflidir.
5. Oʻzbekiston Respublikasining barcha manfaatdor tuzilmalari MDH doirasida integratsiya jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va ayniqsa Markaziy Osiyo mintaqasida bu munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish tadbirlarni koʻrish zarur deb hisoblansin.
Integratsiya teng huquqlilik asosida va oʻzaro foydali boʻlishi, har biri oʻz kuchi va imkoniyatiga tayanadigan hamda xalqaro eʼtirof etilgan normalarga muvofiq shaxsiy va umumiy manfaatlar yoʻlida boshqa mamlakatlar bilan ixtiyoriy hamkorlik qiladigan davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va erkinligini kamsitmasligi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun uni qarama-qarshi turuvchi bloklarga qaytarishga hamda uning jahon hamjamiyatiga qoʻshilish sari intilishini cheklashga qaratilgan urinishlar ham mutlaqo nomaqbuldir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari Kengashlari butun xalqning xohish-irodasini ifodalab, shuni maʼlum qiladilarki, Oʻzbekiston oʻzi tanlab olgan, mustaqil demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo etishga, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvga qaratilgan yoʻldan hech qachon qaytmaydi va oʻz mamlakatining gullab-yashnashini, uning barcha fuqarolari munosib turmush kechirishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1996-yil 25-aprel,
214-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-con, 52-modda)