Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KIChIK VA OʻRTA TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRIShGA KOʻMAKLAShUVChI JAMGʻARMANI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 26-iyuldagi PF-1208 “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi (biznes-fond)ni tashkil etish haqida”gi Farmonga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlarini rivojlantirishni, bozorga xizmat koʻrsatuvchi tarmoqlarni takomillashtirishni, kichik va oʻrta tadbirkorlikka taʼsirchan moddiy va moliyaviy yordam berishni kuchaytirish maqsadida, shuningdek respublika tadbirkorlarining koʻpgina murojaatlarini hisobga olib:
1. Oʻzbekiston Respublikasida kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi jamgʻarmani taʼsis etish toʻgʻrisidagi “Ipak yoʻli” va “Agroxizmat” aksionerlik jamiyatlari, Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkor” aksionerlik-tijorat banki, “Rustambank” universal tijorat banki, “Yuniteks Interneyshnl” va boshqa qoʻshma korxonalarning takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar taʼsis etilgan Jamgʻarmaning asosiy vazifalari ekanligi inobatga olinsin:
kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, bozorga xizmat koʻrsatuvchi tarmoqlarni shakllantirish yoʻli bilan bozor munosabatlarini bosqichma-bosqich rivojlantirish sohasida davlat siyosatini oʻtkazishga koʻmaklashish;
mahsulot va xizmatlar bozorini oʻrganish, Jamgʻarmaning moliyaviy mablagʻlarini birinchi navbatda taqchil xalq isteʼmoli mollari va jihozlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik tuzilmalariga, shuningdek yangi ish joylarini vujudga keltirishga, chetdan keltiriladigan mahsulot oʻrnini qoplash va eksportni kengaytirish tadbirlarini amalga oshirishga, ishlab chiqarishni koʻpaytirish va respublikaning bozorlarini mollar bilan toʻldirishga ajratish;
kichik va oʻrta tadbirkorlik tuzilmalarining innovatsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, raqobatbardoshli tayyor mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni ragʻbatlantirish, muayyan loyihalarni amalga oshirish uchun respublikamizning va xorijiy sarmoyalarni jalb etish;
tadbirkorlik tuzilmalarining ularga Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlarni samarali foydalanish ustidan nazorat qilishning mexanizmini ishlab chiqish.
3. Kichik va oʻrta tadbirkorlikni vujudga keltirishda davlat yoʻli bilan moddiy va moliyaviy yordam berish uchun jamgʻarmani tashkil etishga Vazirlar Mahkamasi zaxirasidan 500 million soʻm ajratilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida taʼsischilarning Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish va uning ishini davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash haqidagi takliflarini koʻrib chiqsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 21-iyul,
PF-629-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 7-son, 279-modda)