Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
Ichki ishlab chiqarish transportidan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 2-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2511]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Ichki ishlab chiqarish transportidan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 30-avgust,
66-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2013-yil 30-avgustdagi 66 B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlab chiqarish transportidan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) hamda 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq, ichki ishlab chiqarish transportidan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar ichki ishlab chiqarish transportidan foydalanish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish boʻyicha xavfsizlikka oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Xavfsizlikka qoʻyiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha boʻlimni oʻz ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish oʻrinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish oʻrinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha maʼmuriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari boʻyicha mehnatni muhofaza qilish yoʻriqnomalari.
6. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
9. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
10. Tashkilot xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha oʻqitilishi, bilimlari sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
11. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi. Xodimlarni ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbari zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
13. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat tashkilotlari zararli moddalarining yoʻl qoʻyiladigan chiqarishlarini oʻrnatish qoidalari” boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlarini attestatsiya qilish orqali aniqlanishi lozim.
15. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish asbob-uskunalarini joriy qilishda tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
16. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 35-son, 407-modda) asosida amalga oshirilishi lozim.
17. Tashkilot rahbari kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud boʻlmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda, ushbu xodim ishga qoʻyilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Davriy tibbiy koʻriklarning oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilishi va ularning natijalariga koʻra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbari zimmasiga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
III bob. Ichki ishlab chiqarish transportlarini xavfsiz harakatini tashkillashtirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
22. Ichki ishlab chiqarish transporti yoʻllari, tashkilotning ishlab chiqarish maydonchalari, binodan tashqaridagi ishlash joylari KMK 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Proyektlash meʼyorlari” boʻyicha yoritilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Ichki ishlab chiqarish transport yoʻllarida taʼmirlash ishlarini oʻtkazish joylarida, transheyalarda va chuqurlarda GOST 10807-78 “Yoʻl belgilari. Umumiy texnik shartlar” va GOST SSBT 12.4.026-76 “Signal ranglari va xavfsizlik belgilari” talablariga muvofiq, yoʻl belgilari, signalizatsiya va toʻsiqlar mavjud boʻlishi lozim.
24. Ichki ishlab chiqarish transporti yoʻllari tekis hamda qor, muz va axlatlardan tozalangan boʻlishi kerak. Qish mavsumida ichki ishlab chiqarish transport yoʻllariga qum, shagʻal va ular oʻrniga ishlatiladigan materiallar sepish kerak.
25. Tashkilotda ichki ishlab chiqarish transporti yoʻllarining holatiga javobgar shaxs tayinlangan boʻlishi kerak.
26. Temir yoʻllar bilan boshqa yer usti ichki ishlab chiqarish transporti yoʻllari kesishgan joylarda shlagbaumlar, ogohlantiruvchi tovushli va yorugʻlik signalizatsiyasi oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
27. Ichki ishlab chiqarish transport yoʻllarida erkin harakatga toʻsqinlik qiladigan buyumlar boʻlmasligi kerak.
28. Ichki ishlab chiqarish transportining tormoz yoʻli 12 km/s tezlikda 1,5 m, 6 km/s tezlikda 1 m, 3 km/s tezlikda 0,5 m boʻlishi kerak.
29. Koʻpi bilan 200 qiyalikdagi yoʻllarda gʻildirakli relssiz ichki ishlab chiqarish transportning harakatlanishiga ruxsat berilmaydi.
IV bob. Elektrokara va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlarni ishlatishda xavfsizlik talablari
30. Elektrokara va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlardan foydalanish chogʻida haydovchi:
har kuni boshqarish richagi va tormoz sistemasini tekshirishi;
vaqti-vaqti bilan rul boshqaruvi mexanizmi, nazorat qurilmasining yoyiladigan qismi, tormoz richaglari va ressorlarini koʻzdan kechirishi va moylashi;
besh kunda bir marotaba nazorat qurilmasini tekshirishi;
yedirilgan tormoz kolodkalarini oʻz vaqtida almashtirishi lozim.
31. Koʻtarma platformali elektrokara va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlardan foydalanganda, haydovchi koʻtarish mexanizmi tuzilishini bilishi lozim.
32. Ish tugaganidan soʻng, tanaffus paytida yoki haydovchi yoʻqligida elektrokara va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlar motori oʻchirilgan boʻlishi va asosiy yoqish moslamasi hamda nazorat qurilmasi qulflangan boʻlishi lozim.
33. Elektrokaralar va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlarda odamlarni tashish man etiladi.
34. Elektrokaralar va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlarning old tomonga agʻdarilishining oldini olishi maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
meʼyoridan ortiq yuklarni tashish;
yuk olib ketilayotgan elektrokarani tezda toʻxtatish.
35. Elektrokaralar va akkumulyatorli elektrodvigatelli avtoyuklagichlarning yon tomonga agʻdarilishining oldini olish maqsadida kichik radiusda katta tezlik bilan burilish taqiqlanadi.
V bob. Tortma organli koʻtarma-transportlardan (konveyerlar) foydalanishda xavfsizlik talablari
36. Tortma organli koʻtarma-transportlardan (konveyerlar) foydalanish GOST SSBT “Ishlab chiqarish konveyerlari” talablari asosida amalga oshiriladi.
37. Tortma organli koʻtarma-transportlarning (konveyerlar) qurilmalari va yordamchi moslamalarini ish boshlanishidan oldin boʻsh yoʻlda sinab koʻrish lozim.
38. Elektrdastgohi va elektr qurilmalarining tok oʻtkazuvchi qismlari mustahkam izolyatsiya qilingan va oʻralgan boʻlishi lozim.
39. Ish sharoitiga bogʻliq ravishda tortma organli koʻtarma-transportlar (konveyerlar) chiroqli yoki ovozli signalizatsiyaga ega boʻlishi hamda ularning signallari yaxshi koʻrinishi va eshitilishi lozim.
40. Tezkor toʻxtash uchun tortma organli koʻtarma-transportlarda (konveyerlar) har birining oraligʻi 20 m boʻlgan qizil rangli tezkor toʻxtatish tugmasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
41. Bir vaqtning oʻzida bir necha tortma organli koʻtarma-transportlar (konveyerlar) ishlaganda, ularni boshqarish markazlashtirilgan boʻlishi lozim.
42. Tortma organli koʻtarma-transportlarning (konveyerlar) oʻqli aylanalari va oʻqli qurilmalari mustahkam oʻralgan boʻlishi lozim.
43. Tortma organli koʻtarma-transportlarning (konveyerlar) tortuvchi zanjirlari butun uzunligi boʻyicha gʻilofga solingan boʻlishi lozim.
44. Tortma organli koʻtarma-transportlarning (konveyerlar) yuklarni tashishga moʻljallangan aravachalarida tormoz boʻlishi lozim.
VI bob. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
45. Tashkilotning taʼmirlash xizmati ichki ishlab chiqarish transportlarini mehnat xavfsizligi standartlari, ularning texnik pasportlari va texnik yoʻriqnomalari talablariga mosligini taʼminlashi kerak.
46. Tashkilot tomonidan ichki ishlab chiqarish transportlarining zarur texnik holatini saqlab turish uchun xizmat koʻrsatish sifati yaxshilanishi, rejali-profilaktik taʼmirlash qatʼiy bajarilishi va taʼmirlash ishlari sifatining yaxshilanishi boʻyicha tegishli choralar koʻrilishi lozim.
47. Ichki ishlab chiqarish transportlarini kapital va joriy taʼmirlash belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Ishlarni tashkil etish loyihalarida taʼmirlashni oʻtkazishga javobgar shaxslar, shuningdek taʼmirlash ishlarining tartibi va xodimlarning xavfsizligini taʼminlovchi choralar koʻrilishi lozim.
48. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazish muddati tashkilotning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan yillik rejali-taʼmirlash jadvaliga asosan belgilanadi.
49. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazishda ishlarning bajarilishi texnologik ketma-ketlikda koʻrsatilishi kerak. Bunda quyidagilar koʻrsatilishi zarur:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
taʼmirlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna va anjomlar turlari;
taʼmirlangan ichki ishlab chiqarish transportlari va ular qismlarining texnik talablarga javob berishi.
50. Taʼmirlash jihozlari va uskunalari ishlash uchun qulay joylashtirilishi va ish holatida oson oʻrnatilib yechilishi lozim.
51. Dastgohlar, stollar va stellajlar mustahkam oʻrnatilishi va ishlash uchun qulay balandlikka ega boʻlishi lozim.
52. Dastgohlar sirti silliq material (poʻlatli va alyuminli list, linoleum) bilan qoplangan boʻlishi lozim.
53. Dastgohdagi iskanjalar orasidagi masofa 1 m boʻlishi va dastgohning eni 0,75 m dan kam boʻlmasligi hamda dastgohlar oraligʻiga 1 m dan kam boʻlmagan himoya toʻri oʻrnatilishi lozim.
54. Qoʻl asboblari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
yogʻoch soplar yogʻochning qattiq va qayishqoq navlaridan qilinishi hamda silliqlangan va mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi;
instrumentning ish qismida yoriqlar, gʻadir-budurlar va singan joylari boʻlmasligi.
55. Qoʻl omburi va qaychilarining silliq va ichki tomonida qoʻlni siqib qoʻyishdan himoyalaydigan tayanchi boʻlishi lozim.
56. Qoʻl asboblari himoya qoplamasi bilan qoplangan boʻlishi lozim.
57. Elektr taʼminoti toʻxtatilgan yoki tanaffus vaqtida elektr dastgoh elektr tokidan uzilgan boʻlishi lozim.
58. Elektr dastgohda nosozliklar aniqlangan taqdirda, ish darhol toʻxtatilishi kerak.
59. Siqilgan havo bilan ishlaydigan elektr dastgohlari bilan ishlashda ularni chang, nam va neft mahsulotlari taʼsiridan saqlash lozim.
60. Dastgohlarni yigʻish, qayd etish, biriktirish elementlarini qisish, qotishma, flyus qoplash va boshqa yigʻma detallarni oʻrnatish maxsus qoʻllanma asosida texnologik hujjatlarda koʻrsatilgan tartibda amalga oshirilishi lozim.
61. Elektr uskunalari va jihozlarini taʼmirlashdan soʻng, asbob-uskunani ishga tushirishga, tashkilot bosh mexanigi, mehnat muhofazasi xizmati xodimi, kasaba uyushmasi vakili va bosh muhandis tasdiqlaydigan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan soʻng ruxsat beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
62. Taʼmirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, toʻsiqlar, saqlovchi blokirovka moslamalari oʻz joyiga oʻrnatilishi kerak.
VII bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
63. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
64. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(64-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
VIII bob. Yakuniy qoida
65. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2013-yil 27-avgust
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2013-yil 27-avgust
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 27-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 27-avgust
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2013-yil 27-avgust
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. KURBANOV
2013-yil 27-avgust
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2013-yil 27-avgust
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi raisi A. ABDUVALIYEV
2013-yil 27-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 40-son, 534-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 07.05.2026-y., 10/26/2511-1/0462-son)